Erdo‘g‘an Fransiya bilan ziddiyatlar davom etayotgan Suriya, O‘rta yer dengizi va Liviya masalalari haqida to‘xtaldi.
«Biz janubdagi koalitsiya kuchlari bilan kurashmoqdamiz. Ko‘ryapsizmi, terroristik davlat tuzishga urinish bor. Qayerda? Suriyada.
Boshqa tomondan, Liviyada, afsuski, Haftar va Abu-Dabi ma'muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Vagner» nomli yollanma qurolli kuchlar mavjud. Ular bilan bir qatorida Fransiya ham doimo kun tartibida. Men ismini keltirishni istamasdim, ammo u men bilan ko‘p o‘chakishyapti. «Bizning turk millati bilan emas, Erdo‘g‘an bilan muammomiz bor», deydi. Janob Makron, sen hali men bilan ko‘p muammolarga duch kelasan.
Avvalo, turk millati bilan o‘chakishma, Turkiya bilan o‘chakishma. Afrikaning tarixi Fransiyaning tarixidir. Jazoirda bir million kishini o‘ldirgan sizsiz.
Siz bizga insoniylikdan dars berolmaysiz, avvalo, buni bilib qo‘ying. Men buni shaxsan uning o‘ziga aytdim. Menga qara, dedim, sening tarixdan biliming yo‘q, sen bularni o‘rganishing lozim. Biz esa Afrikada biror insonning burnini qonatmadik.
Koronavirus jarayoni davomida biz Afrika va butun dunyo bo‘ylab 150ga yaqin davlatga yordam berdik.
Ey Makron, sen nima qilding? Hozir tirsak bilan ko‘rishayotganlar nima ish qilishdi? Sen shuni ayt», deydi Erdo‘g‘an.
«Hech qanday to‘ntarish qonuniy va ma'sum emas»
Erdo‘g‘an nutqining to‘ntarishlar bilan bog‘liq qismida «Turkiyada amalga oshirilgan yoki tashabbus qilingan hech bir davlat to‘ntarishi milliy, qonuniy va ma'sum bo‘lmagani» haqida gapirdi. Erdo‘g‘an 2016 yil 15 iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinish haqida to‘xtalgan.

«O‘sha kecha ayon bo‘lganidek, agar millat oyoqqa qalqsa, to‘ntarish qilishga uringanlarning na quroli, na zambaraklari, na ommaviy axborot vositalari va na ularning xalqaro dastaklari bir ishga yaraydi.
Har bir to‘ntarish avvalgi to‘ntarishning nuqsonlarini, chala va kemtiklarini, amalga oshira olinmagan jihatlarini yakunlab qo‘yish uchun uyushtirilgan. Turkiyani o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmas darajada muhim joy deb ta'riflaganlar davlatimizni o‘z vasiylari qo‘li bilan boshqarish uchun har qanday usulni sinab ko‘rishdi.








