Jahon | 22:28 / 13.09.2020
6284
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning tadqiqot kemasi O‘rta yer dengizidagi bahsli hududni tark etdi

Foto: AP

Turkiyaning Oruc Reis tadqiqot kemasi O‘rta yer dengizining Gretsiya bilan bahsli hududini tark etdi. Kema unga hamrohlik qilgan Ataman va Cingizhan harbiy kemalari bilan birga Antaliya yaqinida langar tashlagan.
        
Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar bu Anqaraning O‘rta yer dengizida geologik qidiruv ishlaridan voz kechishini anglatmasligini, ular davom ettirilishini aytgan. “Oruc Reis’ning barcha harakatlanishlari rejaga ko‘ra amalga oshirilmoqda. Gap biz o‘z qonuniy huquqlarimizdan voz kechganimiz haqida bormayapti. Gretsiya xalqaro kelishuvlarga zid ravishda 18 ta orolni qurollantirgan. Afina mintaqada keskinlikni zo‘raytirishga harakat qilmoqda, muloqot imkoniyatini yo‘q qilmoqda”, deb aytgan Akar. U Gretsiyani ig‘vogar harakatlari bilan vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirgan.

10 avgustda Oruc Reis harbiy kemalar hamrohligida Gretsiyaning Kastelorizo oroli yaqinida seysmik tadqiqotlar o‘tkazishni boshlagandi. Gretsiya tadqiqotlar olib borilayotgan hududni o‘zining iqtisodiy hududi deb bilgani sababli ushbu vaziyat Anqara va Afina o‘rtasida munosabatlarning keskinlashuviga olib kelgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid