Jamiyat | 14:40 / 24.08.2020
11032
3 daqiqa o‘qiladi

Surunkali tonzillit mavjud bo‘lganda koronavirusga chalinish xavfi yuqori – shtab a'zosi

Surunkali tonzillit mavjud bo‘lgan bemor uchun koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori hisoblanadi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Nargiza Nurullayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qildi.

«Surunkali tonzillit – yuqori nafas yo‘lining kasalligi hisoblanib, tanglay murtaklarining uzoq vaqt davomida yallig‘lanishi bilan kechadi. Surunkali tonzillit rivojlanishiga o‘tkir tonzillit samarasiz yoki oxirigacha davolanmasligi sabab bo‘ladi.

Kasallik qo‘zg‘atuvchilari – asosan bakteriya va viruslar. Ular pasaygan immunitet fonida tanglayda ko‘payadi.

Surunkali tonzillitning yana bir ko‘p uchrovchi sabablaridan biri – tish va milk kasalliklaridir. Shuning uchun tish tozaligi gigiyenasiga amal qilish, o‘z vaqtida kariyesga chalingan tishlarni davolash lozim. 

Bundan tashqari, surunkali tonzillit paydo bo‘lishiga burun va burun oldi bo‘shliqlaridagi infeksiya o‘choqlari – surunkali rinitlar, sinusitlar, poliplar va hatto vaqti-vaqti bilan yuzaga keluvchi allergik tumov ham sabab bo‘lishi mumkin.

Surunkali tonzillit mavjud bo‘lganda koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori. Shu sababli, ushbu kasallik mavjud bo‘lgan kishilarga niqob taqish, og‘iz bo‘shlig‘ini chayqash va infeksiya o‘choqlarini sanatsiya qilish maqsadida o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi», dedi Nargiza Nurullayeva yoshligida tonzilit tashxisi qo‘yilgan odam uchun koronavirusga chalinishi qanchalik xavfli ekani haqidagi savolga javoban.

Brifing davomida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning tibbiy niqobda yurishiga zarurat yo‘qligi ma'lum qilingan. Klinik tavsiyanomalarda «5 yosh va undan kichik yoshdagi bolalardan niqob taqib yurish talab etilmaydi. Bu bolaning xavfsizligi va umumiy qiziqishlari, bundan tashqari niqobni tegishli tartibda taqish imkoniyatlariga asoslanadi», deb ko‘rsatilgan.

«Istisno tariqasida onkologik kasalliklari mavjud bo‘lgan, immunodepressiv holatdagi yoki doimiy COVID-19 mavjud bo‘lgan bemorlar bilan kontaktda bo‘ladigan bolalarga niqob taqish tavsiya etiladi», degan shtab a'zosi.

JSST va YUNISEF tavsiyanomalariga ko‘ra, agar bola 6 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lsa, niqob taqishda bir qator omillarni hisobga olish lozim:

  • bolaning yashash joyida virusning tarqalganlik darajasini;
  • bola niqobdan to‘g‘ri va xavfsiz foydalana olish imkoniyatlarini nazardan chetda qoldirmaslik zarur;
  • bundan tashqari, mutaxassislar atrofdagi kattalar tomonidan bola himoya niqoblari bilan ta'minlangani, niqoblarni almashtirish va yuvishni nazorat qilishni tavsiya qilishadi.

12 yosh va undan katta yoshdagi bolalarga niqoblarni kattalar kabi taqish tavsiya qilinadi.

Mavzuga oid