Jahon | 09:12 / 26.08.2020
4669
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada koronavirusga chalingan sayyohlar qayerga joylashtirilishi ma'lum qilindi

Turkiyada koronavirus bilan kasallangan sayyohlarga mehmonxonalarda maxsus xonalar ajratiladi. Ushbu talablarga bo‘ysunmaydigan mehmonxonalar sertifikatdan mahrum qilinishi mumkin.

Foto: Global Look Press / Katja Kreder/imageBROKER.com

Turkiya turizm va madaniyat vazirligi mehmonxonalarga talablarni kuchaytirdi. 24 avgustdan boshlab barcha mehmonxonalar “salomatlik sertifikati” bor-yo‘qligidan qat'i nazar, koronavirusga chalingan sayyohlar uchun xonalar ajratishlari kerak bo‘ladi

Bemorlar yakkalanadigan xonalar mehmonxonadagi jami xonalar sonidan kelib chiqib ajratiladi. Jumladan, 50 ta xonaga ega mehmonxonalarga bu maqsadda bitta xona, 100 ta xonagacha ega bo‘lganlariga 2 ta xona, 200 tagacha – 4 ta xona, 300 tagacha – 6 ta xona va 500 tadan ko‘proq xonaga ega bo‘lgan mehmonxonalar karantin uchun 10 ta xona ajratishlari kerak bo‘ladi. 

Bu xonalar kasallangan sayyohlarning boshqa sayyohlar bilan aloqalarini minimallashtirish uchun bir qavatda va alohida blokda joylashgan bo‘lishi lozim. Agar mehmonxonada asosiy xonalardan yakkalangan bunday xonalarni ajratish imkoni bo‘lmasa, unda kasallanganlar uchun ajratiladigan xonalarning har tomonidan 2 tadan xona bo‘sh qoldirilishi lozim.

Ta'kidlanishicha, koronavirus aniqlangan va shifoxonada davolanishi talab etilmaydigan sayyohlar izolyator-xonada yaqinlari yoki boshqa hamrohlari bilan qolishlari mumkin. Ularga xonani tark etish taqiqlanadi.

Bemor sayyohlar yeguliklar va ichimliklar bilan ta'minlanadi, xonalari tozalab turiladi. Bunday sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi. Bunday xodimlarga mehmonxonaning boshqa xodimlari va mehmonlari bilan aloqa qilish taqiqlanadi. Izolyatsiyadagi sayyohlar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari alohida joyda saqlanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid