Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyda Si Tszinpinni “masxaraboz” deb atagan taniqli tadbirkor 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Xitoylik taniqli tadbirkor, Huayuan Real Estate Group davlat kompaniyasining sobiq rahbari Jen Chjitsyan 18 yilga panjara ortiga jo‘natildi va 4,2 mln yuan (620 ming dollar) miqdorida jarimaga tortildi. Bundan avvalroq tadbirkor Xitoy raisi Si Tszinpinni “masxaraboz” deb atagan.
Pekin sudi Xitoy hukumatini tanqid qilishi bilan tanilgan Jenni Huayuan’ga rahbarlik qilgan vaqtida 16,3 mln dollar miqdorida davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda, pora olishda va o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilishda aybdor deb topgan. Sudning ta'kidlashicha, 69 yoshli ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lgan va sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi emas.
Jen Chjitsyan Xitoy hukumatining “ashaddiy” tanqidchisi bo‘lgani sababli “Jen Katta zambarak” laqabini olgan. Xitoy rasmiy idoralari 2016 yilda uning 37 mln obunachiga ega blogini bloklab qo‘yishgan. 2020 yil fevralida esa Jen Xitoy hukumatining koronavirus avj olishi vaqtidagi siyosatini tanqid qilgan va hukumat so‘z erkinligini yanada cheklash uchun pandemiyadan foydalanayotganini aytgan. Jumladan, u Xitoy raisining kommunistik partiya a'zolariga murojaatiga izoh berib, Si Tszinpin timsolida “o‘zining yangi ko‘ylagini ko‘z-ko‘z qilayotgan imperatorni emas, balki kiyimsiz bo‘lgan va hali ham o‘zini imperator deb hisoblayotgan masxarabozni” ko‘rganini aytgan.
Jen ushbu tanqididan keyin to‘satdan g‘oyib bo‘lgan. Keyinroq u hibsga olingani ma'lum bo‘lgan. Aprelda unga korrupsiya bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, iyulda esa u partiya safidan chiqarib yuborilgan.
CNN telekanalining ta'kidlashicha, Xitoyda rahbariyat uchun nomaqbul siyosatchilar va partiya a'zolariga qarshi ko‘pincha korrupsiya bo‘yicha ayblov qo‘llanadi.