O‘zbekiston | 15:13 / 07.09.2020
11845
3 daqiqa o‘qiladi

XTV birinchi o‘qish haftasini tashkil etish bo‘yicha ota-onalarga tavsiyalar berdi

Xalq ta'limi vazirligi birinchi o‘qish haftasini tashkil etish bo‘yicha ota-onalarga tavsiyalar berdi. 

Vazirlik ma'lumotida aytilishicha, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin davrida maktab o‘quvchilari o‘tgan o‘quv yilining ikkinchi yarmida masofadan ta'lim oldilar va yangi o‘quv yilida bolalar 14 sentyabrdan boshlab maktabga boradilar.

Shu o‘rinda psixologlar bunday uzoq karantindan chiqish uchun vaqt (kamida 3 hafta) talab etilishini inobatga olib, bolaning hissiy holatiga e'tibor berish so‘ralgan. Ota-onalar o‘z farzandlarida o‘tkazib yuborilgan vaqt davomidagi o‘zlashtira olmaganlariga yetishib olish uchun paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan stressni yengishga yordam berishlari kerak.

Karantindan keyingi birinchi o‘qish haftasini qanday tashkil etish bo‘yicha ba'zi maslahatlar keltirilgan:

farzandingizga o‘qish va dam olish vaqtini taqsimlashida yordam bering. Maktabdan keyin bola albatta dam olishi, ovqatlanishi va shundan keyingina uy vazifasini bajarishni boshlashi kerak. Unga yozma va og‘zaki topshiriqlarni bajarishni almashtirib turishini va ular orasida qisqa tanaffuslar qilishi kerakligini ayting. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘z diqqatlarini 10-15 daqiqa davomida bitta topshiriqni bajarish uchun jamlashlari mumkin. Bitta mashg‘ulot aynan shuncha vaqt davom etishi kerak;
  
bolaning televizor oldida va kompyuterda o‘tkazadigan vaqtini cheklang - bu mashg‘ulotlar nafaqat dam olishga yordam bermaydi, balki tanani charchatadi;
  
farzandingiz uxlashga erta yotishini nazorat qiling. Doimiy ravishda uyquga to‘ymaslik charchoqni, yomon kayfiyatni va diqqatning tarqoq bo‘lishini keltirib chiqaradi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar kamida 10 soat, o‘spirinlar esa 9 soat uxlashlari kerakligini unutmang;

karantin ta'tilidan keyin bola maktabda yomon baho olishi mumkin. Unga tanbeh bermaslikka harakat qiling, bunga sabrli bo‘ling. Doimiy tanbehlar tufayli o‘g‘lingiz yoki qizingizning o‘zlariga, o‘z imkoniyatlariga  bo‘lgan ishonchini yo‘qotishiga yo‘l qo‘ymang.

muayyan vaziyatda qanday munosabat bildirishni bilmasangiz, o‘zingizni bolaning o‘rniga qo‘ying. O‘z bolaligingizni eslang va farzandlaringizni baxtli xotiralardan mahrum qilmang.

Avvalroq, XTV masofadan o‘qitiladigan bolalarning ota-onalariga tavsiyalar bilan chiqqandi.

Mavzuga oid