O‘zbekiston | 12:46 / 03.09.2020
4973
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab oshxonalari faoliyatiga ruxsat berilmagan – shtab a'zosi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sog‘liqni saqlash vazirligi maktab oshxonalari faoliyatiga ruxsat bermaganini ma'lum qildi.

«Maktab oshxonalari faoliyat yuritishiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat berilgani yo‘q. Shu bois har bir ota-onadan farzandining maktabda bo‘lgan davrida och qolmasligi uchun o‘zlari bilan sog‘lom, yangi tayyorlangan taom berib yuborishlari, bolaning ovqatlanish jarayonida qo‘llar gigiyenasiga rioya qilishlarini tushuntirishlari lozim. Ovqatlanishdan oldin va undan keyin qo‘llarni sovunlab yuvish yoki ularga antiseptik vositalar bilan ishlov berishni o‘rgatishlari talab etiladi.

Bolalarning suvga bo‘lgan ehtiyoji yuqori. Bolalarga kichik termoslarda iliq choy yoki damlamalar berish ham maqsadga muvofiq», degan shtab vakili.

Maktab oshxonalari faoliyatiga ruxsat berilganda:

  • tana harorati o‘lchanishi;
  • sog‘lom va issiq ovqatlar tayyorlanishi;
  • bolalar ovqatlanish uchun o‘tirishlarida masofa 2 metrdan uzoqroq bo‘lishini ta'minlash;
  • bir stolda 4dan ortiq bola o‘tirmasligini ta'minlash;
  • qo‘llarni sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish uchun to‘liq sharoit bo‘lishi shart (suv, sovunlar, bir qog‘oz salfetkalar va hokazo).

«Sanitariya va epidemiologiya xizmati tomonidan doimiy ravishda maktablar oshxonasi sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilishlari o‘rganiladi va nazorat qilib boriladi.

Bugungi kunda bu me'yorlar talab darajada saqlanishi maktab rahbariyati va xodimlari hamda ota-onalar nazoratida bo‘lishi kerak», dedi Sevara Ubaydullayeva.

Mavzuga oid