O‘zbekiston | 11:31 / 27.08.2020
8307
4 daqiqa o‘qiladi

Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni to‘ldirish tartibi tasdiqlandi 

Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma'murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 489–son qarori qabul qilindi.

Foto: Shutterstock

Norma’ning yozishicha, hujjat bilan:

Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni to‘ldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi tasdiqlandi.
 
Hisobvaraq-faktura - Soliq kodeksiga muvofiq uni taqdim etish majburiyatiga ega bo‘lgan tovarlarni (xizmatlarni) sotuvchi (yetkazib beruvchi) tomonidan rasmiylashtiriladigan qat'iy belgilangan namunadagi (formatdagi), tovarlar haqiqatda jo‘natilganligini yoki xizmatlar ko‘rsatilganligini va ularning qiymatini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
 
Hisobvaraq-faktura sotuvchi (yetkazib beruvchi) tomonidan taqdim etilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini xaridor (buyurtmachi) hisobga olishi uchun asos bo‘ladigan birlamchi hujjat hisoblanadi. U qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha soliq solish aylanmasi va realizatsiyani hisobga olish uchun yuritiladi.
 
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda yuridik shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston hududida doimiy muassasa orqali faoliyat ko‘rsatayotgan norezident yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchilarga hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.
 
Nizomda hisobvaraq-faktura taqdim etilishi shart bo‘lmagan hollar keltirilgan va ularni uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha rasmiylashtirish tartibi ko‘rsatilgan.
 
Hisobvaraq-faktura, agar ushbu Nizomda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, tovarlar jo‘natilgan (topshirilgan) yoki xizmatlar ko‘rsatilgan kalendar sanada rasmiylashtirilib taqdim etiladi.
 
Hisobvaraq-fakturada tovarlarning (xizmatlarning) qiymati milliy valutada, so‘mda ko‘rsatiladi. Bunda, summa ko‘rsatilayotganda butun sondan so‘ng yuzdan birgacha yaxlitlanishi lozim bo‘ladi.
 
Agar ushbu Nizomda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, hisobvaraq-fakturalar elektron shaklda rasmiylashtiriladi va ularning saqlanishi hamda hisobi yuritilishi elektron axborot tizimida amalga oshiriladi.
 
Tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi faqat elektron shaklda qabul qilingan hisobvaraq-fakturalarda aks ettirilgan QQS summasini hisobga olishga haqli.
 
Soliq to‘lovchilar tomonidan davlat siriga taalluqli bo‘lgan xo‘jalik operatsiyalari amalga oshirilganda qog‘oz shaklda hisobvaraq-faktura rasmiylashtiriladi. Ular bunday shaklda rasmiylashtirilsa kamida ikki nusxada tuziladi va ulardan biri tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchiga taqdim etiladi.
 
Shuningdek, Nizomda tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasida hisobvaraq-fakturalarni to‘ldirish tartibi hai keltirilgan.
 
Hujjat:

  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilishda hisobvaraq-fakturalarni to‘ldirish xususiyatlarini;
  • vositachilik, topshiriq va transport ekspeditsiyasi shartnomalari asosida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda hisobvaraq-fakturalarni to‘ldirishning o‘ziga xos xususiyatlarini;
  • qo‘shimcha va tuzatilgan hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlarini;
  • ayrim shartnomalar bo‘yicha tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda hamda chegirmalarni taqdim etishda hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlarini;
  • elektron hisobvaraq-fakturalarni qabul qilish va jo‘natishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydi.

 Hujjat 15.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid