Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: Britaniyada yangi holatlar soni keskin o‘sdi, Hindiston ikkinchi o‘rinda
Britaniyada so‘nggi ikki kun ichida koronavirusga chalinish holatlari soni keskin ortib ketdi, olimlar mahalliy o‘choqlar keng tus olishidan ogohlantirmoqda, Lloyd-Uebber teatrlarni asrab qolishga chaqirdi, Hongkong karantin choralarini yengillashtirdi, Tokio har qanday holatda ham Olimpiadani o‘tkazishni istayapti.
Britaniyada yangi kasallanish holatlari soni oshishi yoshlar bilan bog‘lanmoqda
Britaniyada so‘nggi ikki kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalinishning yangi holatlari soni keskin ortdi. Dushanba kuni 2,9 mingdan ortiq kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi. Bu may oyidan beri eng yuqori o‘sishdir.
Mamlakatda jami 350 mingdan ortiq holat aniqlangan, 41,5 mingdan ortiq kishi vafot etgan.
Britaniyada iyul oyining o‘rtalariga qaraganda to‘rt baravar ko‘p yangi bemorlar qayd etilmoqda. Maktab va keyinchalik universitetlarning ochilishi vaziyatni yanada kuchaytiradi degan xavotir bor.
Yangi holatlar sonining ko‘payishi yoshlar bilan bog‘liq. Bemorlarning deyarli yarmi 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlardir. Shuningdek, o‘spirinlarda va 40 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasidagi ko‘rsatkichlar soni sezilarli darajada oshgan.
Pandemiya avvalida virus yuqtirish holatlarining aksariyati qariyalar o‘rtasida kuzatilgan. Ammo bu, birinchi navbatda, o‘sha vaqtda koronavirusni aniqlovchi testlar asosan kasalxonalarda o‘tkazilgani bilan bog‘liq.
Odatda, virus yuqtirgan yoshlar kamdan kam hollarda kasalxonaga yotishga muhtojlik sezishadi va rasmiy ma'lumotlar statistikasiga ham kamdan kam hollarda kiritiladi.
Mahalliy o‘choqlar keng miqyosli bo‘lishi mumkin
Britaniyalik olimlar rasmiylarning karantin choralarini juda erta yumshatgani sababli kasallanish egri chizig‘ining yana ko‘tarilishidan ogohlantirdi. London universiteti kolleji epidemiologi Endryu Heyvardning aytishicha, mamlakatning ayrim hududlarida mahalliy epidemiyalar yanada kattalashishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, virusning yangi tarqalishiga jiddiy e'tibor berilmasa, yangi holatlar soni nazoratdan chiqib ketishi mumkin.
U muvozanat zarurligini va odamlar odatiy hayotga qaytishlari kerakligini e'tirof etdi.
Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, karantin choralari yumshatilishi, masalan, maktablar va universitetlarning ochilishi, shuningdek odamlarning ommaviy ravishda ish joylariga qaytishi yilning odatiy kasallanishlar ortadigan vaqtida sodir bo‘ladi.
«Kasallikning yuqish xavfini kamaytirish kerak va bu aloqaga kirishadigan odamlar sonini kamaytirishni talab qiladi. Avvalo, bu turli yosh toifasidagi odamlar o‘rtasidagi aloqalarga tegishli», dedi u.
Hindistonda kunlik rekord
Seshanba kuni Hindiston hukumati kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha rekord qayd etilgani haqida ma'lum qildi - 90 ming holat. Ushbu mamlakatda atigi 13 kun ichida jami holatlar soni 3 milliondan 4 millionga yetdi. So‘nggi hafta davomida kunlik holatlar soni 75 mingdan kam bo‘lmayotgandi. Endi ushbu mamlakat jahon reytingida Braziliyani ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa chiqqan.
Yangi holatlarning 60 foizi Andxra-Pradesh, Tamilnad, Uttar-Pradesh, Maxarashtra va Karnatakaga to‘g‘ri keladi.
Hindistonda yangi holatlar o‘sishi virus so‘nggi haftalarda qishloqlar bo‘ylab tarqalgani bilan izohlanmoqda. Bundan tashqari, Hindiston hukumati ommaviy test olishni kengaytirgan.
Virus hatto Hind okeanida ajralib qolgan Andaman orollarining tub aholisida ham aniqlangan - Katta Andaman qabilasi aholisining 10 nafar vakilida Covid-19 tasdiqlangan.
Hindiston aholisining zichiligi va kasallik episentri — Xitoyga yaqin bo‘lishiga qaramay, uzoq vaqtda yangi kasallanish holatlarini minimal darajada ushlab kelayotgandi. Mamlakatda bahordayoq qattiq karantin rejimi joriy etilgan. 20 may kuni Mumbay ko‘chalaridagi harakat pandemiyaga qadar bo‘lgan davrning 17 foiziga tushib ketgan. Taqqoslash uchun, Moskvada o‘sha vaqt ko‘chalardagi faollik 48 foizni tashkil etgan.
Kompaniyalarda qisqartirishlar
Pandemiyaning biznesga salbiy ta'siri tufayli britaniyalik ish beruvchilar jami 300 mingdan ortiq kishini ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda.
BBC’ga ma'lum bo‘lishicha, iyunda 1,8 mingdan ortiq kompaniya 156 mingdan ortiq ishchini bo‘shatishga qaror qilgan, iyulda 1784 firmada qisqartirishlar rejalashtirilib, qariyb 150 ming kishi ishdan bo‘shatilgan. bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yetti barobar ko‘pdir.
Karantin choralari tufayli restoranlar va do‘konlar yopiq turdi, turizm sohasi esa butunlay to‘xtadi. Natijada kompaniyalar ishchilarni qisqartirishga majbur bo‘lishdi.
Hukumat bandlikni saqlash bo‘yicha dastur evaziga 9,6 milliondan ortiq kishi ishini saqlab qolgani, bu odamlar ishlay olmagan vaqtda davlatdan moliyaviy yordam olgani haqida ma'lum qildi. Ko‘plab kompaniyalar ssudalar va grantlar olishgan.
Teatr xarob bo‘lish arafasida
Teatr san'ati karantingacha bo‘lgan miqyosini qayta tiklana olmaydigan chegaraga yetib keldi, deb ma'lum qildi bastakor Endryu Lloyd-Uebber Britaniya parlamentida.
Dunyoga mashhur musiqiy asarlarning muallifi teatrlarning ijtimoiy masofalanish sharoitida ishlashi iqtisodiy jihatdan foydasiz bo‘lishini aytdi.
«Biz shunchaki ushbu san'at sohasini ochib, uning ishlashiga imkon berishimiz kerak. Biz qaytishi yo‘q chegaraga kelib qoldik», dedi u parlamentning madaniyat qo‘mitasi a'zolariga.
Hongkong uchinchi to‘lqindan keyin cheklovlarni yumshatmoqda
Ko‘pgina mamlakatlarda koronavirusdan kasallanish egri chizig‘i o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa-da, ba'zilarida vaziyat yaxshilanmoqda. Masalan, Hongkongda so‘nggi vaqtlarda kuniga 10tadan kam holat qayd etilyapti, shu munosabat bilan shahar ma'muriyati ba'zi cheklovlar yumshatilishini e'lon qildi.
Masalan, odamlar to‘rt kishilik guruhlarga to‘planishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, juma kunidan boshlab ba'zi sport maydonchalari ochiladi.
«Uchinchi to‘lqin ikki oy avval boshlangan va u hali ham davom etmoqda», dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Sofiya Chan.
Avvalroq 6 sentabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan parlament saylovlarini bir yilga qoldirishga qaror qilingan edi. Muxolifat rasmiylar pandemiyadan odamlarning o‘z xohish-irodalarini bildirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun foydalanmoqda, deb hisoblagan.
Boshqa mamlakatlarda:
- Ispaniyada pandemiya boshidan beri virus yuqtirganlarning umumiy soni 525,5 mingdan oshdi. Mamlakat Yevropa Ittifoqida yarim milliondan ortiq yuqtirish holatlari aniqlangan ilk davlat bo‘ldi. So‘nggi haftalarda infeksiya egri chizig‘i o‘sib bormoqda.
- Daniya televideniyesi 35 yoshgacha bo‘lgan odamlarning taxminan 74 foizi pandemiya tufayli stress, yolg‘izlik va doimiy charchoqni boshdan kechirganini aniqladi.
- Ma'lumotlarga ko‘ra, Italiyaning sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni tuzalmoqda. Xabarlarga ko‘ra, u kelasi hafta Milan kasalxonasini tark etadi. U o‘tgan hafta ikki tomonlama pnevmoniyaning dastlabki bosqichi bilan kasalxonaga yotqizilgandi.
- Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison mamlakat yanvar oyida koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi partiyasini qabul qilishi kutilayotganini ma'lum qildi. Gap Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasi tomonidan tayyorlanayotgan vaksina haqida bormoqda. Hozirda Britaniya, Braziliya va JARda ushbu vaksinaning yakuniy sinovi o‘tkazilmoqda. Avstraliya oladigan birinchi partiya 3,8 mln dozadan iborat bo‘ladi.
Mavzuga oid
08:50
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
08:44
Yevropa yetakchilari va Zelenskiy tinchlikning besh shartini e’lon qildi
16:53 / 04.06.2026
Buyuk Britaniyada 18 yoshli talaba o‘limi tufayli namoyish va tartibsizliklar ro‘y berdi
08:44 / 02.06.2026