O‘zbekiston | 16:06 / 24.08.2020
16285
9 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni qoniqarli deyish mumkin – ekspert

Kun.uz saytining navbatdagi mehmoni Andijon davlat tibbiyot instituti davolash (amaliyot) ishlari bo‘yicha prorektori Bahromjon Mirzakarimov bo‘ldi. Shifokor bilan viloyatda koronavirus bilan kurashish jarayoni haqida suhbatlashdik.

– Bahromjon Halimjonovich, ayni paytda Andijon viloyatida vaziyat qanday? “Yuqori cho‘qqi”(pik)dan o‘tildimi yoki hali ham vaziyat og‘irlashishda davom etmoqdami?

– Koronavirus pandemiyasi dunyo hamjamiyati birdam kurashayotgan ko‘rinmas yov bo‘lib, O‘zbekistonda ham unga qarshi samarali kurashib kelinmoqda. Davlatimizda olib borilayotgan samarali ishlar sabab bugungi kunda yurtimiz va xususan Andijon viloyatidagi holatni qoniqarli deb hisoblasak bo‘ladi, Hozirda viloyatimizda ushbu kasallikni davolash ko‘rsatkichi 97 foizni tashkil etmoqda. Bu xulosaga kelishimizga albatta bir necha omillarni sabab qilib keltirishimiz mumkin. Bulardan eng asosiysi, kasallikka qarshi viloyatimizda nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, balki butun davlat va nodavlat tashkilotlari hamjihatlikda kurashishmoqda.

– Pandemiya sharoitida institutda kadrlar tayyorlash jarayoni qanday kechgani haqida so‘zlab bersangiz.

– Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari Sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda Andijon davlat tibbiyot instituti bilan birgalikda 2020 yil mart oyidan boshlab koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha jami 9651 nafar tibbiyot xodimlari qisqa muddatli kurslarda onlayn usulda o‘qitildi. Shundan 3627 nafarini shifokorlar, 3799 nafarini o‘rta tibbiyot xodimlari, 1426 nafarini kichik tibbiy xodimlar, 95 nafarini magistratura talabalari, 269 nafarini klinik ordinatorlar, 435 nafarini bitiruvchilar tashkil qiladi.

Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan 2020 yil 27 iyuldan “pulmonologiya” mutaxassisligi bo‘yicha onlayn usuldagi qisqa muddatli kurslarda 252 nafar Andijon viloyati DPMlari shifokorlari va 22 nafar Namangan viloyati Davolash profilaktika muassasalari (DPM) shifokorlari, jami 274 nafar shifokor o‘qitildi. Bundan tashqari, Andijon davlat tibbiyot institutining 69 nafar professor-o‘qituvchilari va 129 nafar tibbiyot kollejlari o‘qituvchilari ham shu yo‘nalishda malaka oshirdilar. Shuningdek, Andijon viloyati DPMlari shifokorlaridan 200 nafarga yaqini “infeksionist” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitilmoqda.

– Umuman, Andijon misolida ayting-chi, viloyatda ta'minot, sharoit qay darajada?  

– Andijon viloyati hokimligi tomonidan viloyatda koronavirus kasalligini davolashga moslashtirilgan shifoxonalardagi 2590ta o‘rin markazlashgan holda kislorod konsentratorlari bilan ta'minlab berildi. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar jahon standarti va milliy davolash standartlarimizga kiritilgan barcha dori-darmon, 5 mahal oziq-ovqat bilan ta'minlandi, bemorlar uchun barcha zaruriy ehtiyojlari bepul yetkazib berilmoqda. Viloyatda mahalliy budjet hisobidan bemorlarni davolash uchun 9 mlrd so‘m qiymatdagi uch oylik dori-darmon zaxirasi, 10 ming dona test tayyorlab qo‘yilgan. Birlamchi bo‘g‘in DPMlarida tashkil etilgan COVID poliklinikalarining barchasi kislorod konsentratorlari va pulsoksimetr bilan ta'minlangan, shuningdek joylarda tashkil etilgan mobil brigadalar faoliyati uzluksizligini tashkil etish maqsadida avtomobil va telefonlar berilgan.    

– Viloyatning qaysi shifoxonalari bu kasallikka qarshi kurashga moslashtirildi va ulardagi o‘rinlar soni qanaqa?

– Andijon viloyatida koronavirus infeksiyasiga chalinganlarni davolash uchun 8 ta davlat muassasasi shay holatga keltirilgan. Ushbu shifoxonalardan uchtasida - viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 200 o‘rin, Andijon shahar markaziy shifoxonasida 170 o‘rin, Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 220 o‘rin mavjud, koronavirus kasalligi bilan og‘rigan bemorlar shu joylarda davolanib kelinmoqda. Qolgan beshta shifoxona - Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi AF 80 o‘rin (80 ta kislorodli), Narkologiya shifoxonasi 100 o‘rin, "O‘zbekTemiryo‘l"AJ shifoxonasi 100 o‘rin, ADTI klinikasi 700 o‘rin (420 ta kislorodli), Viloyat teri-tanosil kasalliklar dispanseri 160 o‘rin (160 ta kislorodli) zaxira o‘rinlar sifatida tayyor holatga keltirilgan, ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, davlat xususiy sherikchiligidagi 10 ta DPMda jami 860 o‘rin tayyorlangan. Viloyat bo‘yicha koronavirus kasalligini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot muassasalarida 2590ta o‘rin tashkil etilgan.

