Jahon | 23:31 / 07.09.2020
3909
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada jamoat transportida tik turib ketish taqiqlandi

Foto: Reuters

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Kojaning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada koronavirus pandemiyasi o‘zining ikkinchi cho‘qqisiga chiqqan.

Turkiyada koronavirus yuqtirish holatlari ko‘payganligi sababli jamoat transportida tik turib ketish taqiqlandi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi.

"Biz COVID-19 bilan kasallanish o‘sishini kuzatmoqdamiz. Shu bois pandemiyaga qarshi kurashish choralari kuchaytirilmoqda. Qahvaxona va restoranlar yanada qattiqroq nazorat qilinadi. Jamoat transportida tik turib ketishga aslo ruxsat berilmaydi", - dedi Erdo‘g‘an Anqarada qilgan chiqishi chog‘ida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, niqob taqmagan va ijtimoiy masofaga rioya qilmagan fuqarolar majburiy tartibda jarimaga tortiladi.

Avvalroq mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Koja Turkiyada koronavirus pandemiyasi o‘zining ikkinchi cho‘qqisiga chiqqanini ma'lum qilgandi.

Uning aytishicha, keyingi kunlarda kasallik yuqtirish va o‘lim holatlari bo‘yicha may va iyun oylaridan buyon eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda kasallik yuqtirganlar soni 281,5 mingdan oshgan, 6730 kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid