Nukusdagi Prezident maktabi direktori pandemiya sharoitida ta'lim qanday tashkil etilishi haqida ma'lumot berdi
Maktablarda yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Kun.uz muxbiri pandemiya sharoitida Prezident maktablari qanday faoliyat olib borishi masalasida Nukusdagi Prezident maktabi direktori Alisher Ubbiyev bilan suhbatda bo‘ldi.
– Siz rahbarlik qilayotgan maktabda pandemiya sharoitida o‘qish jarayonlarini qanday olib borilishi rejalashtirilyapti?
– Xabaringiz bor, bu yilgi o‘quv yilini pandemiya sharoitida qanday davom ettirish bo‘yicha ota-onalarning fikr mulohazalar tinglanmoqda. Biz ham 25-26 avgust kunlari Nukusdagi Prezident maktabida karantin va sanitariya–gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilgan holda o‘quvchilarning ota-onalari bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Har bir ota-onani eshitdik.
Pandemiyadagi yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim qilingan so‘rovnoma asosida ota-onalar fikrlari o‘rganildi.
So‘rovnomada maktabimizda o‘qiyotgan 144 nafar o‘quvchining ota-onalari 100 foiz ishtirok etishdi. Keling, men sizga so‘rovnoma natijalari haqida ko‘proq ma'lumot bersam. Sababi o‘qish jarayonlarini qanday olib borilishi bevosita shu so‘rovnoma natijalaridan kelib chiqadi.
1. Maktablar o‘z faoliyatini ananaviy shaklda sentabr oyidan tiklashiga 131 nafar ota-ona (91 foiz) ijobiy fikr bildirgan bo‘lsa, 13 nafar ota-ona (9 foiz) o‘qishni boshlamaslik tarafdori ekanini bildirdi.
2. Maktablar faoliyatini boshlash sanasi buyicha quyidagicha fikr bildirildi:
79 nafar (55 foiz) ota-ona 7 sentyabrdan, 40 nafar (28 foiz) ota-ona 14 sentyabrdan, 5 nafar (3 foiz) ota-ona 2 oktyabrdan, 20 nafar (14 foiz) ota-ona pandemiya tugaganidan so‘ng boshlash zarur, deb hisoblashini ma'lum qildi.
3. Bolasini an'anaviy shaklda ta'lim olishi uchun yuborishga tayyor ota-onalar 133 nafarni (92 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, 11 nafar (8 foiz) ota-ona onlayn ta'lim tizimini afzal ko‘rishini bildirdi.
4. Maktablarda tibbiy niqob taqish talab etilgan taqdirda, 140 nafar (97 foiz) ota-ona farzandi niqob taqishiga rozi ekanini, 4 nafar (3 foiz) ota-ona esa niqob taqtirishga qarshi ekanini bildirdi.
5. Virusdan saqlanishda muhim antiseptik vositalardan farzandi foydalanishni 140 nafar (97 foiz) ota-ona qo‘llab quvvatladi, 4 nafar (3 foiz) ota-ona esa qarshi chiqdi.
– O‘quv yili qachondan boshlanadi? Ta'lim qanday shaklda olib boriladi?
– Xalq ta'limi vazirligiga ota-onalar takliflaridan kelib chiqib, yangi o‘quv yilini 14 sentyabrdan boshlash, maktablarda harakatlar sxemasini ishlab chiqib, tajribadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Bizning Prezident maktabida ham o‘qish 14 sentyabrdan boshlanadi.
Ushbu jarayonda barcha choralar to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirilishi o‘rganib chiqildi. Maktabga o‘quvchilarning bir vaqtda kelmasligi, kirayotganda isitmasi o‘lchanishi, barcha darslar bir sinf xonasida o‘tilishi, tanaffusda sinf havosi shamollatilishi, o‘quvchilarga ijtimoiy masofani saqlashni tushuntirish kabi qator talablarni ishlab chiqdik.
– Bu yilgi qabul jarayoni qanday bo‘ldi? Qancha o‘quvchi qabul qilindi?
– Pandemiya tufayli, shuningdek, xorijiy hamkorimiz – Cambridge Assessment tashkiloti vakillarining mamlakatimizga karantin davrida tashrifini belgilangan sanalarda tashkil etish imkoni yo‘qligi sababli, istisno tariqasida joriy yilda Prezident maktablariga o‘quvchilar qabuli kelgusi o‘quv yilida o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
10:33 / 08.09.2024
Diametri 40,5 metr, balandligi 22 metr: Ginnessning rekordlar kitobiga kirgan o‘tovdan reportaj
14:27 / 27.08.2024
Xorijdagi qoraqalpoq diasporalari vakillari Nukusda yig‘ildi - foto
07:33 / 27.08.2024
Raqobat qo‘mitasi Nukus xalqaro aeroportiga qarshi ish qo‘zg‘atdi
07:30 / 21.08.2024