«Birlik marshi». Minskda yana o‘n minglab belaruslar namoyishga chiqdi
6 sentabr kuni Minskda «Birlik marshi» - prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan fuqarolar ishtirokidagi navbatdagi namoyishlar uyushtirildi. Namoyishchilar Mustaqillik prospektidan «Minsk - Qahramon shahar» yodgorligigacha, keyin Aleksandr Lukashenkoning qarorgohigacha yurib borishdi. Kuzatuvchilarning baholashicha, marshda kamida 100 ming kishi ishtirok etgan. Huquq faollari kamida 100 namoyishchi qo‘lga olinganini xabar qilishdi.
«Tut.by», «Nexta» va boshqa nashrlar ommaviy namoyishlardan keyin fuqarolik kiyimidagi niqob taqqan va dubinka tutgan shaxslar namoyishchilarni kaltaklayotgani va qo‘lga olayotgani tasvirlarini tarqatishdi.
Shu nashrlarda qo‘lga olinganlar soni yuzdan oshiq bo‘lgani aytildi. Belarus IIV vakili Olga Chemodanova ham «o‘nlab kishilar» qo‘lga olinganini tasdiqlagan. «Vesna» tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, Minskda 160dan ortiq namoyishchi olib ketilgan.
Bu safargi namoyishlardan oldin ham shahar markazidagi ko‘chalar va metro bekatlari yopib qo‘yildi.
Ko‘plab guvohlarning aytishicha, namoyishlar o‘tkazilgan hududlarda ma'lum muddat davomida mobil internet ishlamagan. Avvalgi namoyishlar vaqtida bo‘lgani kabi A1 kompaniyasi (mobil aloqa operatori va internet provayderi) internet faoliyatidagi uzilishlar «davlat organlari farmoyishi» bilan bog‘liqligini ma'lum qilgan.
Minsk ko‘chalariga - vodomyotlar va harbiy texnika joylashtirildi. Shahar markazida harbiy formadagi kishilar hukumat binolari va «Minsk - qahramon shahar» yodgorligini qo‘riqlashdi. Binolar simto‘siqlar bilan o‘rab olingandi.
Namoyishchilar har safargidek Mustaqillik maydonigacha kelishdi, Aleksandr Lukashenkoning qarorgohi harbiy texnikalar va vodomyotlar bilan qo‘riqlandi.
Odamlar bir necha soat davomida Mustaqillik saroyi atrofida to‘planib turishdi. Namoyishchilardan biri himoya to‘sig‘iga shior yozishga uringanida militsiya vakili unga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladi.
Mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida kuchli yomg‘ir yog‘a boshladi, odamlarning bir qismi uylariga tarqaldi, bir qismi simto‘siqlar oldida kechgacha qolishdi. Ular ketishda simto‘siqlar oldida gullar qoldirishdi.
TUT.by sayti maxsus dastur orqali 6 sentabr kungi namoyishda qatnashganlar soni 100 ming nafarni tashkil etganini hisobladi.
Belarusning boshqa shaharlarida - Brest, Gomel, Mogilyov, Molodechno, Baranovichida ham shu kabi aksiyalar o‘tkazildi.
«Nexta» kanali yozishicha, Grodnoda militsiya namoyishchilar to‘planishiga qarshilik ko‘rsatgan va ularga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Telegram kanalda joylashtirilgan videolardan birida yo‘talib, yuzini yopayotgan va «Gaz!» deya baqirayotgan odamlarni ko‘rish mumkin.
Namoyishlar chog‘ida qo‘lga olinganlarning aniq soni ma'lum emas, ammo telegram-kanallar va voqealarni yoritib borayotgan nashrlar ma'lumotiga ko‘ra, guvohlar namoyishchilar avtozaklarga solib olib ketishgani haqida aytishgan.
Norozilik namoyishlari 9 avgust kunidan buyon har kuni o‘tkazilmoqda.
Belarus prezidentligi saylovlari 9 avgust kuni o‘tkazilgandi. O‘sha kuni saylov natijalaridan norozi fuqarolar namoyishlarni boshlab yuborishdi: amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 80 foizdan ortiq, uning asosiy muxolifi Svetlana Tixanovskaya 10 foiz atrofida ovoz to‘plagani e'lon qilingandi.
Shu vaqtgacha namoyishlar vaqtida kamida 3 kishi halok bo‘lgan, 60ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Ushbu holatlar bo‘yicha jinoiy ishlar ochilgan.
Tixanovskaya Litvaga ketishga majbur bo‘lgan. Saylov natijalari Rossiya va MDHning yana bir qancha davlatlari tomonidan tan olingan. Yevropa davlatlari natijalarni haqiqiy emas deb hisoblamoqda, Boltiq bo‘yi davlatlari Lukashenko va yana uning atrofidagilardan 30dan ortiq kishiga sanksiya qo‘llagan.
Mavzuga oid
11:28 / 23.08.2024
YeI yana Minskni barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi
22:55 / 11.08.2024
«Paxtakor»ning marhum futbolchilari xotirasiga 45 yil oldingi «O‘ynalmagan match» o‘tkazildi
11:41 / 07.09.2023
Minskda o‘zbek va belarus tadbirkorlari 92 mln dollarlik shartnomalar imzoladi
11:10 / 04.08.2023