Amerikalik sobiq harbiy xizmatchi Rossiya foydasiga josuslik qilishda ayblanmoqda
Virjiniya shtati federal prokuraturasi AQSh armiyasining maxsus topshiriqli kuchlarining sobiq harbiy xizmatchisi Piter Debbinsga Rossiya foydasiga josuslik qilish bo‘yicha ayblov e'lon qildi. Adliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, u o‘z ixtiyori bilan Rossiya harbiy razvedkasiga yordam ko‘rsatishga qaror qilgan.
«Yashil beretlar» deb ataluvchi maxsus kuchlarning sobiq a'zosi juma kuni Virjiniya shtatining Geynsvill shaharchasidagi uyida qo‘lga olingan.
Ayblovchi tomonning tasdiqlashicha, ayni vaqtda 45 yoshda bo‘lgan Piter Rafayel Dzibinski Debbins o‘z xizmatini 1996 yildayo Rossiya harbiy razvedkasiga taklif etgan va o‘zini «Rossiya farzandi» deb hisoblashi va unga xizmat qilishga tayyorligini aytgan.
«Debbins Qo‘shma shtatlar dunyoda haddan tashqari ortiq darajada dominantlik qilmoqda va buni cheklash kerak deb hisoblagan», deyiladi prokuratura xabarida.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Debbins rossiyaliklar bilan 1996 yildan, Minnesotadagi Universitetda talaba bo‘lgan vaqtdan 2011 yilgacha aloqada bo‘lgan. Prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, u 1997 yilda Rossiya foydasiga ishlashga roziligini tasdiqlovchi hujjatni imzolagan, unga Ikar Leshnikov nomi berilgan.
Avvaliga Debbins yetkazilayotgan axborotlar uchun pul olishdan bosh tortgan, ammo keyinroq ma'lum miqdorda haq olishga rozi bo‘lgan. Bu mablag‘ miqdori aniq keltirilmagan.
Ayblanuvchining onasi sobiq sovet ittifoqi hududida tug‘ilgan, u o‘zining bo‘lajak rafiqasini Chelyabinskka safar vaqtida uchratgan. Ular 1997 yilda turmush qurishgan.
Armiyadagi xizmat vaqtida Debbins avvaliga maxfiy ma'lumotlarga, keyinroq mutlaqo maxfiy ma'lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lgan.
1998 yilda Janubiy Koreyadagi «yashil beretlar» kimyoviy mudofaa bo‘limiga tayinlangan, keyin Ozarboyjon va Gruziyada xizmat qilgan. Prokuraturaning hisoblashicha, u Rossiya tomoniga ushbu bo‘linmalar haqida, shu jumladan zobitlarning ism-shariflari haqidagi ma'lumotlarni, shuningdek ularning sobiq SSSR respublikalardagi faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yetkazgan.
2008 yilda u iste'foga chiqqan, ammo yana bir necha yil davomida Rossiya harbiy razvedkasi bilan aloqani davom ettirgan.
Debbinsning hibsga olinishi bir hafta ichida AQShdagi ikkinchi josuslik holati bo‘yicha hibs bo‘ldi. Avvalroq AQSh adliya vazirligi Havayida Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Xitoy foydasiga josuslik qilishda ayblanib qo‘lga olinganini ma'lum qilgandi.
Virjiniyada sobiq «yashil beret» ishi bo‘yicha ilk sud ishi 24 avgust kuni o‘tkaziladi. Debbins umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.
Mavzuga oid
10:03 / 08.11.2024
AQSh fuqarosi GFRda XXR foydasiga josuslikda ayblanib ushlandi
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
13:50 / 10.10.2024
GFR davlat xizmatchilari va infratuzilma xodimlarini tekshirishni kuchaytiradi
00:21 / 27.09.2024