Hukumat qarori bilan “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi.
Shu bilan birga:
- chetdan olib kelinayotgan mahsulotga xulosa mahsulotning yaroqlilik davriga,
- yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotga esa muddatsiz tarzda rasmiylashtiriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:
- yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganda;
- ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi o‘zgarganda;
- ishlab chiqarish texnologik jarayoni, konstruksiya yoki jamlanmalarda o‘zgarishlar bo‘lganda;
- tajriba tariqasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
- respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga;
- amaldagi sanitariya-epidemiologik xulosaning muddati tugaganda.
Ariza beruvchilar ushbu davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markazi orqali shaxsan murojaat qilib yoki elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali foydalanishlari mumkin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi va uni 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuborishi belgilab qo‘yilgan.