– Andijon viloyatida koronavirus kasalligi to‘g‘risida tushuncha berish, kasallikning oldini olish bo‘yicha institut professor-o‘qituvchilari tomonidan qanday ishlar olib borilmoqda? COVID-19'ga qarshi kurashish uchun institutning yuqori kurs talabalarini bu jarayonga jalb qilish masalasi ko‘rilmayaptimi?

– Viloyat hokimi tashabbusi bilan koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish bo‘yicha Andijon shahar “Yoshlar markazi”da tashkil etilgan viloyat shtabi faoliyatida 3 nafar dekan o‘rinbosari, 3 nafar boshlang‘ich tashkilot faoli faoliyat olib bormoqda. Viloyatdagi 186ta tibbiyot muassasasiga ADTIning 251 nafar yuqori kurs talabalari biriktirilib, DPMlardagi kunlik holat bo‘yicha ma'lumotlarni markaziy shtabga yetkazib, kasallik tarqalishi va oldini olishda faol ishtirok etib kelishmoqda. Shuningdek Respublika maxsus komissiyasi tomonidan 2020 yil 16 mart kunidan e'lon qilingan karantin munosabati bilan ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish maqsadida Andijon viloyati “Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi”da tashkil etilgan “Xayriya markazida” institutning 10 nafar faol ko‘ngilli talabalari ishtirok etib, 1197 qisqa raqamidan tushgan 10 mingdan ortiq aholi murojaatiga javob berishdi va murojaat bo‘yicha 100 dan ortiq xonadonlarga kerakli yordamlarni yetkazishda ishtirok etishdi.

Institutning ko‘ngilli yoshlaridan tashkil topgan 30 nafar volontyor Andijon viloyatining 17 ta shahar va tumanlarida sog‘lom turmush tarzi va karantin qoidalari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borishmoqda.

Aholiga sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom ovqatlanish, koronavirus kasalligini oldini olish, karantin qoidalari, shaxsiy gigiyena targ‘iboti bo‘yicha institutning yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan Andijon viloyat televideniyesining “Salomat bo‘ling” ko‘rsatuvi orqali 91 marta chiqishlar qilingan va bu davom ettirilmoqda. Shuningdek institutning 124 nafar professor-o‘qituvchilari viloyat bo‘yicha koronavirus kasalligini davolash jarayonida ishtirok etishmoqda. Mas'ullar tomonidan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatma (oltinchi versiya)dan 15000 dona, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 5 avgustdagi 201-sonli buyrug‘ining ilovasidan (4-ilova) 3000 nusxa chiqarib, MFY faollari bilan birgalikda aholi o‘rtasida targ‘ibot va tibbiyot xodimlariga seminarlar o‘tib kelinmoqda. Shuningdek, COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarga joyida ambulator davolanish uchun tuman birlamchi tizim DPMlarida tashkil etilgan bokslar holati, mobil brigadalar faoliyati, ularning ShXV va dori-darmon bilan ta'minlanish holati o‘rganib chiqilib mutasaddilarga kerakli tavsiyalar va ko‘nikmalar berib kelishmoqda.

Kasallikka qarshi kurashishning asosiy omili albatta karantin qoidalariga amal qilish hisoblanadi. Bu borada institutimizning 134 nafar xodimi  tomonidan viloyatimizdagi barcha muassasalarda karantin qoidalariga amal qilinish holatlari nazorat etilib, kerakli tavsiya va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rib kelishmoqda.

Institutimizning 40 nafar olimlaridan iborat “Onlayn poliklinika” kasallik boshlangan kunlaridan tashkil etilib, har kuni 350-400dan ortiq fuqarolar murojaatlariga javoblar va maslahatlar berib kelinmoqda.

Yetakchi professor-o‘qituvchilarimiz Andijon viloyatida kasallikni davolash uchun tashkil etilgan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Andijon shahar shifoxonasi, Andijon davlat universiteti chet tillar fakulteti yotoqxonasida tashkil etilgan davolash va saralash markazida 18 nafar, Toshkent shahrida tashkil etilgan davolash muassasalarida 12 nafar, Farg‘ona va Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 4 nafar xodimlar kasallikni davolashda bevosita ishtirok etishdi. Bulardan tashqari, Andijon va Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonalarida davolanayotgan bemorlarga ko‘rsatilayotgan davolash xizmatini oshirish va muammoli holatlar muhokamasi bo‘yicha onlayn konsiliumlar o‘tkazib kelinmoqda. 

– Viloyat o‘lim va og‘ir kasalliklar ko‘rsatkichlari bo‘yicha qanday o‘rinlarda?

– Koronavirus infeksiyasi respublikamizga kirib kelganidan buyon viloyatda kasallanganlar soni 1163 nafarni, sog‘ayganlar esa 1125 nafarni tashkil etmoqda, davolanish ko‘rsatkichi 97 foizni bo‘lib, bu respublikamizdagi ko‘rsatkichlarning eng yuqorisi hisoblanadi. Shu kungacha viloyatimizda koronavirus kasalligi sababli vafot etgan bemorlar soni 2 nafar, bu bemorlarda koronavirus kasalligi bilan birga hamroh surunkali xastaliklari ham bo‘lgan.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid