Jamiyat | 11:46 / 03.09.2020
4323
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘quvchilari orasida virus yuklamasini kamaytirish usullari haqida ma'lumot berildi

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda aholini qiziqtirgan savollar yuzasidan javob qaytarildi.

Jumladan, murojaatlardan birida fuqaro 45 daqiqa dars davomida yopiq sinfda dars o‘tishda, ayniqsa o‘quvchilar orasida kasallanganlar bo‘lsa virus yuklamasi ortmaydimi, deya so‘ragan.

«Eng avvalo, har bir ota-ona shuni tushunishi kerak-ki, bola va o‘zlari uchun eng xavfsiz muhit - bu xonadon hisoblanadi. Uydan tashqariga chiqdingizmi, kasallik yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘ladi.

Maktablarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘qishga borgan bolalar soni ko‘proq bo‘ladi, bizga ma'lumki, uydan tashqarida ikki yoki uchdan ortiq odam bo‘lsa kasallik yuqtirib olish xavfi yuqori», degan shtab a'zosi.

SSV tomonidan maktablarda bolalarni xavfsiz ta'lim olishi uchun belgilangan talablar:

  • sinflarda dars o‘tish jarayonida bolalar niqoblarda bo‘lishi;
  • niqoblar har 2-3 soatda almashtirilishi;
  • bolalar orasida 2 metrdan ortiq masofa saqlash;
  • qo‘llarni sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish imkoniyatini yaratilishi.

Agar bolalarning oilalarida kasallangan bemor bo‘lsa, bunday holatda ular kasallik tashuvchisi bo‘lishi mumkin. Bir sinfda o‘tirgan bolalar 45 daqiqa dars davomida, kun buyi 3-4ta fan o‘tilsa, albatta, virus yuklamasi ko‘payishi mumkin.

Bunday holatlarda xonalar kuniga 3-4 martadan ko‘p shamollatilishi kerak.

Har kun yakunida xonalar va yo‘laklar dezinfeksiya vositalari qo‘shilgan eritmalar bilan dezinfeksiyalanadi.

«Agar bolalarning barchasi belgilangan sanitariya qoidalariga rioya qilishsa, virus yuklamasi kamayadi.

Shuningdek, maktabda yoki uyga kelishi bilan imkon qadar tez-tez tomoq chayib turilsa – virus yuklamasi yanada kamayishi mumkin»,dedi Sevara Ubaydullayeva.

Mavzuga oid