O‘zbekiston | 09:38 / 18.09.2020
20989
3 daqiqa o‘qiladi

Men ham farzandlarim to‘ylarini ko‘rsam deyman...

Kun.uz xayriya aksiyalari qahramonlari orasida buyrak xastaligiga chalinganlar, ayniqsa bu a'zolarini almashtirishga muhtojlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Navbatdagi bemorimiz ham bu kasallik bilan uzoq 6 yildan beri kurashib kelmoqda va o‘tgan har bir kunning azoblari uning o‘ziga ayon.

– 41 yoshdaman, 35 yoshimdan boshlab ikki tomonlama buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib kelaman. Men oilamni oyoqqa turg‘azishim, o‘sib kelayotgan farzandlarimga suyanchiq bo‘lishim kerak bo‘lgan yillarda ularni qiynab qo‘yyapman, – deydi bekobodlik Burhon Zokirov.

Bu shunday bir dard ekanki, og‘riqlarini, noqulayliklarini va tushkunlikni faqat boshidan o‘tkazgan odamgina tushuna oladi. Badanimni teshib, har ikki buyragimga siydik chiqaruvchi moslama (kateter) ulab qo‘yilgan. Vaqti-vaqti bilan, o‘rtacha bir oyda kateterlarni sug‘irib olishadi va almashtirishadi. O‘sha onlarda tanam bu og‘riqlarga qanday chidaganiga o‘zim ham hayratda qolaman.

Bu kasallikdan qutilishning yagona yo‘li – buyrak ko‘chirish operatsiyasi ekan. Ahvolimdan kelib chiqib, ko‘plab xorijiy klinikalar imkoniyatlari va narxlarini o‘rgandik hamda Germaniyadagi klinikada to‘xtaldik.

Bu klinikadagi operatsiya va davolanish xarajati 38 ming dollarni tashkil qilarkan!

Mening oilaviy ahvolim haminqadar, uzluksiz davolanishlar, gemodializ xarajatlari bilan o‘zimdan orttira olmaganman. Operatsiya mablag‘i ma'lum bo‘lgach, yaqinlarimiz, saxovatli insonlar qarab turishmadi va ancha yordam qilishdi. Ammo bu mablag‘ ancha katta va uni o‘zim topa olishimga ko‘zim yetmaydi...

Ikki bolam, onam va ayolim bilan yashayman. Men ham boshqalar qatori farzandlarimning to‘ylarini ko‘rsam, nabiralar baxtiga erishsam deyman. Saxovatli insonlarning xayriyalari haqida ko‘p eshitganman va men ham siz azizlarga umid bilan murojaat qilayapman. Iltimos, mendan ham ko‘magingizni darig‘ tutmang, – deya so‘zlarini tugatdi bugungi qahramonimiz.

 Burhon Zokirovga oid ma'lumotlar:

  • UzCard: 8600 0423 9828 8257 (Agrobank, Burhon Zokirov nomida)
  • Viza: 4916 6400 0021 0722 (Milliy bank, Burhon Zokirov nomida)  
  • Sberbank: 4276 3801 5887 0969 (tanishi Tolib Rahmatov nomida)
  • Telefon: +998909922417

 Saxovatpesha va savobtalab yurtdoshlar! Xayriyaga sarflangan mablag‘ dilga taskin berishi va o‘rni to‘lib qolaverishi haqida juda yaxshi bilasiz. Yana bir yurtdoshimiz ilinji bilan murojaat qilmoqda va uni ham noumid qilmaysiz degan umiddamiz. Duolaringizda bemorlarni eslab qo‘ying.

 Abror Zohidov.

Mavzuga oid