Light | 20:15 / 02.09.2020
72980
5 daqiqa o‘qiladi

Usmoniylar tarixi: Sulton Sulaymon chindan ham Xurramga qaram bo‘lganmi?

Usmoniylar imperiyasi davomiyligi, shiddatli voqealarga boyligi va jahon tarixida tutgan o‘rni tufayli tilga tushgan. Ayniqsa turk kinoijodkorlari tarafidan ishlangan “Muhtasham yuz yil” seriali mazkur sulola tarixiga qiziqish bilan birga bu davlat turizm salohiyatiga ham salmoqli hissa qo‘shdi.

1299 yilda Usmon G‘oziy tomonidan asos solingan Usmoniylar (Usmonlilar, Ottomanlar, porta) imperiyasi davomiyligi jihatdan rekordchilardan hisoblanadi va oradan 7 asrdan ko‘proq vaqt o‘tib, 1922 yilga kelibgina o‘z poyoniga yetgan. Barcha imperiyalar kabi Usmoniylar ham tug‘ilish, o‘sish, barq urib rivojlanish va cho‘kish davrini boshdan kechirgan.

Barq urib rivojlanishning boshlanishi, yoki keskin burilish nuqtasi deya 1453 yilda Konsantinopolning fath etilishi va Istanbul deya qayta nomlanishi bo‘lsa, imperiyaning har jihatdan cho‘qqiga chiqqan davri Sulton Sulaymon yoki Sulaymon I, Sulaymon Qonuniy boshqaruvidagi 46 yillik (1520—1566) davrga to‘g‘ri keladi.  

Konsantinopolning fath etilishi nafaqat imperiya tarixida, balki jahon tarixida muhim voqealardan sanaladi va hanuz bu voqea hamda uning oqibatlari atrofidagi bahsu munozaralar tinmaydi. Bu borada birgina Ayo Sofiyo majmuasining machitga aylantirilishi ortidagi muhokamalarni eslash kifoya.

Imperiyaning gullagan davri yoki muhtasham asri deya ta'riflanuvchi Sulaymon Qonuniy hukmronligida ko‘plab muhim voqealar bo‘lib o‘tgan. Ammo “Muhtasham yuz yil” serialining aql bovar qilmas muvaffaqiyati ortidan bu davrdagi siyosiy jarayonlar, harbiy yurishlar, xaritalardagi o‘zgarishlar va turli-tuman islohotlar qolib, sulola hayoti haram ichidagi mojarolarga o‘ralashib qolgandek tasavvur o‘yg‘ongan.

Bu borada Turkiya prezidenti (2016 yilda bosh vazir bo‘lgan) Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham jiddiy e'tiroz bildirgan. “Buyuk bobokalonimiz Sulaymon Sulton taxtdagi umrining 30 yildan ortig‘ini egarda o‘tkazgan va qator davlatlarni fath etgan. Bu serial ijodkorlari esa uni haramda ayollar va maishatga o‘ralashib qolgan sulton sifatida tasvirlashibdi. Bu esa buyuk tariximizga nisbatan hurmatsizlikdir va mazkur serial namoyishi to‘xtatilishi lozim”, – degan u o‘z chiqishlaridan birida.

Serial albatta to‘xtatilmadi, aksincha, Erdo‘g‘anning bu so‘zlari unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib yubordi. Dunyoning 60 davlati telekanallarida, jumladan O‘zbekistonda ham bu kinoasar namoyish qilindi. Shunga qaramay Turkiyaning televidiniye va radio bo‘yicha yuqori kengashiga serialni taqiqlash bo‘yicha 70 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

Chindan ham, qator tarixiy manbalar va nufuzli insonlar bu serialda sultonning butunlay boshqa qiyofada tasvirlangani, xususan Xurram sulton ta'siriga haddan ziyod tushib qolganini qoralaganlar.

Jumladan, usmoniylarning tirik vakillaridan biri, sulton Murod V avlodi Usmon Salohiddin jurnalistlar bilan uchrashuvda shunday degan: “Sulton Sulaymonning taxt ustidagi 46 yilini o‘rganib chiqsak, u yurishlarda 48 ming kilometrdan ortiq masofani ortda qoldirgani ma'lum bo‘ladi. Sulton bu masofani konditsionerli “Mersedes”da bosib o‘tmagan. Demak oddiy hisob-kitoblarda ham Sulaymon Qonuniyning poytaxtda yashashga vaqti bo‘lmagan. Haramdagi mayda-chuydalarga aralashishgaku inchunun.

Men o‘sha serialning ayrim qismlarini ko‘rdim. Nima ham derdim, u o‘z nomi bilan badiiy kinoasar. Agar u hujjatli film bo‘lganida balki qandaydir tarixiy haqiqat talab qilsak bo‘lardi”.

Eng muhimi, bu serialda, Xurram Sultonning shafqatsizligi va faqat fitnalarni rejalashtirib yurishi ham haddan ortiq bo‘rttirib yuborilgan. Aslida Xurram Sulton davlatning eng yetakchi amaldorlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan, qator xayriya ishlariga homiylik qilgan, muhtojlarga muntazam ko‘mak bergan. Uning Mohidavron Sulton bilan ziddiyati ham doimiy bo‘lmagan. Chunki ikkisi poytaxtda ko‘p vaqt birga bo‘lishmagan. 

Va nihoyat Xurram Sultonning shahzoda Mustafoni o‘ldirish uchun fitna uyushtirgani ham aniq faktlar bilan tasdig‘ini topmagan. Sulton Sulaymon xiyonatning hech bir turini kechirmagan va shahzoda Mustafoning Eron hukmdorlari – Safaviylar bilan aloqasiga bo‘lgan shubha tufayli qatl ettirgan.

Bunda Xurram Sultonning roli aniq isbotini topmaganligining yana bir dalili – Xurram Sultonning suyukli o‘g‘li shahzoda Boyazid ham aynan Safaviylar bilan aloqa o‘rnatgani uchun otasi tomonidan o‘ldirilgan. Sultonning bu masalada qahri shu qadar qattiq bo‘lganki, Boyazidning ortidan uning besh nafar o‘g‘li, ya'ni sultonning nabiralari ham qatl etilgan va ularning eng kichigi uch yoshda bo‘lgan.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid