Imomali Rahmon BMTda iqlim o‘zgarishi muammolarini hal etish bo‘yicha o‘z fikrini ma'lum qildi
Imomali Rahmon BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisidagi videochiqishida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish yo‘llari haqida o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi, deb yozmoqda Asia-Plus.
Birinchidan, davlat rahbarining fikricha, jahon hamjamiyati qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlashi kerak, bu esa «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish uchun qulay asos yaratadi.
Ikkinchidan, u donor davlatlarni, xalqaro va mintaqaviy moliyaviy tuzilmalarni iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha milliy strategiya va dasturlarni amalga oshirishga har tomonlama hissa qo‘shishga chaqirdi.
Rahmon, shuningdek, suv resurslari, xususan, muzliklarning hosil bo‘lish manbalari monitoringini kuchaytirishni taklif qildi. Uning fikricha, suv manbalarini muhofaza qilishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va shu maqsadda Tojikistonning Xalqaro muzliklarni himoya qilish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifini amalga oshirish zarur.
Tojikiston rahbari rivojlangan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarga rivojlanayotgan va past rivojlangan mamlakatlarga muzliklarni va boshqa suv manbalarini kuzatish va muhofaza qilishda har tomonlama moliyaviy hamda texnik yordam ko‘rsatishni taklif qildi.
U Tojikistonning xalqaro sheriklari tojik tomonining ushbu sohalardagi keyingi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.
Tojikiston prezidenti o‘z chiqishida koronavirus mavzusiga ham to‘xtalib, dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan COVID-19’ga qarshi vaksina barcha mamlakatlar uchun erkin taqdim etilishiga umid bildirdi. U kelajakda ishlab chiqaruvchi mamlakatlar tomonidan boshqa davlatlar aholisining zaif qatlamlari, xususan, bolalar, ayollar va keksalar gumanitar yordam shaklida vaksina bilan qamrab olinishiga umid qilishini aytdi.
Uning ta'kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi Tojikistonga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kasallik tarqalishining oldini olish uchun bugungi kunda Tojikiston JSST, mamlakatlar va rivojlanish bo‘yicha sheriklar bilan hamkorlikda bu yo‘nalishda barcha choralarni ko‘rgan holda zarur dori-darmon va tibbiy asbob-uskunalarni ko‘paytirishga harakat qilmoqda.
«Nufuzli xalqaro tashkilotlar koronavirus tarqalishining oqibatlarini uzoq muddatli jarayon deb baholamoqda, bu, albatta, jahon iqtisodiyoti rivojlanishiga ta'sir qiladi. Ushbu vaziyat fonida Tojikiston misli ko‘rilmagan katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Koronavirus pandemiyasi milliy iqtisodiyotning barcha sohalarida, shu jumladan, investitsiya faoliyati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, ichki va tashqi savdo, turizm va xizmatlar, transport sohasida ko‘rsatkichlarning pasayishiga olib keldi», - dedi prezident.
Mavzuga oid
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
17:00 / 05.11.2024
O‘tgan yuz yilda sunami 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi - BMT
14:10 / 05.11.2024
BMT: RF va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik «xavfli eskalatsiya»ga olib keladi
13:50 / 05.11.2024