O‘zbekiston | 17:32 / 11.09.2020
4517
3 daqiqa o‘qiladi

Norboyeva moliya organlarining ijtimoiy himoya borasidagi faoliyatini tanqid qildi

Moliya vazirligining joylardagi bo‘linmalari ijtimoiy himoya uchun ajratilgan mablag‘lar taqsimotida mas'uliyatni yetarli darajada his qilmayapti.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Moliya vazirligining joylardagi bo‘linmalari ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam mablag‘larini aholiga tayinlashda lozim darajada mas'uliyatni his qilmayotganini tanqid qildi.

«Vazirlar Mahkamasining 2013 yilda 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga ko‘ra, ariza beruvchining ehtiyojmandligi darajasini aniqlash, bolali oilalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash masalalari yuzasidan mahallalarda maxsus komissiyalar tuzilishi belgilangan.

Odatda bu maxsus komissiyalar tarkibiga moliya organlari vakillari kiritilmaydi. Hujjatga ko‘ra, moliya organlari vakillari faqatgina zarurat bo‘lganda maxsus komissiya tarkibiga qo‘shiladi. Ammo bu qoida joylardagi moliya organlari faoliyatida mas'uliyatning susayishiga olib kelyapti.

Mahalla idoralari vakillarining moliyaviy ko‘nikmalari yetarli emasligi ham ayni haqiqat. Ular tomonidan qanchadan qancha mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga yo‘l qo‘yilyapti. Mas'uliyatni ular ham yetarli darajada his qilishmayapti. Shu bois, so‘nggi paytlarda mahalla institutidan norozilik kuchaymoqda.

Lekin budjetga javobgar bo‘lgan davlat organi sifatida joylardagi moliya organlari vakillarining nafaqa va yordam pullarini tayinlashning dastlabki, eng muhim bosqichida ishtirok etmayotganini tushunarsiz holat, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, nizomda moddiy yordamning har bir turi bo‘yicha alohida dalolatnoma tuzilib, moliya bo‘limining mas'ul xodimi tomonidan tekshirilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Shunday qat'iy tartib bo‘lishiga qaramasdan mablag‘lar borasida salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilayotganini qanday izohlash mumkin? Bundan ikkita xulosa kelib chiqadi. Yo joylardagi moliya organlari xodimlarining malakasi yetishmaydi, yoki ular bu holatlarni bila turib ko‘z yumib kelishmoqda», dedi Norboyeva Senatning 7-yalpi majlisida.

U moddiy yordam borasida mablag‘larning to‘g‘ri taqsimotini ta'minlash uchun Moliya vazirligi hamda mahalla vakillari o‘ratsida hamkorlik bo‘lishi shartligini qayd etib o‘tdi.

«Mazkur muammoni hal etishda Moliya hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, mas'uliyat birdek his qilinishi kerak. Ammo ular o‘rtasida umuman hamkorlik yo‘q.

Ijtimoiy himoya masalasi davlat rahbari tomonidan ustuvor vazifa etib belgilangan. Ammo tegishli vazirlik va idoralarning ijtimoiy himoya masalasiga munosabati bunday bo‘lsa, odamlarning noroziligi ortaveradi», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid