Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus: Fransiyada kuniga 10 ming yangi holat, Ispaniyada malika karantinda
Yevropada koronavirusdan zararlanganlar soni tezlik bilan o‘sishda davom etmoqda. Fransiyada so‘nggi bir kunda Covid-19’ga chalinish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha rekord qayd etildi, shuningdek, Ispaniya va Chexiyada ham kasallik yangi kuch bilan avj olgan.
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda Covid-19 bilan kasallanganlar soni 28,7 milliondan oshgan, 920,8 ming bemor vafot etgan. Pandemiya davrida 19,4 mln kishi kasallikka chalinib tuzalgan.
Shanba kuni fransuz hukumati so‘nggi bir kunda 10561ta yangi holatlar aniqlangani va bu bir kun avvalgidan mingtaga ko‘pligi haqida xabar berdi. Shuningdek, shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlariga yotqizilgan bemorlar sonida ham o‘sish kuzatilgan.

Shu tufayli mamlakatdagi taniqli shifokorlar guruhi aholini uchrashuvlarga borishdan tiyilishga chaqirgan. «Xursandchilik bilan o‘tkazilgan yozdan keyin yana ehtiyotkor bo‘lish vaqti keldi», deyiladi yakshanba kuni Le Journal du Dimanche jurnalida nashr qilingan maqolada. «Xona qanchalik kichik va qanchalik ko‘p odam bo‘lsa, u yerda havo kam, virus yuqtirib olish ehtimoli ko‘p bo‘ladi», deya eslatishadi mutaxassislar.
Iyun oyida Fransiyada kasallanish holatlari barcha yosh toifalarida o‘sdi, ammo hukumat ayniqsa yoshlar orasida kasallanish holatlari keskin ko‘payganini ma'lum qildi.
Fransiya - Yevropadagi kasallik yana avj ola boshlagan yagona mamlakat emas.
Qit'adagi barcha davlatlar hukumatlari mart oyida joriy etilgan karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshata boshlagach, avgust oyida kasallik yana avj ola boshladi.
Fransiyadan so‘nggi ma'lumotlar
Shanba kuni Fransiyadagi shifoxonalarga koronavirus tashxisi qo‘yilgan 2432 bemor yotqizildi, bu esa bir kun oldin shifoxonalarga olib kelingan bemorlar sonidan 75 nafarga ko‘p. Og‘ir ahvolda bo‘lgan 417 kishi jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan, bu bir kun oldingi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda 28 nafarga ko‘p.
So‘nggi bir kunda mamlakatda 17 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi. Pandemiya davrida Fransiyada ushbu kasallikdan vafot etganlar soni 30 mingdan oshgan - bu dunyoda yettinchi ko‘rsatkich.
Mamlakat hukumati 42 hududni «qizil hududlar» sifatida belgilagan. Virus tarqalishi avj olgan bu hududlarda jamoat joylarida niqobda yurish majburiy qilingan. Bunday hududlar sirasiga Parij, Lion va Fransiyaning O‘rta yer dengizi qirg‘oqlari yaqinidagi barcha shaharlar kiradi.
Yaqinda koronavirusga test topshirishiga to‘g‘ri kelgan bosh vazir Jan Kasteks Bordo, Marsel va Gvadelupa oroli rasmiylarini dushanba kunidan infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida «qator qo‘shimcha choralar» joriy etishga chaqirgan.
«Tur de Frans» tashkilotchilari tomoshabinlar start va finish hududlarida bo‘lishni taqiqlashgan.
Yevropaning boshqa davlatlaridagi vaziyat
Yevropaning yana bir qator davlatlarida koronavirus tarqalishi tezlashgan.
Yakshanba kuni Chexiyada kunlik holatlar bo‘yicha yangi rekord qayd etildi - 1541 holat.
Qo‘shni davlatlar Chexiyadan keluvchilar uchun cheklovlar joriy etishmoqda. Chorshanba kunidan Germaniya Pragadan keluvchilarning barchasi uchun koronavirusga test topshirishni talab qiladi.
O‘tgan payshanba kuni Ispaniyada kunlik o‘sish holatlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgandi, mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyat barqarorligini ma'lum qilgan bo‘lsada, o‘sha kuni 10 ming 764 kishida kasallik aniqlangandi.
Ispaniya Yevropada koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha hamon yetakchilikni saqlab qolmoqda: pandemiya boshidan buyon bu yerda 566,3 ming kishi kasallangan, 29,7 ming kishi vafot etgan.
Ispan taxtining 14 yoshli vorisi, Asturiyskaya malikasi sinfdoshlaridan biriga Covid-19’ga chalinish tashxisi qo‘yilgach, karantinga olindi. Endilikda Madriddagi Santa-Mariya-de-los-Rosales maktabining barcha o‘quvchilari koronavirusga test topshirishadi.
Britaniyada dam olish kunlarida kunlik o‘sish holatlari 4 mingga chiqdi, mamlakatda yana ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilish taqiqlangan. Angliya va Shotlandiyada endi 6 nafardan ko‘p bo‘lib yig‘ilish mumkin emas.
Isroilda yana lokdaun
Isroil hukumati mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni tobora ko‘payib borayotgani sababli 18 sentabr kunidan 3 kun davomida o‘zini yakkalash rejimi qaytadan joriy etilishini ma'lum qildi. Aholisi 9 mln kishi bo‘lgan mamlakatda so‘nggi hafta davomida kunlik o‘sish holati 4 mingga chiqdi.

Shu tariqa, Isroil o‘z hududida to‘liq karantin qaytargan ilk davlat bo‘ldi. Bu mamlakatda mart oyidan may oyigacha ham qat'iy karantin choralari amal qilgandi.
Isroilda joriy etilayotgan choralar:
- Yopiq binolarda 10dan ortiq kishi yig‘ilishi mumkin emas, ko‘chada - 20dan ortiq;
- Maktablar va savdo markazlari yopiladi;
- Odamlar o‘z uyidan biror sababsiz 500 metrdan uzoqqa ketmasligi kerak;
- Nodavlat muassasalari va kompaniyalar ochiq qolishi mumkin, ammo ular mijozlarni qabul qilmasligi kerak;
- Supermarketlar va dorixonalar ishlashda davom etadi.
Rosh ha-Shana bayrami vaqtida karantin qaytarilishiga norozilik belgisi sifatida qurilish vaziri Yaakov Litsman iste'fo bergan - u ultra-ortodoksal partiy a'zosi hisoblanadi. U lokdaun odamlarga diniy marosimlarda ishtirok etishga xalal berishidan norozi bo‘lgan.
Shuningdek, qattiq karantin choralarini qaytarish taklifini ta'lim vaziri Izaxara Shay ham tanqid qilgan. Uning fikricha, ommaviy yig‘ilishlar va ko‘ngilochar tadbirlarning o‘tkazilmasligini ta'minlash uchun komendantlik soatining o‘zi yetarli.
Bundan tashqari, hamkasblarini mamlakat moliya vaziri Israel Kats ham qo‘llab-quvvatlagan. Uning ma'lum qilishicha, «umumiy karantin bo‘yicha taklifda iqtisodiy jihatlar inobatga olinmagan» va qattiq karantin kuchga kirishidan oldin qo‘shimcha hukumat yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan.
Mavzuga oid
20:14 / 31.05.2026
Fransiyada ozdiruvchi dori sotib olganlarning xarajatlari qoplab beriladi
08:59 / 28.05.2026
Norvegiya Fransiyaning yadroviy “qalqoni”ga qo‘shildi
09:01 / 25.05.2026
Ispaniyada uy-joy inqirozi: ijarachilar ko‘chalarga chiqdi
22:20 / 24.05.2026