Jahon | 08:09 / 31.08.2020
3901
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning yangi bosh vaziri saylanadigan sana ma'lum bo‘ldi 

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe iste'foga chiqishini e'lon qilgandan keyin hukmron Liberal-demokratik partiya yetakchisi lavozimiga nomzodlar bo‘yicha saylov 14 sentyabrda, bosh vazir saylovi esa 17 sentyabrda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda hukumatdagi manbalarga tayanib Kyodo axborot agentligi xabar berdi.

Yaponiyada hukmron partiya yetakchisi bosh vazir lavozimini egallaydi.

Jiji agentligining xabar berishicha, 16 sentyabrgacha Liberal-demokratik partiyada boshqa tayinlovlar bo‘yicha ham bir qarorga kelinishi kerak. Shundan keyin nomzodlar parlamentning ikki palatasiga tasdiqlanish uchun taqdim etiladi.   

Partiya yetakchisi va bosh vazir lavozimiga nomzodlar orasida Yaponiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Fumio Kisidu, Yaponiya hukumati bosh kotibi Yosixide Sugu, turli vaqtlarda mudofaa, qishloq xo‘jaligi, hududlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha vazir lavozimlarini egallagan Sigeru Isibu bor. Kisida va Suga saylovlarda ishtirok etishlarini tasdiqlashgan. 

Abe 28 avgustda sog‘lig‘idagi muammolar sababli iste'foga ketishi haqida e'lon qildi. Abening ta'kidlashicha, u bosh vazir lavozimini egallagan 8 yil davomida “kasallikni bir amallab yengib kelgan”, biroq iyunda kasallik zo‘raygani aniqlangan. Siyosatchini yallig‘lanishli kolit bezovta qilib, u Abening 2007 yilda ham bosh vazir lavozimini bir yil egallagandan keyin iste'foga chiqishiga sabab bo‘lgan. Biroq keyinroq uning ahvoli yaxshilangan va u 2012 yilda yana bosh vazir etib saylangan. Abening bu lavozimni uzluksiz egallashi muddati 2799 kunni tashkil qilib, u bu borada yapon siyosatchilari orasida rekord o‘rnatdi.      

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid