Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qodir Jo‘rayev: BMT huzurida qo‘mita tashkil qilinsa, u Afg‘oniston masalasidagi bir yoqlama yondashuvlarini yagona platformaga solib, neytrallashtirib turadi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT huzurida Afg‘oniston bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev O‘zbekiston rahbarining ushbu taklifi borasida fikr bildirdi.
«So‘nggi 4 yildan beri O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistondagi mojaroni bartaraf etishga katta e'tibor qaratib kelyapti. Ushbu muammo O‘zbekiston yetakchisining xalqaro kun tartibidagi eng ustuvor masala desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ham yurtboshimiz Afg‘oniston muammosiga yana bir bor to‘xtalib, «Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afg‘on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada «Beqaror va vayronkor vaziyatdan - tinchlik va bunyodkorlik sari» degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir», deb alohida ta'kidladi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalalari BMTning doimiy e'tibor markazida bo‘lib qolishi zarurligini ta'kidlab, BMT huzurida Afg‘oniston bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Doimiy faoliyat olib boradigan ushbu qo‘mitaning asosiy vazifasi ushbu mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarur.
Haqiqatan ham, bugungi kunda bunday tuzilmani tashkil qilishga zarurat juda yuqori. To‘g‘ri, Afg‘oniston muammosining yechimi bilan shug‘ullanuvchi turli xalqaro va mintaqaviy idoralar bor, biroq na BMTda, na uning biror bir ixtisoslashgan muassasalarida doimiy faoliyat olib boruvchi institutsional tuzilmalar mavjud. Qolaversa, BMTda Afg‘oniston bo‘yicha a'zo davlatlarning sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirib turish har doim muammo bo‘lib kelgan.
Shu bois, mamlakatimiz rahbarining ushbu taklifi juda o‘rinlidir. Agar BMT huzurida shunday qo‘mita tashkil qilinadigan bo‘lsa, u bir tomondan, a'zo davlatlarning Afg‘oniston masalasidagi bir yoqlama yondashuvlarini yagona platformaga solib, neytrallashtirib turadi. Ikkinchi tomondan esa, davlatlarning sa'y-harakatlarini yagona o‘zanga solib, ularning bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishini ta'minlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, taklif etilayotgan qo‘mita jafokash afg‘on xalqining qaddi-qomatini tiklashga, Afg‘onistonda milliy tiklanish va rivojlanishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Ta'kidlash joizki, prezidentimiz bundan 3 yil oldin, BMT Bosh Assambleyasining 72–sessiyasida (2017 yil sentabr) ham Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib o‘tgan va bu yerdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha muhim taklif bildirgan edi. Ana shu taklif asosida keyinroq, ya'ni 2018 yilning 26-27 mart kunlari BMT shafeligida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya tashkil etilgan edi.
Mazkur konferensiya Afg‘onistonda o‘zaro kurashayotgan kuchlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlash zarurligi to‘g‘risida mintaqaviy va global darajada konsensusni shakllantirib berdi. Konferensiya yakunlari o‘laroq qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi esa Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishning o‘ziga xos strategiyasiga aylandi.
E'tirof etish zarurki, hozir Afg‘onistondagi keskin vaziyat ancha yumshagan bo‘lib, siyosiy ritorika ham ancha ijobiy tomonga o‘zgardi. 12 sentabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida afg‘on hukumati va «Tolibon» harakati vakillari o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlab yuborilgan bo‘lib, tomonlar, juda ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa-da, ehtimoldan xoli bo‘lmagan sulh kelishuvi to‘g‘risida gapira boshladilar. Demak, Afg‘oniston har qachongidan ko‘ra tinchlikka yaqin, bu yerda osuda hayotni o‘rnatish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
O‘zbekiston ichki afg‘on yarashuvi jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu mamlakatimiz milliy manfaatlariga har tomonlama mos keladi. Zero, Afg‘onistondagi osuda hayot Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi kooperatsiya uchun ulkan imkoniyatlar ochib beradi», - deb yozadi Qodir Jo‘rayev.
Mavzuga oid
09:02 / 11.06.2026
Qochqinlar soni rekord darajada: BMT yangi hisobotni e’lon qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
08:15 / 08.06.2026
BMT kuchli El-Nino haqida ogohlantirdi
08:10 / 06.06.2026