O‘zbekiston | 09:29 / 11.09.2020
1911
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati Yaponiya grantidan samarali foydalanish bo‘yicha qaror qabul qiladi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini COVID-19 pandemiyasi davrida Yaponiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy va yuqori texnologik asbob-uskunalar va anjomlar bilan ta'minlash uchun Yaponiya Hukumatining grantidan samarali foydalanish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviy hamda yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Yaponiya hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan 2020 yilning 17 iyunida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimiga grant ajratish to‘g‘risida Hukumatlararo notalar almashinuvi imzolangan hamda unda:

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimiga 2020-2021 yillar davomida Yaponiyadan zamonaviy va yuqori texnologik asbob-uskunalar va anjomlar yetkazib berish uchun Yaponiya Hukumatining beg‘araz yordam dasturi bo‘yicha qiymati 500 million yapon iyenasi (4,5 mln AQSh dollari ekvivalentida) miqdorida grant taqdim etilgan;

Yaponiya Hukumati “Crown Agens Japan Limited (CA)” kompaniyasini barcha xaridlarni amalga oshirish va yetkazib berish bo‘yicha vakil etib tayinlagan;

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan Yaponiyaning MUFG Bank, Ltd. Banki bilan banklararo shartnomasini tuzish hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi nomiga Yaponiya bankida grant bo‘yicha hisob-kitob xizmatlarini amalga oshirish uchun maxsus hisob raqamlar ochilishi ko‘zda tutilgan.

“O‘zmilliybank” AJ grant bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Yaponiyaning MUFG Bank, Ltd. banki bilan banklararo shartnomasini imzolash vakolati beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi grant bo‘yicha hisob-kitob xizmati ko‘rsatilganligi uchun Yaponiya bankiga vositachilik xarajatlari uchun to‘lovni “Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani amalga oshirish doirasida grant olish va unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha tartibotlarni rasmiylashtirish, xaridlar jarayonining borishi bo‘yicha tegishli monitoring o‘rnatadi;

yetkazib berilgan tibbiy asbob-uskunalar, texnikalar va anjomlarni qisqa fursatlarda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatsiyalashtirish sharti bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi;

“O‘zmilliybank” AJ tomonidan tegishli talabnoma taqdim etilgandan so‘ng besh ish kuni ichida Yaponiya banki komissiyasi xarajatlarini to‘lab beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmasdan vizalar berilishi va ularning muddati uzaytirilishi, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishi va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid