O‘zbekiston | 21:37 / 28.08.2020
3615
2 daqiqa o‘qiladi

Eksport va investitsiyalar bo‘yicha hukumat komissiyasi Qoraqalpog‘istonga bordi

Prezidentning 18 avgustdagi farmoni bilan, eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil etilgan edi. Komissiyasi raisi boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi.

Qoraqalpog‘istonda 2020 yilning ikkinchi yarim yilligida 7,8 trln so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mazkur tashrif doirasida komissiya a'zosi – Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Saliyev 28 avgust kuni bir qator tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘rganish ishlari davomida bir qancha yechilishi kerak bo‘lgan muammolar aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Masalan, Mo‘ynoq tumanidagi naslli qora mollarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi «Mo'ynoq Agro Snab» f/x qo‘shni Qirg‘iziston korxonasi bilan naslli qora mol va qo‘ylarni sotib olish uchun qiymati 250 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan shartnoma tuzgan.

Ammo tadbirkor koronavirusga qarshi kuchaytirilgan tartib davrida joriy qilingan cheklovlar sababli shartnoma doirasida yetkaziladigan naslli qora mol va qo‘ylarni saralab olishi uchun Qirg‘izistonga bora olmayapti.

Yiliga 146 million dona shprits va infuzion sistemalar ishlab chiqarish quvvatiga ega «Nukus Med Tex» qo‘shma korxonasi vakillari esa o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlarini olishda vaqtdan yutqazishmoqda. Chunki mazkur sertifikatlarni beruvchi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining hanuzgacha Nukus filiali tashkil etilmagan. Korxona egalari esa qo‘shimcha vaqt sarflab, harajat qilib markazning Xorazm filialiga murojaat qilishmoqda.

Uchrashuvlarda tilga olingan shu kabi masalalarni tezkorlik bilan hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi, deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi Kun.uz'ga bergan ma'lumotda.

Mavzuga oid