O‘zbekiston | 19:20 / 25.08.2020
15825
3 daqiqa o‘qiladi

«Darslar 30 daqiqaga tushirilishi ham mumkin» – maktablarda amal qilinishi shart bo‘lgan me'yorlar ma'lum qilindi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktor o‘rinbosari Bahrom Almatov 14 sentyabrda ochilishi kutilayotgan maktablar qanday sanitariya normalariga amal qilishi shartligi ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda maktablar amal qilishi shart bo‘lgan sanitariya-gigiyena me'yorlarini ishlab chiqilgan. Mazkur hujjat hozirda Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanish jarayonida.

Bahrom Almatov Foto: KUN.UZ

«Hujjatda maktablar o‘z faoliyatini qanday normalar asosida tashkil etishi batafsil bayon etilgan.

Maktablarda ta'mirlash, tozalash ishlari o‘tkazilgandan so‘ng ularda dezinfeksiya qilish, sinfxonasini shamollatish uchun imkoniyat yaratilishi lozim. Maktabga kirish joyi, sinfxonalar qo‘lni zararsizlantirish uchun mo‘ljallangan sanitayzerlar bilan ta'minlanishi kerak.

Profilaktika choralarini amalga oshirish uchun xo‘jalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyalarini jalb qilib, ular bilan shartnomalar rasmiylashtiriladi.

O‘qituvchilarni, maktab xodimlarini kasallik, uning tarqalish yo‘llari haqida ma'lumotga ega bo‘lish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilishi lozim.

Maktabda barcha tibbiy niqobda bo‘lishi, niqobni qo‘llash muddati 3 soatdan oshmasligi kerak. O‘qituvchilar niqobdan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmaga ega bo‘lishi va o‘quvchilarda buni nazoratga olishi darkor», dedi Almatov AOKAdagi matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, har bir dars davomiyligini 30 daqiqagacha qisqartirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

«Mashg‘ulotlar davomiyligini 30 daqiqagacha qisqartirish tavsiya qilinmoqda. Darslar 8:00dan boshlanib, soat 15:30gacha davom etishi, darslarni 2-3 smenada tashkil qilish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

Darslar «Bitta o‘qituvchi – bitta sinf» tamoyili asosida o‘tiladi. Ya'ni barcha mashg‘ulotlar sinf rahbarlari tomonidan o‘tiladi. Tanaffuslar vaqtida bir sinf o‘quvchilarining boshqa sinfdagilar bilan aralashib ketmasligini imkon qadar ta'minlashga harakat qilinadi. Buning uchun o‘qituvchilarga ham, o‘quvchilarning ota-onalariga ham tushuntirish ishlari olib boriladi», deya ta'kidladi Bahrom Almatov.

Uning qayd etishicha, maktab faoliyati davomida har qanday ko‘rinishdagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi.

«Maktabda ommaviy tadbirlar – musobaqa, konsert, yig‘ilishlar o‘tkazish mutlaqo mumkin emas. Oshxona, bufetlar ishlamaydi. Aholi, tadbirkorlar tomonidan maktabga turli yegulik mahsulotlari olib kelishga yo‘l qo‘yilmaydi. Umuman olganda ham maktabga begonalarning kelishi, bolalar bilan muloqotda bo‘lishining oldi olinadi», deya SEOA vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid