Jahon | 19:54 / 28.08.2020
2641
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada sentyabrda Sindzo Abening vorisi saylovlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda  

Yaponiya bosh vaziri va hukmron Liberal-demokratik partiya yetakchisi Sindzo Abe o‘z vakolatlarini topshirmoqchiligini e'lon qilgandan keyin partiya uning vorisi saylovlarini 15 sentyabrda o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Kyodo axborot agentligi xabar berdi. 

Foto: Getty Images

Ma'lum qilinishicha, bosh vazir o‘rinbosari Taro Aso bosh vazir lavozimiga saylovoldi poygasida ishtirok etishni rejalashtirmayapti. Biroq Abening o‘rnini sobiq mudofaa vaziri va partiyaning sobiq bosh kotibi Sigeru Isiba egallash istagini bildirgan.

28 avgust kuni Sindzo Abe sog‘lig‘idagi muammolar sababli o‘z lavozimini tark etishga qaror qilganini ma'lum qildi. Abe o‘z o‘rniga biror odam saylanmaguncha bosh vazir vakolatlarini bajarib turishini aytgan.  

65 yoshli Abe avgustda ikki marta shifoxonaga yotgan. Abening atrofidagilar u sog‘lig‘i sababli o‘z vakolatlarini oxirigacha bajara olmasligi mumkinligini aytishgan.

Avvalroq Abe Yaponiya tarixida bosh vazir lavozimida uzluksiz uzoq vaqt qolish bo‘yicha rekordni yangilagani ma'lum qilingandi. Bu 24 avgust kirgandan keyin yuz bergan. Shu kuni Abe 2012 yil dekabrda bosh vazir lavozimida ikkinchi muddati boshlangandan beri hukumatga boshchilik qilayotganiga 2799 kun to‘lgan. U bu borada Yaponiya hukumatiga 2798 kun boshchilik qilgan sobiq bosh vazir Eysaku Satoning rekordini yangilagan.

Mavzuga oid