21:06 / 09.09.2020
43724

Shifokorlarga dorixona ochish huquqi berilishi kutilmoqda. Yangilik farmatsevtlar e'tiroziga sabab bo‘ldi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda jadal davom etayotgan bahslardan biri shifokorlarga dorixona ochish imkoniyati berilishi bo‘ldi. Bu yangilik farmatsevt-provizorlar orasida norozilik tug‘dirdi. Quyida tahririyatimizga kelgan xatlar asosida mavzuni o‘rganishga harakat qildik.

Umuman, mavzu tarixiga nazar tashlansa, yaqin-yaqingacha ham shifokorlar bemorga muolajani tayinlash bilan birga dorilarni ham o‘zlari berishgan. Bu amaliyot uzoq qishloqlarda qisman saqlanib qolgan – chunki o‘zi yagona tibbiy punkt bor qishloqda yana alohida dorixona ochilishi yoki qaysidir tadbirkor shuncha xarajat qilib ochishi o‘zini oqlamaydi. Dorixonalar tizimi, umuman dori sotish industriyasi keskin rivojlanib, yangi bosqichga chiqishi bilan bu sohaning ham o‘z egalari paydo bo‘ldi. Endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligining nafaqat farmatsevtlarga, balki shifokorlarga ham dorixonalar ochish imkonini berishi dorishunoslarning e'tirozlariga sabab bo‘lyapti.

Ularni ham tushunish mumkin, sababi, ko‘pchilikka ma'lumki, aynan dorixonalardagi katta talab tufayli farmatsevt-provizorlar diplomining qadri baland edi. Birgina mutaxassis o‘z diplomi orqali bir nechtalab joyda ishlab daromad qilar, ayrim ustomonlari esa faqat diplomini yuritib qo‘yish orqali ham durustgina moyana olib turardi. Yangi loyiha ularni bu daromaddan mosuvo qilishi mumkin.

Lekin ular yo‘llagan maktublarga e'tibor berilsa, daromaddan boshqa jihatlarni ham e'tiborga olish zarurati borligi anglanadi.

«Dorixonalar soni bo‘yicha dunyo rekordchilaridan birimiz»

Qo‘shmurod Yomg‘irov, Farmatsevt–provizor, mustaqil tadqiqotchi:

– O‘zbekistonda 14 409 ta dorixona bor. Har 2400 kishiga bitta dorixona yoki filiali to‘g‘ri keladi. Bu raqam bilan dunyoda rekordchilardan birimiz.

O‘zbekistonga yetuk, halol va bilimli vrachlar kerak. Provizorlar va dorixonalar yetarlicha bor: raqobat haqida gapirish shart emas. Dorixonalar soni oshib borgani sari ularni tekshirish va nazorat qilish imkonsiz bo‘lib bormoqda.

Xuddi shunday holat 1994 yilda yuzaga kelgan: sobiq ittifoq tarqalganidan so‘ng aholini dorilar bilan ta'minlash masalasi juda qiyin bo‘lib qoladi. Shunda xususiy dorixonalar ochilishiga ruxsat etiladi. Sharti – dorixona mudiri oliy yoki o‘rta ma'lumotli farmatsevt diplomiga ega bo‘lishi kerak edi xolos. Shundan so‘ng bir yil ichida dorixonalar soni shu qadar ko‘payib ketadi-ki, har bir sartaroshxona, har bir bekatdagi binolar yarmida dorixonalar-u «aptekachilar» paydo bo‘ladi. Ularni nazorat va monitoring qilish mutlaqo imkonsiz bo‘lib qolgandi.

Respublikamizning turli hududlarida kontrabanda va turli yo‘llar bilan import qilingan yaroqli-yaroqsiz medikamentlarning norasmiy «Dori bozorlari» vujudga kelgandi. «Qo‘qon dori bozori» va «Hazorasp dori bozori» hamda Toshkentdagi «Oloy dori bozori» ularning eng yiriklari bo‘lgan. Konteyner – vagonchalarda ekctremal havo haroratida (+40*S dan +55*S ) eng yaxshi tarkibli, sifatli dorilar ham o‘n kunga qolmasdan o‘z ta'sirini butkul yo‘qotgan...

Turli farmatsevtik kompaniyalar va firmalar juda kuchli ta'sir usullari va qimmatbaho sovg‘alari orqali eng yaxshi vrachlarni xam og‘dirib olishayotgan bir paytda asosiy e'tiborni tibbiyotimizni isloh qilishga qaratish kerak.

Son oshgani sari sifat yo‘qolib boradi. «Karvon ko‘p – rizqi bo‘lak»? Bu maqolni aholi salomatligiga nisbatan qo‘llagan shifokorning maqsadi aniq! Moddiy manfaatdorlik yo‘lida insonlarning hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yadigan, farmkompaniyalar «bonuslari»ga qarab retsept yozadigan «farm ekspert» kabi shifokorlar bor ekan, vrachlarga otiladigan toshlar, haqorat va kaltaklashlar haliveri to‘xtamaydi.

Hurmatli hamkasblar, vrachlarning elektron retsept tizimiga hamda xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha dori-darmonlarni tayinlashi shartligi haqidagi SSV buyrug‘iga amal qiling.

Tushuning, bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari yoxud maishiy texnika buyumlari do‘koni ochishga qarshi fikr bildirilmayapti! Bu – DORIXONA! Va unda aholi salomatligi uchun o‘ta muhim narsa – dori vositalari va tibbiy mahsulotlari sotiladi.

«Dorixona tizimi bilan faqat farmatsevt shug‘ullanishi zarur»

Sardor Yigitaliyev, farmatsevt-mutaxassis:

– Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi konun loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda keskin e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. 1994 yil Daniyada qabul qilingan «Aholi salomatligini saqlash butunjahon Kopengagen deklaratsiyasi»da belgilab qo‘yilgan va aksariyat davlatlarda qat'iy amal qilinadigan oltin qoida bor: «Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini tayyorlash, yaratish, yaroqlilik muddatlarini belgilash hamda chakana realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi shaxs farmatsevtik ma'lumotga ega bo‘lishi zarur. Dorixona mudiri (5 yildan kam bo‘lmagan) oliy farmatsevtik ma'lumotga va ayni sohada yetarli tajribaga (3-5 yil) ega bo‘lishi shart. Farmatsevtning bu vakolatlari o‘zgarmas va unga daxl qilishga hech qaysi soha vakiliga ruxsat etilmaydi».

Farmatsevtika yetakchilari hisoblangan AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Isroil kabi davlatlar qat'iyan amal qilayotgan bu deklaratsiyaga nima uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qarshi chiqyapti? Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Qayumovich Shodmonov muqaddam Tibbiyot instituti rektori lavozimida ishlagani va Tibbiyot institutlari mavqeyini oshirishga xayrixoh ekanini hisobga olmasak, farmatsevtik ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslarga dorixona boshqaruvi huquqini topshirishga qanday sabab bor?

«Dorixonalar soni ko‘paysa, raqobat ortadi va o‘z-o‘zidan sifati ham yaxshilanadi» degan bahona mutlaqo o‘rinsiz! Buning isboti: O‘zbekiston dorixonalar soni ko‘pligi bo‘yicha rekordchi davlatlardan biri hisoblanadi. Statistikaga nazar solsak, O‘zbekistonda har 10 ming aholiga 4,2 ta dorixona to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 2,1; AQSh da 2,6; Buyuk Britaniyada 2,5; Germaniyada 2,3ga teng.

Shundoq ham keragidan ortiq dorixonalarga ega O‘zbekiston aholisiga qachon sifatli farmatsevtik xizmat ko‘rsatiladi? Qachonki, soha boshqaruvi professional mutaxassislarga topshirilsa.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Kariyevning o‘zi farmatsevtik ma'lumotga ega bo‘lmay turib farmatsevtika sohasini rivojlantirishi, shaxmatchi Rustam Qosimjonov o‘zbek futbolini rivojlantiradi, degandek gap...

Farmatsevtika sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlarning yuragi hisoblangan Farmatsevtika institutining rektori lavozimiga ham farmatsevt olimlar chetda qolib, boshqa soha vakillarini tayinlash an'anaga aylanib ulgurdi. Farmatsevtika – bu shunchaki biznes emas. Farmatsevtika – bu dolzarb ijtimoiy soha! Dorixona – bu, shunchaki dori sotiladigan do‘kon emas! Dorixona – shifokor tomonidan bemorga o‘z dorilarini tavsiya qilib sotadigan joy ham emas!

Aynan dorixona boshqaruvini o‘qitish uchun tasdiqlangan o‘quv dasturi asosiy mutaxassislik fanlarining 3900 soatlik nazariy, 810 soatlik malakaviy darslarini, 600 soatlik kurs ishlari, 324 soatlik yakuniy attestatsion bilimlarni qamrab oladi. Ushbu o‘quv dasturi faqat farmatsiya fakulteti uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Tibbiyot institutlarida bu fanlar o‘qitilmaydi.

«Vrach dori sotadimi, bemor davolaydimi?»

