O‘zbekiston | 20:56 / 06.09.2020
17133
9 daqiqa o‘qiladi

FHDYo organlarida qanday o‘zgarishlar qilindi? - DXA mutaxassisi bilan suhbat

Davlat xizmatlari agentligi FHDYo organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish va metodik ta'minlash bo‘limi yetakchi maslaxatchisi Madina Mahmudova Kun.uz'ga bergan intervyusida sohaga oid qator savollarga javob berdi.

– Madina Sayidusmonovna, FHDYo idoralarining DXA tasarrufiga o‘tkazilishi tizim xodimlariga va aholiga qanday qulayliklar bermoqda?

– Xizmatlarni ko‘rsatish qulay, tez va shaffof bo‘ladi, chunki respublika bo‘yicha shu sohaga tegishli ma'lumotlar olish kerak bo‘lgan barcha vazirlik, idora va muassasalar bilan ulanish imkoniyatiga ega bo‘lgan tizim yaratilgan.

Elektron va onlayn qabullar tashkil etilgani va FHDYo bo‘limida mavjud ko‘p turdagi arizalar xodim tomonidan elektron ravishda to‘ldirilishi va faqat fuqaro tanishib chiqib imzo qo‘yishi sababli fuqarolarning kutish uchun ketgan vaqti keskin qisqaradi (ilgari yarim, hattoki bir kun o‘tirib qabulga kirolmasdan ketish hollari bo‘lgan).

Bunda tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi va boshqa turdagi gerbli guvohnomalarni elektron ravishda to‘ldiriladi, barcha turdagi dalolatnoma yozuvlari elektron ravishda «FHDYo Yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritiladi.

Respublikadagi FHDYo bo‘limlari, viloyat FHDYo arxivlaridan tug‘ilganligi qayd etilmaganligi, nikohda turmasligi haqidagi ma'lumotlarni (71-shakl deyiladi) eksterritorial tartibda Davlat xizmatlari markazlari orqali olinishi tartib bilan belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, to‘lovlar billing invoys orqali to‘lanishi sababli uzoqda joylashgan bank yoki kassaga borish uchun vaqt sarflanmaydi. Elektron tizim yo‘lga qo‘yilgani sababli tibbiyot muassasalari bilan, tug‘ruqxonada bola tug‘ilishi bilan elektron ravishda FHDYo bo‘limiga ona va bola haqidagi ma'lumotlar yetib kelishi yo‘lga qo‘yilgan. Shu jumladan, vafot etgan shaxslarning ham o‘lim haqidagi tibbiy ma'lumotlari tibbiyot muassasalari tomonidan elektron ravishda yuborish joriy qilindi.

– Viloyatlarda fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatida avval qanday kamchiliklar bor edi, bugunga kelib qanday barham topmoqda?

– Yuqorida aytib o‘tganimday, samarali elektron tizim yaratilgani sababli fuqarolar o‘ziga va yaqinlariga tegishli bo‘lgan hujjatlarni izlashi uchun bir nechta joyga borib bir kun xattoki yillar davomida yugurishi barham berildi. Shuningdek, aholining asabiga tegadigan keraksiz qog‘ozbozlik kamaydi, vaqt tejalishiga sharoit yaratildi.

Shuningdek, faqatgina tizim orqali ishlash bilan cheklanmasdan, nikohni bekor qilish maqsadida murojaat qilgan yoshlar, oilalarda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oilani saqlash, mazkur oila yashaydigan mahallalarni ushbu oila nikohni bekor qilish masalasida murojaat qilgani haqida ogohlantirish, oila a'zolari bilan suhbatlar o‘tkazish tartiblari joriy qilindi. Bu esa o‘z navbatida oilalar bilan ularning muammolarini nikohni bekor qilmasdan hal etish imkoniyatini yoshlarga ko‘rsatib berish uchun zamin yaratadi.

Madina Mahmudova

– FHDYo tizimidagi eng qadimiy hujjat nechanchi yilga doir va ayni paytga qadar hujjatlarning necha foizi raqamlashtirilgan?

– FHDYo tizimida raqamlashtirish 2018 yildan prezidentning «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan boshlangan. Dastlab 147ta arxivarius shtati bilan boshlaganmiz. Bugungi kunga kelib 70 milliondan ortiq fuqarolarning dalolatnoma holatlari yozuvlari nusxalari mavjud. Ularning 68 foizi raqamlashtirilgan.

FHDYo organlarida eng qadimiy hujjat 1919 yildagi dalolatnoma yozuvlariga borib taqaladi.

– Ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan savolni beraman, ya'ni ism qo‘yish. Ota-ona farzandiga xalqimiz uchun noodatiy, aniq xato bilan ism qo‘ysa yoki shu shaklda bo‘lishini istasa, nima qilinadi? Rad etiladimi, tavsiya beriladimi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadimi?

