Jahon | 03:03 / 25.08.2020
5243
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Respublikachilar partiyasidan prezident lavozimiga rasmiy nomzod etib tasdiqlandi

AQSh prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Mayk Pens 2020 yilgi prezident saylovlariga rasmiy nomzodlar bo‘lishdi. Respublikachilar partiyasining Sharlott shahrida o‘tgan qurultoyida ko‘pchilik delegatlar ularning nomzodlarini qo‘llab-quvvatladi. 

Foto: Reuters/Pixstream

Tramp jiddiy raqobat yo‘qligi sababli partiya ichidagi praymerizlarning barchasida g‘alaba qozongan. Shu sababli uning nomzodini tasdiqlash jarayoni rasmiyatchilik bo‘lgan. U ikkinchi muddatga nomzod sifatida ilgari surilish uchun qurultoyda zarur ovoz to‘play oldi. Vitse-prezident lavozimiga nomzod amaldagi vitse-prezident Mayk Pens bo‘ldi.

Trampning noyabrda o‘tadigan saylovlar bo‘yicha bosh raqibi AQShning sobiq vitse-prezidenti Jozef Bayden bo‘ldi. U 19 avgustda Demokratik partiyadan rasmiy nomzod etib tanlangan. Bayden partiya qurultoyidagi nutqida Trampni, jumladan, uning koronavirusga qarshi kurashishini tanqid ostiga olgan. “Bizning amaldagi prezident millat oldidagi eng asosiy burchini bajara olmadi: u bizni himoyalay olmadi”, deb aytgan Bayden.
 
Demokratlardan vitse-prezident lavozimiga nomzod sifatida 55 yoshli Kamala Xarris tasdiqlandi. U ushbu lavozimga nomzodi ilgari surilgan birinchi qora tanli ayol bo‘ldi.

AQSh prezidenti saylovlari 2020 yil 3 noyabrda, prezident inauguratsiyasi esa 2021 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid