Yaponiyaning yetakchi universitetlarida o‘qish uchun grantlar ajratildi
Vazirlar Mahkamasi 12.08.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi vakillarining o‘qishini tashkil etish uchun Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 478-son qarorni qabul qildi.
Norma’ning yozishicha, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan «Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish loyihasi» doirasida Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida:
- 2018–2019 yillar uchun 261 mln yapon iyenasi ($2,46 mln ekvivalentida) va 2019–2020 yillar uchun 262 mln yapon iyenasi ($2,47 mln ekvivalentida) miqdorida grant ajratildi;
- TIF Milliy banki tomonidan Yaponiyaning MUFG Bank, Ltd. banki bilan banklararo shartnoma hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (OO‘MTV) bilan kelishuv asosida o‘tgan davr uchun grant bo‘yicha hisob-kitob xizmatlari ko‘rsatildi;
- OO‘MTV hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, o‘tgan ikki yil uchun jami 34 nafar O‘zbekiston vakillari Yaponiya universitetlarida o‘qishga yuborildi.
28.08.2019 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va JICA o‘rtasidagi Ayirboshlash notasi va Grant bitimiga muvofiq:
- O‘zbekiston vakillarining 2020–2021 yillarda Yaponiya yetakchi universitetlari magistraturasi va doktoranturasida o‘qishini tashkil etish uchun Yaponiya Hukumatining beg‘araz yordam dasturi bo‘yicha 263 mln yapon iyenasi ($2,48 mln ekvivalentida) miqdorida grant taqdim etiladi;
- stipendiatni tanlash, unga o‘qish jarayonida hamrohlik qilish hamda uch tomonlama bitim bajarilishining monitoringi uchun xarajatlar grant hisobidan qoplanadi;
- davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida mehnat qilayotganlar orasidan magistraturada o‘qish uchun 18 nafar va doktoranturada o‘qish uchun 1 nafar talabgor tanlab olinadi;
- grant bo‘yicha hisob-kitob xizmatini ko‘rsatish, banklararo shartnoma imzolash vazifasi TIF Milliy bankiga, loyiha bilan bog‘liq barcha tartibotlarni rasmiylashtirish esa OO‘MTVga yuklatildi.
OO‘MTV grant bo‘yicha hisob-kitob xizmati ko‘rsatilganligi uchun Yaponiya tomoniga vositachilik xarajatlari uchun to‘lovni Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiradi.
TIV hamda IIVga loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta'minlash vazifasi topshirildi.
OO‘MTV, ITSVga boshqa manfaatdor organlar bilan birgalikda Yaponiyadan maqsadli o‘qib kelgan bitiruvchilarning ishga joylashishi holati monitoringini ta'minlash, uning natijalariga ko‘ra 3 yil mobaynida barcha bitiruvchilarni ish bilan ta'minlashning joriy holati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi yuklatildi.
Hujjat 13.08.2020 yildan kuchga kirgan.
Mavzuga oid
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024
Yaponiyada seysmik yoriqlar tufayli yadroviy reaktorni qayta ishga tushirishga ruxsat berilmadi
19:55 / 11.11.2024
Yaponiyada Ishiba hukumatining yangi tarkibi tasdiqlandi
17:59 / 11.11.2024