O‘zbekiston | 12:34 / 23.09.2020
4247
5 daqiqa o‘qiladi

Aholi o‘rtasida ommaviy  sportni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib sportning 9ta turi belgilanadi

O‘zbekistonda global pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish orqali aholida kasallikka qarshi immun tizimini shakllantirish, kasallikdan keyingi davrda tiklash va reabilitatsiya ishlarini tashkil etish hamda aholining sog‘lom turmush tarzi garovi sifatida to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish maqsad qilingan.

Prezidentning “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

“Pandemiyani sport orqali yengamiz!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasida 2020-2021 yillarda sport siyosatini jadallashtirish dasturi;

O‘zbekiston Respublikasida 2021-2025 yillarda aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Respublikada aholi o‘rtasida ommaviy  sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib – sportning yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, voleybol, stritbol, fitnes, “Workout” — mahalla (ko‘cha) fitnesi turlari belgilanadi.

Quyidagi sport turlarini respublikaning har bir tuman va shaharlarida ommaviylashtirish va rivojlantirish bo‘yicha:

yurish va yugurish – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi (V.Mahmudov);

mini futbol – Davlat xavfsizlik xizmati (A.Azizov);

velosport – Oliy Majlisi Senati (T.Norboyeva);

badminton – Vazirlar Mahkamasi (A.Abduhakimov);

voleybol – Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D.Nabiyev);

stritbol – Adliya vazirligi (R.Davletov);

fitnes va “Workout” – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov) shaxsan mas'ul ekanliklari belgilab qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yildan boshlab:

a) yil davomida aholi, shu jumladan yoshlar o‘rtasida 4 bosqichli (mahalla, tuman (shahar), viloyat, respublika) yurish va yugurish, badminton, mini futbol, velosport, voleybol, stritbol, “Workout” bo‘yicha "Sog‘lom oila – yangi O‘zbekiston tayanchi!" shiori ostida sport musobaqalarini;

b) har yili yanvar oyida qishki sport turlari bo‘yicha “Chimgan challenge”, mart oyida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, aprel oyida milliy va xalq o‘yinlari bo‘yicha “Boysun bahori” festivali, may oyida badminton bo‘yicha “Uzbekistan Shuttle”, iyun oyida Xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlab “Olimpiya oyligi” sport tadbirlari, avgust oyida “Save Aral” xalqaro velomarafoni, sentabr oyida “Oqtosh-Chorvoq mountains” xalqaro velo turniri, oktabr oyida “World Strongmen CUP” va “Etnosport challenge” xalqaro turniri, oktabr oyida “Save Aral” xalqaro marafoni, ko‘p bosqichli “Yangi nafas” xalqaro yugurish sport musobaqalari, sentabr-noyabr oylarida futbol bo‘yicha “Maktablar ligasi”, “Charm to‘p”, “Rahbar kubogi”, “Mahallada futbol” musobaqalarini;

v) “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini aholining keng qatlamlari barcha qatlamlari o‘rtasida mart-noyabr oylarida tizimli tashkil etilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2020 yildan boshlab:

barcha telekanallar, shu jumladan xususiy telekanallar efirida har kuni uch marta (soat 7.00, 12.00 va 17.00 da) nufuzli sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari ishtirokidagi 5 daqiqadan iborat ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari;

sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ijtimoiy videoroliklar namoyish etilishini ta'minlaydi;

ijtimoiy videoroliklar buyurtmachisi etib Jismoniy tarbiya va sport vazirligi belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid