Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus: Isroilda karantin kuchaytirilmoqda, Yevropada takroriy lokdaundan qochish uchun so‘nggi imkon
Koronavirusning dunyoga tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Isroilda pandemiya boshlangandan beri mamlakat bo‘yicha joriy etilgan ikkinchi lokdaun qoidalari kuchaymoqda, Fransiyaning Marsel shahri bar va restoranlarni yopmoqda, qator davlatlarda kasallanish bo‘yicha yangi kunlik rekordlar qayd etilmoqda. Karantin tufayli Britaniya monarxiyasi katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi.
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoning barcha mamlakatlarida ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 32,5 million kishini tashkil etmoqda, 990 mingdan ortiq bemor vafot etgan. Pandemiya paytida 22,2 million kishi virusni yengishga ulgurdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu yangi choralarni e'lon qilar ekan, mamlakat «tubsizlik yoqasida» ekanligini aytdi.
Knesset tomonidan hali tasdiqlanmagan qat'iy karantin harakatlanishga doir qo‘shimcha cheklovlarni o‘z ichiga oladi; Isroil ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, faoliyati hayot uchun muhim bo‘lmagan barcha muassasa va kompaniyalar ham yopiladi. Sinagoglar yahudiylarning asosiy bayrami bo‘lgan Yom-Kipura munosabati bilan kelasi hafta faqat kichik guruhlar uchun ochiq bo‘ladi. Har qanday norozilik harakatlarining doirasi ham cheklangan.
Aholisi taxminan 8,6 million kishini tashkil etadigan Isroilda kasallanishning kunlik o‘sish sur'ati 8 mingdan oshgandan so‘ng, yangi choralar ko‘rishga qaror qilindi. Bu aholi jon boshiga kasallanish darajasi bo‘yicha dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Pandemiya boshlanganidan buyon Isroilda Covid-19 yuqtirish bilan bog‘liq 206 mingdan ortiq holati qayd etilgan, 1335 kishi vafot etgan.
Bahorda, Isroil pandemiyaga eng samarali javob qaytara olgan mamlakatlar qatoriga kirgandi - rasmiylar tezkorlik bilan qat'iy choralar ko‘rib, o‘lim holatlari sonini minimallashtirishga muvaffaq bo‘lishgandi. Biroq may oyida cheklovlar bekor qilingach vaziyat nazoratdan chiqib ketdi.
«Yevropada karantindan qochish uchun so‘nggi imkon»

Yevropa uchun pandemiyada hal qiluvchi palla yetib keldi, deydi Yevropa Ittifoqining sog‘liqni saqlash komissari Stella Kiriakidis.
«Koronavirusdan kasallanish va o‘lim holatlari bahordagi ko‘rsatkichlarga yaqinlashmoqda va biz yana umummilliy lokdaun yoqasiga keldik. Lekin YeI davlatlari hukumatlari buning oldini olishi mumkin», deb hisoblaydi u.
«Ehtimol bu kunlar biz bahordagi holat takrorlanishidan qochib qutulishimiz uchun so‘nggi imkondir. Ittifoqqa a'zo bo‘lgan barcha davlatlar o‘z vaqtida va tezkor cheklov choralari joriy etishga tayyor turishlari lozim», deya qo‘shimcha qilgan u.
Yevropada pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanmoqda. Ko‘plab davlatlar hukumatlari nisbatan yengil cheklov choralarini qaytarishga majbur bo‘lishmoqda, lekin ko‘pchilik martdagi kabi qat'iy lokdaun e'lon qilishga shoshilmayapti.
Britaniya: rekord raqamlar
Britaniyada kasallanish holatlari o‘sishi davom etmoqda. So‘nggi bir kunda 6874ta yangi holat aniqlangan - bu ikki kun oldingidan qariyb 700taga ko‘p.
Bu Britaniyada pandemiya davridagi eng yuqori kunlik o‘sishdir, ammo BBC nashrining sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha korrespondenti Nik Trigglning ishonch bildirishicha, Britaniyada pandemiyaning ilk davrida berilgan rasmiy raqamlar haqiqiy holatga mos bo‘lmagan.
«Bahorda, pademiya cho‘qqisida bizda test qilish imkoniyatlari cheklangandi, faqat shifoxonaga kelgan bemorlar testdan o‘tkazilgan», deya qayd etadi Triggl.
«Signallar mutlaqo aniq. Barcha yosh toifalarida musbat testlar ulushi ortmoqda, biz shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlariga yotqizilayotgan bemorlar soni keskin o‘sishini kuzatmoqdamiz. Bu har birimiz uchun ogohlantirishdir», deydi Angliya jamoat sog‘ligini saqlash xizmati direktori Ivon Doyl.
Kasallanish holatlari o‘sishi tufayli Britaniyadagi supermarket tarmoqlarida yana ayrim mahsulotlar sotuvida cheklovlar joriy etildi - karantin qaytib ajiotaj bo‘lib ketmasligi uchun zarur buyumlar, masalan, hojatxona qog‘ozi va zararsizlantiruvchi gel faqat ma'lum miqdorda sotib olinishi mumkin. Bahorda shu va boshqa mahsulotlar, xususan, tuxum, makaron mahsulotlariga talab keskin oshib ketgandi. Hozirda omborxonalarda bunday mahsulotlar zaxirasi yetarli miqdorda bo‘lsada, savdo nuqtalari ma'muriyatlari ehtiyotkorlik choralari ko‘rishmoqda.
Fransiya: favqulodda vaziyat
Fransiyada ham payshanba va juma kunlari Britaniyadagi kabi kunlik o‘sish bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkichlar qayd etildi - Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligi 16 mingdan ortiq yangi holatlar haqida e'lon qildi.
Bosh vazir Jan Kasteks shoshilinch choralar qo‘llanmasa, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat mart oyidagi holatiga qaytishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«Bu favqulodda vaziyat. Jamoatchilik diqqatini yo‘qotmasligi kerak. Agar biz harakatsizlik qilsak, bahordagiga o‘xshash holatga tushamiz», degan u France 2 telekanaliga bergan intervyusida.
Fransiyaning ikkinchi yirik shahri bo‘lmish Marselning ko‘plab aholisi koronavirusning yangi avj olishi munosabati bilan shanba kunidan boshlab bar va restoranlarni yopish to‘g‘risidagi hukumat qaroridan g‘azablanmoqda.
Ikki hafta davom etuvchi yangi choralar joriy qilinishi juma kuni yuzlab mahalliy aholini jalb qilgan norozilikni keltirib chiqardi.
Marsel shahri meri Mishel Rubirolaning aytishicha, yangi karantin to‘g‘risida qaror Parijda qabul qilingan va hukumat shahar ma'murlari bilan maslahatlashmagan. «Hech kim Marsel merligi bilan maslahatlashmagan. Epidemiologik vaziyat bu kabi choralarni umuman oqlamaydi. Men Marsel aholisi hech kim tushunmaydigan siyosiy qarorlar qurboniga aylanishiga yo‘l qo‘ymayman», dedi u tvitterda.
Parijda ham kuchaytirilgan karantin choralari joriy etildi, ammo cheklovlar Marseldagiga qaraganda biroz yengilroq. Mamlakat poytaxtida bar va restoranlar kechki soat 10dan kechiktirmasdan yopilishi kerak, mashg‘ulot zallari va sport markazlari ham ish faoliyatini to‘xtatadi.
O‘tgan hafta Fransiyada Covid-19'dan zararlanish bilan bog‘liq qariyb 67 ming holat qayd etilgan, bu undan avvalgi haftaga nisbatan 8 foizga ko‘p. Shu bilan birga, bir hafta ichida shifoxona va qariyalar uylarida koronavirusdan 332 kishi vafot etdi, bu ham avvalgi yetti kunlikka nisbatan 25 foizga ko‘p. Shu bilan birga, tibbiyot muassasalarida, jumladan, intensiv terapiyaga muhtoj bemorlar soni o‘sishda davom etmoqda. Hozirda Fransiyadagi shifoxonalarning alohida intensiv terapiya bo‘limlarida mingdan ortiq og‘ir ahvoldagi bemor bor. So‘nggi bir kunda 150 kishi kasallik qurboni bo‘ldi.
Qirolicha zararga kiryapti, ammo dosh berishni va'da qilmoqda
Monarxning shaxsiy hamyonini saqlovchi ser Maykl Stivensning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II'ning mablag‘lariga katta zarar yetkazishi mumkin. Ser Mayklning so‘zlariga ko‘ra, Bukingem saroyi va Vindzor qasri kabi diqqatga sazovor maskanlarga sayohatchilar oqimining kamayishi uch yil ichida 35 million funt kamomadga olib keladi.
Shu bilan birga, qirollik oilasi ushbu qiyinchiliklarga sabr-toqat bilan dosh berishni va davlat xazinasidan qo‘shimcha mablag‘ so‘ramaslikni niyat qilmoqda. «Biz koronavirus bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklarni tejamkorlik va o‘z tirishqoqligimiz bilan bartaraf etamiz», dedi u.
Aprel oyida barcha qirol xizmatchilarining ish haqi muzlatib qo‘yilgan, bo‘sh ish o‘rinlari to‘ldirilmagan, ammo ular o‘z mablag‘lari hisobidan majburiy ta'tilsiz ishlashga muvaffaq bo‘lishgan.
Boshqa davlatlarda ahvol qanday?
Pokistonda koronavirus tufayli joriy etilgan cheklovlar bekor qilinishi barobarida maktablarning katta sinflari o‘quvchilari uchun darslar boshlandi. Bog‘chalar va boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari uchun darslar sentabr oyi oxirida tiklanishi kutilmoqda.
Pokistonda iyul oyi oxiridan buyon epidemiologik vaziyat barqaror saqlanib qolmoqda - hozirgacha 309 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, 6,4 ming kishi vafot etgan. So‘nggi kunlar davomida kunlik kasallanish holatlari soni 500-600 atrofida bo‘lmoqda.
Slovakiyada kasallanish bo‘yicha kunlik yangi rekord qayd etildi - 419ta holat. Pandemiya boshlanganidan buyon ushbu mamlakatda Yevropadagi koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng past ko‘rsatkich kuzatilmoqda, ammo ikkinchi to‘lqin bu statistikani o‘zgartirishi mumkin.
Polshada ketma-ket ikkinchi kun koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha rekord yangilanmoqda, 1587ta yangi holat qayd etildi, bu mart oyidan beri eng yuqori kunlik ko‘rsatkich. Umuman olganda, mamlakatda allaqachon 84 mingdan ortiq yuqtirish holatlari va 2392ta o‘lim holati ro‘yxatga olingan. Shu munosabat bilan Polsha rasmiylari yangi cheklov choralarini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda.
«Bu bizning normal hayotga qaytishimiz natijasidir. Bemorlar soni o‘sishda davom etishini istisno qilmaymiz», deya shikoyat qiladi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri.
Shu bilan birga, Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy iyul oyidayoq infeksiyadan zararlanish xavfini bo‘rttirmaslikni maslahat berib, aholini, uning so‘zlariga ko‘ra, «xuddi boshqa kasalliklar kabi» bo‘lgan koronavirus tufayli prezidentlik saylovlarida ovoz berishdan tiyilmaslikka chaqirgan.
Hindistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni mamlakatda o‘tgan kun davomida 86 mingdan ortiq yangi holatlar qayd etilgandan so‘ng 5,82 million kishiga yetdi. Shu vaqt ichida u yerda Covid-19'dan 1141 kishi vafot etgan. Ammo mamlakatda o‘lim darajasi nisbatan past darajada saqlanib qolmoqda - barcha yuqtirganlar sonining 1,6 foizidan oshmaydi.
Umuman olganda, infeksiya tarqalishi bo‘yicha Hindiston 7 milllion bemorni ro‘yxatga olgan AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda.
Mavzuga oid
18:32 / 08.06.2026
Sun’iy intellekt yaratgan vaksina odamlarda muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi
14:28 / 17.12.2020
Tokioda pandemiya boshlanganidan beri birinchi marta eng yuqori xatar darajasi e'lon qilindi
23:56 / 16.12.2020
Mayk Pompeo karantinga ketdi
19:11 / 16.12.2020