Oila kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 387-son qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaga binoan, ota-onalar farzandlariga istagan ismni qo‘yishga haqli. Lekin bu ism an'analarimizga, o‘zbekchiligimizga to‘g‘ri kelmaydigan, kelajakda bolaning obro‘yiga ta'sir qiladigan bo‘lmasligi kerak.

Bunday holatlarda FHDYo xodimi ismni rad qilishga haqli. Chunki o‘zbekchilikda ota-onaning farzandi oldida 3ta burchi bor. Mazkur burchlarning eng birinchisi farzandiga chiroyli, ma'noli ism qo‘yish. Uning hayotimizdagi ahamiyati katta.

– Lekin shunga qaramay, oramizda Messi, Ronaldular bor.

– Buni ham inkor eta olmaymiz. Kimdir futbolchi yoki kino aktyorining muxlisi bo‘ladi. Fanatizm degan tushuncha bor, shundan kelib chiqib, farzandlariga mashhur insonlarning ismini qo‘yishmoqda. Farzandlariga ism qo‘yish huquqlarini cheklamagan holda ularga bunday ismlarni qo‘yishga ruxsat beriladi.

– Hududlarda bu soha uchun kadrlar yetarlimi, ularning malaka toifalarini oshirish uchun nimalar qilinmoqda?

Albatta, hamma sohadagi ishlarning rivojini kadrlar belgilaydi va o‘ylaymanki, tizimda jonkuyar va fidoyi kadrlar yetarli. Shuningdek, tizimdagi kadrlarni bilimi, tajribasi va malaka toifalarini oshirish uchun Davlat xizmatlari agentligi tomonidan maxsus chora-tadbirlar rejasi tuzilib, ushbu rejaga asosan Respublika yuristlar malakasini oshirish markazida muntazam ravishda ishlar olib borilmoqda.

– FHDYo bo‘limlarining maoshi, ularning rag‘batlantirishi yuzasidan ham qisqa ma'lumot bersangiz.

Albatta, moliyaviy rag‘batlantirish xodimlarning o‘z xizmat vazifalariga vijdonan va sidqidildan yondashishlariga turtki bo‘ladi. Shu bois, FHDYo organlari xodimlarining mehnatiga adolatli haq to‘lash choralari ko‘rilmoqda. Bu haqida FHDYo organlari mas'ul xodimlari bilan uchrashuvlarda, o‘tkaziladigan yig‘ilishlar davomida ma'lumotlar bir necha bor yetkazilgan. Xususan, FHDYo bo‘limlari xodimlarining oylik ish haqini oshirish, ularga ustamalar belgilash hamda sohani takomillashtirish bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan hukumat qarori imzolandi. Qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:

– FHDYo organlari xodimlarining martaba darajasi va ko‘p yillik xizmati uchun ustamalar miqdori oshirilib, adliya organlari xodimlariga to‘lanadigan ustamalarga tenglashtirish;

– FHDYo bo‘limlarining tuman (shahar) hokimliklari tasarrufida bo‘lgan davri, martaba darajasi berish va ustamalarni to‘lash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shish;

– FHDYo organlari xodimlari mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlariga ko‘ra Agentlikning hududiy boshqarmalari bo‘limlari xodimlariga, ya'ni FHDYo organi mudiri – bo‘lim boshlig‘iga, 1-toifali inspektor – bosh mutaxassisga, 2-toifali inspektor – yetakchi mutaxassisga tenglashtirilishi va boshqa o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan.

– 2020 yil 4 avgustdagi «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori bo‘yicha Agentlik va FHDYolarda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tushuntirish bersangiz.

Albatta, bugun barcha sohalar dunyodagi trendlar bilan hamnafas bo‘lishi uchun avvalambor raqamlashtirish ishlarini amalga oshirishi kerak. FHDYo sohasi ham bundan mustasno emas. Raqamlashtirish — davlat xizmatlarini olishni soddalashtirish demak. Bu borada yurtboshimiz tomonidan Agentlik sohasiga berilgan e'tibor tufayli DXA tomonidan fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha ishlar ancha oldin boshlab qo‘yilgan.

Hozirgi kunda «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimiga FHDYo organlari arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirishni to‘liq yakunlash uchun qo‘shimcha xodimlar ishga jalb etilgan. Ular orgtexnika vositalari, ofis jihozlari, kanselyariya tovarlari bilan ta'minlandi. Axborot tizimiga kiritish ishlari yakunlangan tuman (shahar)larda tizimdagi dalolatnoma yozuvlariga JShShIR (ya'ni, PINFL) biriktirish ishlari boshlanadi. Natijada hozirda mamlakatimiz bo‘yicha 38 millionta (ya'ni 68 foizdan ortiq) dalolatnoma yozuvlari raqamlashtirilib, «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritilgan. Toshkent shahrida nikoh va nikohdan ajralganlik haqida arxiv hujjatlari to‘liq raqamlashtirilgani bois, ushbu ma'lumotlarni onlayn tarzda olish imkoni yaratildi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid