Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Infeksiyalar yuqori uchlikda emas: dunyo bo‘yicha qaysi kasalliklar eng ko‘p o‘limga sabab bo‘ladi?
Koronavirus vahimasi shu darajada kuchaydiki, nihoyatda ko‘pchilik, ya'ni vafot etayotganlarning aksariyati shu kasallik tufayli u dunyoga ravona bo‘layotgandek tasavvur uyg‘onadi. Xo‘sh, aslida insoniyat o‘limiga asosan qaysi kasalliklar sabab bo‘lmoqda? Quyida dunyo bo‘yicha o‘rtacha statistik ma'lumotlarni umumlashtirgan holda ayrim ma'lumotlarni keltirib o‘tamiz.
Tibbiyotga, xususan o‘lim sabablariga oid tadqiqotlar olib borilayotgan ilk davrlardan boshlab, eng ko‘p o‘limga sabab bo‘luvchi kasalliklar orasida yurak-qon tomir kasalliklari yetakchilik qiladi. Ammo bu ko‘rsatkich turli davlatlarda va davrlarda turlicha, o‘rtacha 30-70 foiz atrofida tebranib turadi.
Qaysidir davlat tibbiyotiga baho berishda aynan mana shu omil – yurak-qon tomir kasalliklari tufayli o‘lim ko‘rsatkichiga alohida e'tibor qaratiladi. Ya'ni bu ko‘rsatkich qancha kam bo‘lsa, davlat tibbiyoti shu qadar rivojlangan.
Ikkinchi o‘rinni insult kasalligi yakka o‘zi barqaror egallab kelmoqda. Dunyo bo‘ylab so‘nggi 20 yil statistikasi bu kasallikdan o‘lim sonlari ortayotganini ko‘rsatadi.
Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda o‘pka kasalliklari, xususan o‘pkaning obstruktiv kasalligi va respirator infeksiyalar joy egallaydi. Biz ayni paytda kurashayotgan koronavirus infeksiyasi ham mana shu kasalliklar sirasiga kiradi va 2020 yil yakuniga ko‘ra, uning bevosita hissasi haqida so‘z yuritish mumkin.
Shu o‘rinda yana bir jihat: bundan 20 yil oldin respirator infeksiyalar uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, koronavirus pandemiyasiga qadar o‘pka yuqumli kasalliklari to‘rtinchi o‘ringa tushgan.
Statistika faol yuritilgan va har bir kasallik hamda o‘lim hozirgidek alohida tadqiq qilingan 2000 yillarda ham keyingi 4-5-o‘rinlarni diareya (ich ketish), sil kabi kasalliklar egallagan edi. Ammo meditsina rivoji, gigiyenaga bo‘lgan e'tibor tufayli bu kasalliklar «o‘z o‘rinlarini boy berishdi».
Lekin tibbiyot yoki davlatlar har qancha rivojlanmasin, inson umri qanchalik uzaymasin, baribir o‘lim haqligicha qolaveradi. So‘nggi yillar statistikasida, ayniqsa 2015 yildan keyingi ma'lumotlarda keksalar aqliy zaifligi, Alsgeymer kasalligi o‘lim sababchilari orasida tobora yuqorilab borayotgani kuzatilyapti.
Yana bir qiziqarli va quvonarli fakt: 90-yillarda butun insoniyatga qirg‘in keltiruvchi deya ta'riflangan OITS (SPID) bugun kuchli o‘nlikda ham emas. Bu ham tibbiyotning o‘ziga xos yutug‘i va odamlarning ehtiyotkorligi hosilasidir.
Ammo yo‘l-transport hodisalaridan olingan jarohatlar tufayli o‘lim soni muttasil oshib bormoqda va bu omil so‘nggi 20 yilda 10-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarilib olgan.
Alohida mavzu – bu o‘sma (rak) kasalliklari. Bu kasalliklar ham tobora o‘sib borayotgan qandli diabet va jigar sirrozi bilan birga o‘nlikda mustahkam o‘rin egallab turibdi.
Rivojlangan davlatlar o‘limning oldini olishda yurak xastaliklarini yenggan sari keksalik aqliy zaifligi bilan ko‘proq kurashayotgan bo‘lsalar, kambag‘allik avj olgan davlatlar aholisi hali-hanuz diareya, tug‘ish paytidagi jarohatlar, bezgak, OITS, sil kabi kasalliklardan o‘lim topmoqda.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
21:49 / 25.03.2026
“Oqsil bilan stomatitning farqiga borishmayapti” – vodiyda qoramollar kasallanishi haqida
19:20 / 16.03.2026
Kasallanganlarning o‘lim ko‘rsatkichi 90 foizgacha yetishi mumkin: insoniyatni xavotirda ushlab turgan 10 ta virus
12:17 / 13.03.2026
Ayol jigarining yarmini eriga berdi
18:39 / 25.02.2026