«Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi
Qonunning maqsadi telekommunikatsiyalar sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek “Aloqa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi 822-I-sonli Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlanadi.
“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan moddalari amalda o‘z kuchini va dolzarbligini yo‘qotgan, amalda bo‘lgan bandlari tegishliligicha “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi hamda mazkur “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunlarda o‘z aksini topgan “Aloqa to‘g‘risida”gi qonun bekor qilinadi.
“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiyalar tarmoqlari ommaviy yoki xususiy mulkda bo‘lishi mumkin.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarining barcha mulkdorlari teng huquqlarga ega va qonunda kafolatlangan teng himoyadan foydalanadilar.
Telekommunikatsiyalar inshootlari va uskunalaridan foydalanish, ularni saqlash, qurish, qayta qurish, ta'mirlash bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun operator va provayderlarga “Yer kodeksi”ga muvofiq huquq asosida berilgan yerlar telekommunikatsiyalar tarmoqlarining yerlari hisoblanadi.
Telekommunikatsiyalar faoliyatini ta'minlash uchun yerlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
Telekommunikatsiyalarning kabel, radiorele va havo tarmoqlaridan foydalanishni ta'minlash maqsadida muhofaza tegralari belgilanadi.
Muhofaza tegralarini o‘rnatish tartibi, ularning o‘lchamlari, mazkur maqsadlar uchun ajratilgan yerlardan foydalanish rejimi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlari belgilangan maqsadiga ko‘ra umumiy foydalanishdagi, idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlariga bo‘linadi.
Telekommunikatsiyalar xizmatlari ko‘rsatishning yagona prinsiplari, ularni taqdim etish va haq to‘lashning tartibi asosida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan telekommunikatsiyalar tarmog‘i umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlariga kiradi. Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmog‘ida telekommunikatsiyalar xizmatlari ko‘rsatish qoidalari telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning ishlab chiqarish va maxsus ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan, ularning ixtiyorida bo‘lgan va ular tomonidan foydalaniladigan telekommunikatsiyalar tarmoqlari idoraviy telekommunikatsiyalar tarmoqlariga kiradi. Idoraviy telekommunikatsiyalar tarmoqlari boshqa foydalanuvchilarga telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish uchun ham ishlatilishi mumkin.
Ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlari jumlasiga foydalanuvchilarning muayyan doirasiga xizmatlar ko‘rsatish uchun yuridik shaxslarning tijorat maqsadlarida yaratgan telekommunikatsiyalar tarmoqlari kiradi.
Idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlarining operatorlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish qoidalari ushbu telekommunikatsiyalarning operatorlari yoki provayderlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Operator va provayderlari o‘zaro tijoriy kelishuv asosida va qonun hujjatlariga muvofiq aktiv va passiv telekommunikatsiyalar infratuzilmasidan, aloqa kanallaridan va/yoki radiochastota spektridan birgalikda foydalanishlari mumkin.
Telekommunikatsiyalar sohasida davlat tomonidan tartibga solish litsenziyalash, sertifikatlash, soliqqa tortish, ilmiy-texnik siyosatni shakllantirish yo‘li bilan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vositalar orqali amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiyalar sohasida davlat tomonidan boshqaruv telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ:
telekommunikatsiyalar sohasida davlat siyosatini yuritadi;
telekommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy dasturlarini ishlab chiqadi;
telekommunikatsiyalar sohasida standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini litsenziyalash va ruxsat berishni amalga oshiradi;
telekommunikatsiyalar xizmatlarining ayrim turlari, shuningdek tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga soladi;
operatorlar va provayderlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun teng va adolatli raqobat muhitini ta'minlanishiga ko‘maklashadi;
telekommunikatsiyalar texnik vositalarining sertifikatlanishiga doir ishlarni tashkil etadi;
erkin raqobat asosidagi telekommunikatsiyalar xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga ko‘maklashadi;
operatorlar va provayderlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarining axborot xavfsizligini ta'minlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalalarini ko‘rib chiqadi;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimini ishlab chiqadi va raqamlash rejasini boshqarishni amalga oshiradi;
Internet tarmog‘i milliy segmentining manzil maydonidan foydalanish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, domen nomlari tizimini belgilaydi;
telekommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlaydi;
davlat boshqaruvi organlari, operatorlar va provayderlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlari va xizmatlarini rivojlantirish masalalariga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tegishli organlar bilan hamkorlikda tarmoqqa ruxsatsiz ulanish va trafikni o‘tkazishda o‘rnatilgan himoya choralarini aylanib o‘tish ustidan nazorat o‘rnatadi;
sohadagi inson kapitalini yaratish va rivojlantirishni tashkil etadi;
telekommunikatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy telekommunikatsiyalar tarmoqlarini joriy etish, rivojlantirish va ulardan samarali foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslarga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakllantirish masalalari bo‘yicha takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqadi;
telekommunikatsiyalar sohasida atamalar va ta'riflarni belgilash hamda ularni tasdiqlash. Vazirlik va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda tasdiqlangan atamalarga rioya qilishlari lozim;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan normativ hujjatlari talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Mavzuga oid
14:55
Raqamli dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi
11:50 / 20.11.2024
Prezident: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin
17:35 / 18.11.2024
O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
09:59 / 13.11.2024