Jahon | 18:49 / 06.09.2020
16385
3 daqiqa o‘qiladi

«Xayshen» tayfuni: Yaponiyada ommaviy evakuatsiya, tabiiy ofat Koreya va Primorega ham zarba berishi mumkin

Yaponiyada hukumat 200 mingdan ortiq kishini qirg‘oq hududlaridan evakuatsiya qilish to‘g‘risida buyruq berdi. Mamlakatga «Xayshen» supertayfuni yopirilmoqda. Rossiyaning Primore o‘lkasi va Koreya yarimorolida ham tabiiy ofatga tayyorlanishmoqda.

Foto: EPA

Bir necha kundan buyon Yaponiyaning janubiy hududlari tomon harakatlanayotgan «Xayshen» to‘foni yakshanba kuni sezilarli darajada kuchaymoqda. Ayni vaqtga kelib janubiy orollar aholisining bir qismi elektr tarmog‘isiz qolgan.

Ayni vaqtda Yaponiyaning janubiy prefekturalaridan biri Okinavaga yopirilgan, dushanba kuni esa Janubiy Koreyaga yetib boradi.

«Xayshen» supertayfun sifatida baholanmoqda - uning markazida shamol tezligi soniyasiga 80 metrga yoki soatiga 290 kilometrga yetmoqda.

Primore o‘lkasida «Xayshen»ni dushanba-seshanba kunlariga kutishmoqda. Bu hududda Favqulodda vaziyat vazirligi bo‘linmalari shay holatga keltirilgan.

Yaponiya hukumati favqulodda yig‘ilish chaqirgan, unda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rib chiqiladi.

Bu so‘nggi hafta davomida Yaponiyaga yopirilgan ikkinchi yirik to‘fondir. Bir necha kun muqaddam bu yerda «Maysak» to‘foni kuzatilgan, bu so‘nggi bir necha yil ichidagi eng yirik tabiat hodisasiga aylangandi.

«Maysak» tufayli Yaponiyaning aryrim hududlarida maktablar yopildi va poyezdlar harakati to‘xtatildi. Yuzlab aviareyslar bekor qilindi.

«Maysak» Shimoliy Koreyaga ham ta'sir qildi.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, KXDRda o‘nlab kishilar tabiiy ofat qurboniga aylangan. Mehnat partiyasining rasmiy gazetasida qurbonlar soni aniq keltirilmagan, ammo mahalliy amaldorlar mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganlikda ayblangan. Bu xodimlarni jazo kutayotgani xabar qilingan.

«Odamlarning o‘limida aybdor bo‘lganlarga partiyaviy, ma'muriy va sud choralarini ko‘rishga qaror qilindi», deyiladi maqolada.

Maysak Janubiy Koreyaga ham zarba bergan - Pusan shahrida ikki mingdan ortiq kishi ko‘chirilgan.

«Xayshen» esa supertayfun hisoblanayotgan bo‘lsada, nisbatan kamroq talafot ko‘rsatishi kutilmoqda. Yaponiya meteorologiya agentligi bu safar xavfning yuqori darajasi haqida e'lon qilmagan.

Ammo oqibatlar halokatli bo‘lishi ham mumkin. Sinoptiklar birinchi navbatda suv toshqini yuzaga kelishidan xavotirda. Agentlik rahbari Yoshixisi Nakamoto daryo bo‘ylarida yashovchi aholi xavf ostida qolgan.

Tayfun kuchli zarba berishi mumkin bo‘lgan Goto shahri va Nagasaki prefekturasida yashovchi yuz minglab kishilar evakuatsiya qilinishi belgilab olingan.

Mahalliy nashrlarning yozishicha aholining bir qismi maxsus tayyorlangan boshpanalarga emas, xavfsiz hududlardagi mehmonxonalarga borib joylashishni afzal ko‘rmoqda.

Mavzuga oid