M.M.Otamurodov, farmatsevt:

– Vrachlarga dorixona ochishga ruxsat berilishi qanchalik to‘g‘ri? Men o‘zim farmatsevtman. Apteka boshqarish qanchalik mashaqqatli ish ekanini juda yaxshi tushunaman. Ayniqsa hozirgi sharoitda: raqobat, har kuni chiqayotgan yangi dorilar, yaroqlilik muddati yaqinlashayotgan dorilar, ishchilarni nazorat qilish, aptekani toza-ozoda saqlanishiga e'tibor berish va hokazo... Xullas, dorixona ochib undan foyda olaman, degan odam kun bo‘yi shu dorixona ishlari yuzasidan band bo‘ladi.

Men vrachlarning dorixona ochishiga qarshi emasman, ular ham kerakli fanlarni o‘qishadi, bemalol dorixona ochib yurgizsa bo‘ladi. Umuman, hozir bu sohaga aloqasi yo‘q odamlar ham dorixona ochyapti. Bu ikkinchi masala, kimning qanaqa qilib non topishi o‘ziga havola.

Men vrachlar farmatsiyani tushunish-tushunmasligini bahs qilmoqchi emasman. Zero bu bahsda ikkala tomon ham keraklicha dalillar topib, o‘zini oqlay oladi. Meni qiynayotgan asosiy masala shuki, hozirgi kunda yurtimiz tibbiyoti maqtagulik ahvolda emas. Dunyoda har yili tibbiyot sohasida qanchadan qancha yangiliklar qilinyapti. Lekin bizning tibbiyotimiz ko‘p kasallarni esa hali ham o‘sha eski standartlar bo‘yicha davolayapti. (Albatta besh qo‘l barobar emas, yaxshi malakali mutaxassisislar ham bor). Viloyatlarimizda yaxshi, yuqori malakali mutaxasisslar yetishmaydi. Endi o‘ylab ko‘ring, shunaqa paytda vrachlarga dorixona ochishga ruxsat berilsa, bor bo‘lgan kuchli mutaxassislarimiz ham pulga qiziqib dorixona ochib, biznesga o‘tib ketib qolsa, kasallarning ahvoli nima bo‘ladi? Ularning dardiga kim darmon bo‘ladi? Dorixona ochgan vrach qaysi ishini o‘ylaydi: kasallarinimi yoki shifoxonadagi muammolarinimi? O‘z ustida ishlab kitob o‘qiydimi yoki aptekasini o‘ylaydimi?

Vrach... bugun qancha savdo bo‘ldi, qaysi dorining muddati o‘tyapti, o‘shani sotish kerak, ishchilar kassadan pul olmayaptimi, firmadan qancha qarzim bor, qaysi firmada yaxshi tovar chiqibdi kabi muammolarni o‘ylab kunini o‘tkazsa, unda kasallarni kim davolaydi? Oxir-oqibat bu qarorning jabrini oddiy xalq chekadi. Kasal bo‘lsa, doktor qidirib to‘rt tarafga chopadi. Lekin kech bo‘lgan, yaxshi mutaxassislar dorixona ochib, o‘z ishidan yiroqlashgan bo‘ladi.

Hurmatli Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari! Sizlardan iltimosimiz, o‘ylab ish qiling. Undan ko‘ra, vrachlarni himoya qiladigan qaror chiqaring. Axir bechora shifokorni hamma urib tepadigan, ko‘chada yotgan mast odam ham haqoratlaydigan holga kelib qolganmiz-ku. Vrachlarga qo‘shimcha ish yuklab, tibbiyotimizning yanada orqaga ketishiga yo‘l qo‘ymang!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati mavzu yuzasidan rasmiy munosabat e'lon qildi.

— Ushbu xabar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga bir qancha murojaatlar kelib tushdi. Agentlik matbuot xizmati shuni ma'lum qiladiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi «Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6044-sonli farmonining 5-ilovasi 13-band 2-qismida dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda oliy tibbiy ma'lumotga ega shaxslarga dorixona mudiri sifatida faoliyat yuritish huquqini berish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 yil 1 noyabrga qadar ishlab chiqilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 2 dekabrdagi 328-son qaroriga asosan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ta'sir etadigan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar tegishli loyiha va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiquvchilar – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida muhokama qilish va tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash uchun joylashtirilishi belgilab qo‘yilgan.

Hurmatli fuqarolar! Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuqoridagi vazifalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, www.regulation.gov.uz saytiga muhokama uchun joylashtirilganidan so‘ng, belgilangan muddat davomida normativ-huquqiy hujjat borasida nafaqat o‘z takliflaringizni, balki mazkur hujjat borasida o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirib, maxsus so‘rovnomani to‘ldirishingiz ham mumkinligini bildiramiz.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top