Jahon | 16:11 / 19.09.2020
6537
2 daqiqa o‘qiladi

«Qanday gapirishni, so‘zlar qayerda joylashganini bilmayotgandim» – Navalniy tiklanish jarayoni haqida post qoldirdi

Zaharlanish tashxisi bilan Berlindagi «Sharite» klinikasida davolanayotgan rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy tiklanish jarayoni qanday kechayotgani haqida gapirib berdi.

Foto: instagram

«Keling, sizga tiklanish jarayoni qanday o‘tayotgani haqida gapirib beray. Telefon qo‘limda toshdan farqi yo‘q matohdek turishi, o‘zimga suv quyib ichish butun boshli atraksionga chiqishdek tuyulishi kabi hozirgi muammolar oldingilari bilan solishtirganda shunchaki holva.

Bir necha kun avval men odamlarni tanimayotgan, qanday gapirishni bilmayotgan edim. Har kuni ertalab doktor kelib, «Aleksey, men yozuv taxtasini olib keldim. Keling, unda qanday yozishni o‘rganamiz», derdi. Bundan hayratga tushardim. Doktor nima xohlayotganini-ku tushunardim, ammo so‘zlarni qayerdan olishni, ular boshning qaysi qismida turishini bilmasdim. Hayronligimni ham ifoda qila olmaganim sabab sukut saqladim. Bu hali men eslay oladigan oxirgi bosqichlar.

Hozir men oyoqlari zinapoyadan yurayotganda qaltiraydigan yigitman. Shunday bo‘lsa-da, bu zinapoya ekanini, undan ko‘tarilish kerakligini tushunyapman. Hatto lift qidirish kerakligini ham tushunib yetyapman. Yuqoridagi bosqichlarda men shunchaki qarab turgan bo‘lardim.

Xullas, men hal qilishim kerak bo‘lgan muammolar ko‘p. Berlin universitetining «Sharite» klinikasidagi ajoyib shifokorlar meni tuzatishmoqda. Ular «texnik tirik odam»dan yana Jamiyatning Oliy Toifasi Vakili – insonga aylanishimda yordam berishdi. Men yana bemalol instagram titkilab, hech qanday ikkilanishsiz qayerga layk bosish kerakligini anglayapman», deb yozdi Aleksey Navalniy instagramdagi sahifasida.

Siyosatchi 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotganda samolyotda o‘zini yomon his qilgan va zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgandi. 22 avgustdan buyon Germaniyada davolanayotgan Navalniy 7 sentyabrgacha komada edi.

Mavzuga oid