Jahon | 14:38
1423
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda josuslikda gumonlangan jurnalist ayol ushlandi

UXX ma’lum qilishicha, ushlangan shaxs boshqa narsalar qatori Ukraina tomonida jang qilayotgan Rossiya va Belarus fuqarolari haqida ma’lumot to‘plagan. Idoraga ko‘ra, jurnalist ayol Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasiga ham yaqinlashishga uringan.

Foto: Ukraina Xavfsizlik xizmati

Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) va Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi Kiyevda Belarus foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanayotgan jurnalist ayolni qo‘lga oldi. UXX Telegram-kanalida seshanba, 27 yanvar kechqurun e’lon qilingan xabarda: “Ko‘p bosqichli maxsus operatsiya natijasida Kiyevda 2015 yildan beri BR KGB uchun ishlab kelgan, qattiq maxfiylangan josus ushlandi. Ish materiallariga ko‘ra, 2020 yilda u Minskdan Ukrainada agentlik faoliyatini olib borish uchun yuborilgan”, — deyiladi.

Gumonlanuvchi yashash joyi yaqinida ushlangan, undan “yopiq ma’lumotlarni qayd etgan smartfon va diktofon” olingan. Unga Ukraina Jinoyat kodeksining 114-moddasi 1-qismi (josuslik) bo‘yicha gumon (ayblov) e’lon qilingan, bu modda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.

Ushlangan shaxsning familiyasi hozircha rasman oshkor qilinmagan. Biroq, DW’ning Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalariga ko‘ra, gap Inna Kardash haqida ketmoqda. Belarusdagi “Nasha Nіva” nashri yozishicha, Kardash 2012–2015 yillarda “Yunayted kompani” va “Maksbet” kompaniyalarida ishlagan, 2018–2019 yillarda esa “Tutbaymedia” bilan hamkorlik qilgan. Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma’lumotiga ko‘ra, u, shuningdek, OAVda Putinga yaqin shaxs deb ataladigan Viktor Medvedchukka tegishli, sanksiyalar ostida bo‘lgan “112” telekanalida ham ishlagan.

2020 yilda Inna Kardash Belarusda “Ukraina” telekanalida ishlagan, keyin esa “Interfaks” axborot agentligiga ishga joylashgan. “Interfaks-Ukraina” saytida uning ism-familiyasi bilan imzolangan materiallar bor. “Interfaks-Ukraina” agentligi allaqachon Kardash 2021 yil iyun oyidan 2024 yil sentabr boshigacha tahririyatda muxbir bo‘lib ishlaganini tasdiqladi. Agentlik xabariga ko‘ra, 2024 yil noyabrda u “butunlay ishdan bo‘shatilgan”, shundan so‘ng “agentlik u bilan hech qanday aloqada bo‘lmagan”.

35 yoshli ayol 27 yanvar kuni ushlangan. Huquq-tartibot idoralari qayd etishicha, u jurnalistlik faoliyati va OAVdagi hamkasblarining aloqalaridan “ukrain siyosatchilari, harbiylari va xorijiy diplomatlar orasida shaxsiy kontaktlarini kengaytirish” uchun foydalangan. “Keng ko‘lamli hujum davrida agent kuratori unga qo‘shimcha yo‘riqnoma olish uchun YeI davlatlaridan biriga borish topshirig‘ini bergan. Ayol chegaradan o‘tishni tibbiy tekshiruv bahonasi bilan amalga oshirgan”, — deyiladi xabarda.

UXX ma’lumotiga ko‘ra, yo‘riqnoma vaqtida ehtimoliy josus ayolga Rossiyaga qarshi mudofaa kurashida Ukrainaga yordam berayotgan Rossiya va Belarus fuqarolari haqida ma’lumot yig‘ish vazifasi yuklatilgan. “Shuningdek, agentga Belarus KGB tomonidan mamlakatdagi Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi mansabdorlari bilan norasmiy aloqalar o‘rnatish va Ukrainadagi Xitoy diplomatlarining faoliyati haqida razvedka ma’lumotlari to‘plash vazifasi ham berilgan”, — deb da’vo qiladi maxsus xizmat.

Xabarda aytilishicha, Kiyevga qaytgach, ayol Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasining shtab bo‘linmalaridan biriga ishga joylashishga uringan. “Josus o‘z vaqtida fosh etilgani tufayli UXX va Bosh razvedka boshqarmasi xodimlari Belarus agenti bilan uzoq muddatli operativ o‘yin olib borishni boshladi. Bu nafaqat uning har bir qadamini hujjatlashtirishga, balki u orqali Belarus maxsus xizmatiga muntazam ravishda dezinformatsiya berishga imkon yaratdi”, — deyiladi UXX bayonotida. Ukraina huquq-tartibot idoralari, shuningdek, KGB agentura apparatiga yollash uchun ehtimoliy nomzodlarni tanlashga bo‘lgan urinishlarni ham qayd etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid