Muqaddam sersuv, hayvonot olami va baliqlari turfa bo‘lgan daryolar xavf ostida qolmoqda, ayrim hollarda daryo o‘zanlari o‘rtasida uchrab turadigan kichik orolchalar umuman yo‘q bo‘lib ketishi ehtimoli yuzaga kelgan.
Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi olib borgan ekologik nazorat tadbirlarida o‘rganish o‘tkazilgan jami 544ta korxonaning 385tasida qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Qonunbuzilish holatlarining 70 foizi oqova suvlari suv havzasiga ruxsatsiz oqizilgani, 20 foizi qum-shag‘al noqonuniy qazib olingani, 5 foizi chiqindilar belgilanmagan joylarga joylashtirilgani, 5 foizi esa ekologik-me'yoriy xujjatlarning mavjud emasligi bilan bog‘liq.

Masala yuzasidan Kun.uz bilan suhbatlashgan qo‘mita boshqarma boshlig‘i Sobir Mashrabovning bildirishicha, qonunbuzar tadbirkorlarga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan 411,8 mln so‘m miqdorida ma'muriy jarimalar qo‘llanib, atrof-muhitni ifloslantirgani uchun qo‘shimcha ravishda 1 mlrd 228 mln so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblangan.
«Bundan tashqari, daryo o‘zanlari atrofida o‘tkazilgan reydlar davomida qum-shag‘alning noqonuniy qazilishi, chiqindilar belgilanmagan joyda tashlab ketilishi va yoqilishi bo‘yicha 918ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib 1 mlrd 85 mln so‘m ma'muriy jarimalar belgilandi.
Toshkent viloyatida qurilish chiqindilarini joylashtirish bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lib, qurilish ishlari jarayonida hosil bo‘layotgan chiqindilarni joylashtirish poligonlari tashkil etilmagani sababli, ushbu chiqindilar avtomobil yo‘llari yoqalariga, suv obektlarining muhofaza zonalariga va boshqa qarovsiz hududlarga to‘kib ketilmoqda», — deydi u.


















