Saakashvili Gruziyaga qaytmoqchiligini ma'lum qildi. Vatanida uni qamoq kutayotgani aytildi
Gruziyaning “Gruziya orzusi” partiyasi sobiq prezident, hozirda Ukrainada Islohotlar bo‘yicha milliy kengash ijroiya qo‘mitasi rahbari lavozimini egallayotgan Mixail Saakashvilining Gruziyaga qaytmoqchiligiga istehzoli ohangda munosabat bildirildi.
Avvalroq Saakashvilining go‘yoki Gruziyaga qaytmoqchiligi haqida ma'lum qilingan. Bu haqda Gruziya Online nashri xabar bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda Saakashvilining o‘z tarafdorlariga yo‘llagan videosi joylashtirilib, siyosatchi unda gruzinchada vataniga qaytmoqchiligi haqida gapirgan. Biroq ta'kidlab o‘tish joiz, Saakashvilining Facebook’dagi sahifasida va YouTube-kanalida bu video yo‘q.
Siyosatchi o‘z bayonotida Gruziyaga qaytishini, oxirgi yillarda ko‘p narsani boshdan o‘tkazgani va “o‘z davlatiga yaxshiroq xizmat qilish va boshqa xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun” yetarlicha tajriba va bilim orttirganini ma'lum qilgan. U prezidentligi vaqtida noto‘g‘ri ishlar qilganini tan olgan. Saakashvili Ukrainani “ikkinchi uyi” deb bilishini va u siyosatchini “qanday bo‘lsa shundayligicha, hech qanday shart va talabsiz” qabul qilganini ta'kidlab o‘tgan.
“7 yil davomida men Gruziyadagi yangiliklarga qiziqish bildirmagan biror kun bo‘lmagan. Mening prezident lavozimidagi ishim behuda bo‘lmaganini bilaman va biz yaratgan narsalardan ko‘pi hali ham saqlanib qolgan va ishlamoqda. Shu bilan birga men Gruziyadan xabarlarni eshitganimda, biz ancha yaxshiroq yashashimiz va har bir gruzin boy bo‘lishi mumkinligini tushunaman. Va biz bunga birga erishamiz! Men qaytmoqdaman!”, deb aytilgan siyosatchi murojaatida.
“Gruziya orzusi” partiyasi Facebook’dagi sahifasida Saakashvilining bayonotiga istehzoli ohangda munosabat bildirib, “Miha hamodiii” – “Misha, kelaver” deb izoh bergan.
Gruziya adliya vaziri Teya Tsulukiani jurnalistlarga qidiruvda bo‘lgan sobiq prezidentning qaytishini qo‘llab-quvvatlashini va uni vataniga qaytgach turma kutayotganini aytgan.
“Biz Saakashvili o‘zida kuch topib, Gruziyaga qaytsa, buni qutlaymiz. Uni chegarada qo‘lga olish va turma kutmoqda”, deb aytgan Tsulukiani.
Adliya vazirining ta'kidlashicha, sobiq prezident Gruziyada qidiruvga berilgan va unga qarshi bir nechta hukm chiqarilgan.
Gruziyada 31 oktyabrda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Iyulda Saakashvili Gruziya hukumatining qonuniyligini tan olmasligini va kuzda Gruziyadagi saylovlarning faol ishtirokchisi bo‘lishini aytgan.
Mixail Saakashvili Gruziya prezidenti lavozimini 2004-2013 yillar davomida ikki muddat egallagan. U Gruziyani 2013 yilda tark etib, Ukrainada siyosiy faoliyatini boshlagan. Siyosatchi 2015-2016 yillarda Odessa oblasti gubernatori lavozimini egallagan. Biroq u keyinroq Ukraina fuqaroligidan mahrum etilib, mamlakatdan chiqartirib yuborilgan.
Ukrainada prezident Vladimir Zelenskiy bo‘lgach, Saakashvili yana Ukraina pasportini olgan va unga mamlakatga qaytishga ruxsat berilgan. Aprelda Zelenskiy siyosatchiga bosh vazir o‘rinbosari bo‘lishni va Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan muzokaralar olib borishni taklif qilgan. Biroq Saakashvili Islohotlar bo‘yicha milliy kengash ijroiya qo‘mitasi rahbari bo‘lishni tanlagan.
Mavzuga oid
23:10 / 26.10.2024
Gruziyada parlament saylovlari yakunlandi. Hukmron partiya va muxolifat o‘z g‘alabasini e’lon qildi
21:11 / 21.10.2024
«GRU» va «FSB» hakerlari Gruziya hukumati hamda kompaniyalarini kuzatib kelgan - Bloomberg
22:42 / 07.10.2024
Gruziya parlamenti prezidentning impichmentini qayta boshlaydi
11:45 / 06.10.2024