Jahon | 23:00 / 11.03.2026
8565
4 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy Yevropada AQSh-Eron urushining birinchi kunida sirli radiostansiya ishga tushdi

U efirga faqat fors tilidagi raqamlar to‘plamini uzatmoqda. Aftidan, MRB Erondagi agentlarga boshqa aloqa turlari bo‘lmagani holda xabarlarni shunday yetkazmoqda.

Foto: Financial Times

AQSh va Isroilning Eronga hujumi kuni G‘arbiy Yevropada fors tilidagi yangi raqamli radiostansiya ish boshladi, deb yozdi Financial Times. Nashr tomonidan so‘ralgan ekspertlarning fikricha, shu tariqa AQSh Eron ichidagi o‘zining chuqur yashirin agentlari bilan aloqani saqlab qolmoqda.

Raqamli radiostansiyalardan o‘nlab yillar davomida butun dunyo bo‘ylab maxfiy xabarlarni uzatish uchun maxsus xizmatlar va harbiylar foydalanib kelmoqda. Operator raqamli kodni efirga o‘qib beradi, agent esa signalni oddiy radio orqali qabul qiladi va o‘ziga oldindan ma’lum bo‘lgan kalit yordamida uning mazmunini ochadi.

Bunday uzatish usuli o‘ta sodda, ishonchli va xavfsiz hisoblanadi. Signalni yuzlab kilometr masofadan olish mumkin, buning uchun faqat radio va bloknot kerak - aslida, agentni faqat xabar mazmunini o‘qish paytida jinoyat ustida qo‘lga olish orqali fosh qilish mumkin. Chastotalarni so‘ndirishdan boshqa stansiyalarga qarshi kurashishning samarali usullari mavjud emas. Dunyodagi istalgan odam translatsiyaga moslashishi mumkinligi ham muammo emas - kalitsiz xabarni ochiqlab bo‘lmaydi.

Sovuq urush davrida raqamli radiostansiyalar ayniqsa mashhur edi, ammo keyinchalik maxsus xizmatlar internetga asoslangan shifrlangan xabarlarni uzatishning yanada zamonaviy usullaridan foydalana boshladi.

Yangi radiostansiya o‘zining birinchi signallarini 28 fevralda uzatdi: ular fors tilida «e’tibor» so‘zi bilan boshlanib, keyin raqamlar terildi. Signallar kuniga ikki marta - Tehron vaqti bilan 5:30 va 21:30 da har biri bir yarim soat davom etgan. Ish boshlanganidan ko‘p o‘tmay, radiostansiyalar uzilishlar bilan ishlay boshladi - ekspertlarning fikriga ko‘ra, Eron ularni o‘chirishga harakat qilgan. Biroq oradan bir necha kun o‘tgach, radiostansiya shunchaki yangi chastotaga o‘tdi.

Financial Times bilan suhbatlashgan ekspertlarning ta’kidlashicha, stansiya urushning birinchi kunida, Eron hukumati mamlakatning tashqi dunyo bilan aloqalarini keskin cheklaganida ish boshlagan. Ehtimol, shu sababli radioeshittirish agentlarga shoshilinch ma’lumot yetkazishning yagona usuli bo‘lib qolgan.

«Ehtimol, bu Eron ichidagi manbalarimiz uchun zaxira aloqadir. Ular aloqani uzmaslik kerak bo‘lgan odamlar. Agar siz jang qilmoqchi bo‘lsangiz, bu mukammal zaxira varianti», dedi Markaziy razvedka boshqarmasining Moskvadagi bo‘linmasi sobiq rahbari Jon Sifer.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi uchun Eron operativ ish olib borishga eng qiyin mamlakatlardan biri hisoblanadi, chunki bu mamlakatda AQSh elchixonasi yo‘q, bu esa diplomatik missiya niqobi ostida standart razvedka amaliyotini imkonsiz qiladi. Shuning uchun Eron bilan bog‘liq vaziyatda agentlar bilan masofadan turib aloqa o‘rnatishning ishonchli mexanizmlari AQSh uchun alohida ahamiyatga ega.

«Agar Eron yoki Shimoliy Koreya bilan ishlagan bo‘lsangiz, [raqamli radiostansiyalar kabi] narsalar siz uchun g‘ayrioddiy bo‘lmaydi. Bu haqiqatan ham ishlaydigan eski modellardan biri», dedi Jon Sifer.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid