O‘zbekiston | 18:53 / 03.09.2020
18940
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekistonga koronavirus vaksinasi sinovlarida qatnashishni taklif etmoqda

O‘zbekiston va Xitoy COVID-19 vaksinasi ustidagi klinik sinovlarni o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik masalasini muhokama qilmoqda. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, o‘zbekistonliklarni koronavirusga qarshi emlash uchun ushbu vaksinadan foydalanilishi mumkinligi aytilmoqda.

O‘zbekiston tomonidan Innovatsion rivojlanish va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Xitoy tomonidan Fanlar akademiyasi, Xalqaro fan tashkilotlari alyansi hamda «Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical» kompaniyasi vakillari o‘rtasida video-konferens muloqot bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishga Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Xalqaro fan tashkilotlari alyansi ijrochi direktori Chingua Kao (Jinghua Sao) raislik qildi.

Muzokarada Xitoy FA va «Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical» tomonidan ishlab chiqarilayotgan COVID-19 vaksinasi sinovlarini O‘zbekistonda hamkorlikda olib borish masalasi muhokama qilindi.

«Klinik sinovlardan o‘tkazish uchun taklif etilgan yangi vaksina rekombinant oqsil texnologiyasiga asosan koronavirusning retseptor bog‘lovchi oqsili domeni bo‘lagini ikki marta takrorlash (dimerizatsiya) natijasida yaratilgan. Retseptor bog‘lovchi domen barcha turdagi koronoviruslarda o‘xshash bo‘lgani uchun bu vaksina MERS, SARS va COVID-19 viruslari uchun universal ta'sirga ega. Bu vaksina Xitoy davlat farmakopiyasining talablariga qat'iy muvofiq holda ishlab chiqilgan va xavfsizlikning yuqori darajasi bilan ajralib turishi ma'lum qilindi», – deyiladi Innovatsion rivojlanish vazirligi xabarida.

Ta'kidlanishicha, vaksinani olish texnologiyasi 6 avgustda nufuzli «Cell» jurnalida chop etilgan.

«Ushbu vaksina klinik tadqiqotlar uchun Xitoy Milliy tibbiyot mahsulotlar administratsiyasi tomonidan joriy yil 20 iyunida tasdiqlangan va jahonda koronavirus infeksiyasiga qarshi uchinchi vaksina hisoblanadi.

Insonlar o‘rtasida birinchi va ikkinchi faza sinov vaksinatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va ikkinchi faza sinovlarining yakunlanishi oktabr oyida bo‘lishi kutilmoqda. Yangi vaksina uchun klinik sinovning uchinchi fazasi 2020 yilning to‘rtinchi choragida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Xitoy tomoni klinik sinovlarning uchinchi bosqichi bir qator mamlakatlarda parallel ravishda o‘tkazilishi rejalashtirilganini aytib, O‘zbekistonda ham ko‘ngillilar o‘rtasida ushbu sinov jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish istagida ekanliklarni bildirdi.

Shuningdek, vaksina sinovlarining 3-bosqichini Uzoq Sharq va Arab mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham o‘tkazish ehtimoli haqida ham so‘z bordi. Agar vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, sinov natijalari asosida ushbu vaksinani O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida foydalanish mumkinligi qayd etildi», – deyiladi xabarda.

Rasmiy press-relizga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida sinov o‘tkazish bo‘yicha moliyaviy xarajatlar va sinov jarayonlarining muddatlari muhokama etilgan.

«Muzokaralar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi ilmiy-tadqiqot markazlarida test sinovlarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilishiga kelishildi. Xitoy tomoni 3-faza sinovlarini o‘tkazishda ham metodik, ham moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston tomonidan xitoylik hamkorlarning takliflari ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosa berilishiga kelishib olindi», – deya yakunlangan vazirlik axboroti.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatga vaksina xarid qilish va aholi vaksinatsiyasini amalga oshirish yo‘llarini puxta o‘rganib chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Mavzuga oid