O‘zbekiston | 11:03 / 30.09.2020
7271
3 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon: «Asosiysi – munosabatlarning ijobiy dinamikasini saqlab qolish»

O‘zbekiston bosh vaziri Tojikiston prezidenti bilan uchrashdi.

29 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasidagi uchrashuvda o‘zbek-tojik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Imomali Rahmon Dushanbeda bo‘lib o‘tgan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya ishi natijalari ikki tomonning o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirgan.

Shuningdek, u so‘nggi kunlarda o‘tkazilgan uchrashuvlar o‘zaro hamkorlik o‘sib borayotganidan darak berishini qayd etib o‘tgan.

Xususan, O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Dushanbeda tojikistonlik parlamentariylar bilan uchrashgan, o‘zaro hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgan, Dushanbeda ikki mamlakat ijodkor ziyolilari uchrashuvi uyushtirilgan, O‘zbekiston delegatsiyasi Sarazm shahrining 5500 yilligi tadbirlarida ishtirok etgan. Bundan tashqari, So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida O‘zbekiston tomonidan 630 o‘quvchiga mo‘ljallangan umumiy o‘rta ta'lim maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi, shuningdek, Dushanbe shahrida 60 million dollar evaziga zamonaviy elektr texnika ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Artel Avesto Electronics» o‘zbek-tojik qo‘shma korxonasi barpo etildi.

Tomonlar koronavirus tarqalish xavfini hisobga olgan holda jahon iqtisodiyotidagi inqirozning ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishining oldini olish uchun zarar choralar ko‘rish tarafdori ekanliklarini qayd etishdi.

Shu nuqtayi nazardan, savdo tuzilmasini yanada diversifikatsiya qilish hamda savdo-sotiq sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etish, savdo uylari, vakolatxonalar va kompaniyalarning filiallarini ochish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikning salohiyatidan to‘la foydalanish muhimligi haqida gap borgan.

Gidroenergetika va yangi yo‘l infratuzilmalarini qurish sohalari hamkorlikning boshqa istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olingan.

Mavzuga oid