Jahon | 21:20 / 19.09.2020
5039
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya qirolichasining ko‘chmas mulklari qiymati 700 mln dollarga pasaydi

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya qirolichasi manfaatlari ostida London g‘arbi va mamlakatning qishloq hududlaridagi ko‘chmas mulklarni boshqaruvchi Britaniya toji (Crown Estate) mulklari qiymati karantindan so‘ng 716 mln dollarga pasaydi.

Crown Estate hisobotiga ko‘ra, 2019/20 yilda London karantinga o‘tib, do‘konlar yopilgach va ijara pullari to‘lanmagani bois qirolicha portfeli qiymati 1,2 foizga tushgan va 17,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, savdo sohasidagi noqulay vaziyatga qaramasdan, Crown Estate o‘tgan yili oz bo‘lsa-da daromadga erishgan. Tashkilot ijrochi direktori Den Labbad daromad avvalgi yilga nisbatan 0,4 foizga o‘sgani va 447 mln dollarni tashkil etganini ma'lum qildi.  

2010 yildan buyon rasman «Suveren mulki» deb ataluvchi Toj mulki Londonning Vest-End rayonidagi obektlar, Vindzordagi mulklar va Askot ippodromini boshqaradi. Crown Estate 1961 yildan buyon mustaqil tijorat tashkiloti hisoblanib, daromadini moliya vazirligiga topshiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tashkilot oxirgi o‘n yilda Britaniya g‘aznasi uchun 3,7 mlrd dollar ishlab bergan. Bu mablag‘lar qirolicha shaxsiy mulkining qismi hisoblanmaydi. 

Crown Estate shuningdek, barcha xodimlariga yillik mukofotlar to‘lanishini kechiktirganini ma'lum qilgan. Boshqaruv a'zolari va rahbarlari oylik maoshlarining vaqtinchalik 20 foizga qisqartirilishiga rozi bo‘lgan.

Forbes hisob-kitobiga ko‘ra, 2019 yil may oyida qirolichaning shaxsiy boyligi miqdori 500 mln dollarni, Britaniya monarxiga tegishli mulklarning umumiy qiymati 25 mlrd dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid