Jahon | 21:35 / 02.09.2020
6127
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada koronavirusning qaytadan avj olishi kuzatilmoqda

Turkiyada koronavirusning birinchi to‘lqinining ikkinchi marta eng yuqori darajaga chiqishi kuzatilmoqda. Bu haqda Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahritdin Xo‘ja ma'lum qildi. 

Foto: Sputnik / Burdju Okutan

“To‘y marosimlari,bayramlardagi ehtiyotsizlik bunday ko‘ngilsizliklarga olib keldi. Pandemiya kuchaydi va davom etmoqda, har kun yangi kasallanish holatlari ortib bormoqda. Biz birinchi to‘lqinning ikkinchi eng yuqori darajasini o‘tkazmoqdamiz. Anqara, Istanbul, Izmir, Bursa hamon yuqori xavf ostida”, deb ma'lum qilgan vazir jurnalistlarga.

Uning ta'kidlashicha, mamlakatning sharqiy viloyatlarida – G‘aziantep, Shonliurfa, Mardin, Erzurumda ko‘plab yangi kasallanish holatlari qayd qilinmoqda. Vazir keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyada 2 sentyabrda 15 iyundan beri eng ko‘p kunlik kasallanish holati qayd qilingan: so‘nggi sutkada 1596 nafar kishida virus aniqlangan, 45 kishi virusdan vafot etgan. Mamlakatda kasallanganlar soni 273 mingdan oshgan, vafot etganlar soni 6462 nafarga yetgan. 

Vazirning ta'kidlashicha, hozirda Turkiyada eng ko‘p kasallanish holatlari poytaxt Anqarada qayd qilinmoqda. Poytaxtda kasallanish holatlari soni Turkiyaning eng yirik shahri - Istanbuldagidan 2 marta ko‘proqni tashkil qilmoqda. “Shu sababli biz Anqara bo‘yicha ishlamoqdamiz va choralar ko‘rishni boshladik. Yoshi katta odamlarga turli muassasalarga kirish taqiqlangan. Ammo hozircha komendantlik soati kiritish kabi choralar kun tartibida yo‘q”, deb ta'kidlab o‘tgan Xo‘ja.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid