So‘nggi tayyorgarlik. Tramp va Bayden debatlarni boshlamoqda
AQShda 29 sentabr kuni kechqurun prezidentlik kampaniyasining yangi bosqichi boshlanadi. Donald Tramp va Jo Bayden o‘rtasida ilk teledebatlar o‘tkaziladi.
Jonli efirda nomzodlar improvizatsiya qilishi talab etiladi, bu esa katta tavakkalchilikni zimmaga olish degani. Ehtimol, buni saylovoldi kampaniyasidagi eng katta tavakkalchilik deb atash mumkin. Bunday paytda barchasi ham ko‘ngildagidek kechmasligi mumkin, shuning uchun har narsa kutish mumkin!
Quyida bu kecha bo‘yicha asosiy savollarga javoblar keltiriladi.
Debatlar qachon va qayerda o‘tkaziladi?
Uch bosqich rejalashtirilgan: 29 sentabr Klivlendda (Ohayo shtati), 15 oktabr kuni Mayamida (Florida) va 22 oktabr kuni Neshvillda (Tennessi).
Vitse-prezidentlikka nomzodlar Mayk Pens va Kamala Harris bir marta uchrashishadi: 7 oktabr kuni Solt-Leyk-Sitida (Yuta).
Barcha debatlar Vashington vaqti bilan soat 21:00da (Toshkent vaqti bilan 30 sentabr kuni soat 5:30) boshlanadi va tanaffussiz bir yarim soat vaqt davom etadi.
Birinchi debatlar qanday formatda o‘tkaziladi?
Oltita savol, har birining muhokamasi uchun 15 daqiqadan ajratiladi:
- Trampning va Baydenning o‘tmishi
- Oliy sud
- Koronavirus pandemiyasi
- Irqchilikka qarshi namoyishlar va zo‘ravonliklar
- Oldindagi saylovlar halolligi
- Iqtisodiyot
Nomzodlar monologi uchun ikki daqiqadan vaqtga ega bo‘ladi, shundan keyin o‘zaro bahslashishadi.
Asosan nimaga e'tibor qaratish kerak?
BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha korrespondenti Entoni Zurker:
Donald Tramp - mashhur shaxs. U avvaldan axboriy maydonda ustunlik qiladi, hamisha bunga jiddiy e'tibor qaratadi, shunday ekan, amerikaliklar uning kuchli va kuchsiz tomonlaridan xabardor. Debatlardagi asosiy intriga - Jo Bayden o‘zini qanday tutishidir.
Baydenning vazifasi - ishonchlilik va izchillikni namoyish eta olishdir. Noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonish uchun u amerikaliklarning katta qismi uni Oval xonasida tasavvur eta olishiga erishishi kerak.
U o‘zining yoshi va aqli bo‘yicha shubhalarni tarqatib yuborishi, imkon qadar o‘tmishda o‘zi bilan nima bo‘lgani to‘g‘risida chaynalmasligi kerak.
Trampning vazifasi - raqibni chekinishga majburlash. Uning avvalgi raqiblari, xususan Hillari Klinton u sahnada raqibini izdan chiqaruvchi va nima qilishini oldindan bilib bo‘lmaydigan raqibga aylanishiga guvohlik berishi mumkin.
Agar u Baydenni muvozanatdan chiqara olsa, bu demokratlarning tarafdorlari ko‘ngliga g‘ulg‘ula solishi mumkin.
Shuningdek, Tramp Baydenning koronavirus, iqtisodiyot va prezidentlik va'dalari bo‘yicha oldindan ma'lum bo‘lgan savollariga javob qaytarishga tayyorlanishi kerak bo‘ladi.
Boshlovchi davrani yanada qizdira oladimi?
Birinchi debatlarda Fox News telekanalining yakshanba kungi yangiliklari boshlovchisi Kris Uolles moderatorlik qiladi.
Ko‘pchilik Trampga moyillik bildiradigan bu kanal vakili unga debatlarda qulaylik yaratib beradi, deb o‘ylashi mumkin, ammo aslida unday emas. Yaqin o‘tmishda prezident o‘zini juda yaxshi biladigan Uolles qarshisida bir necha marta noqulay holatga tushib qolgan.
74 yoshda bo‘lgan Tramp iyul oyida aqliy sog‘lom ekanini isbotlash uchun test topshirgandi. Shundan keyin undan intervyu olgan 72 yoshli Kris Uolles o‘zi ham shunday testdan o‘tgani va prezident ham test topshirganini ko‘rganini aytgandi. «Bu juda oson. U yerda fil surati turadi va unda bu nimaligi so‘raladi. To‘g‘ri javob - fil», degandi jurnalist.
Tramp dastlabki testlar juda oson bo‘lishi, keyinroq murakkab savollar berilishini aytgandi. «Sen so‘nggi besh savolga javob bera olmagan bo‘larding, juda qiyin savollar», degandi u.
Shundan keyin Tramp Uollesni «otasining oqargan nusxasi» deb atagandi. Kris Uollesning otasi Mayk Uolles CBS kanalida «60 daqiqa» dasturi muxbiri bo‘lgan.
Kris Uolles Demokratik partiya a'zosi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. U teledebatlarda boshlovchilik qilish - juda mas'uliyatli ish ekanini, ular millionlab odamlarga tanlovni amalga oshirishda yordam berishlari kerakligi haqida gapirgan.
Ikkinchi debatlarni C-Span teletarmog‘ining siyosiy muharriri Stiv Skalli olib boradi. Bu debatlar meriya zalida bo‘lib o‘tadi, unda tomoshabinlar ham ishtirok etib, nomzodlar bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishadi.
Prezidentlikka nomzodlarning yakuniy debatlarida NBC telekanalining Oq uy qoshidagi muxbiri Kristen Uelker moderatorlik qiladi, Mayk Pens va Kamala Harrisning o‘zaro uchrashuvida esa USA Today gazetasi muharriri Syuzen Peyj boshlovchilik qiladi.
Eng yomon holatda nima bo‘lishi mumkin?
BBC bu masalada saylovchilar bilan gaplashgan. Trampning tarafdori, nyu-yorklik 30 yoshli videobloger Mayk Harlou Baydenning imkoniyatlari juda pastligi, agar u tushunarli tarzda gapira olsa va sahnada o‘zini tutib tura olsa ham, u uchun buni yuqori natija deb hisoblash mumkin bo‘lishi haqida fikr bildirdi.
Baydenning tarafdori bo‘lgan sietllik 24 yoshli talaba Rim Sabha ham demokratlar nomzodining tashqi ko‘rinishi qanday taassurot qoldirishidan xavotirlarini bildirgan, u Baydenning chiqishi yangi saylovchilarni jalb qila olmasligidan tashvishda.
«Ular Bayden yetarlicha jo‘shqin emasligi, u haddan tashqari qarib qolgani yoki unga prezidentlik uchun qat'iy xarakter va avtoritet yetishmasligi haqida gapirishmoqda», degan u.
Teledebatlar saylovlar natijalariga qanchalik ta'sir ko‘rsatadi
Saylovdan saylovga tomoshabinlar soni kamayib keladi, ammo hamon millionlab amerikaliklar debatlarni kuzatishda davom etmoqda - ma'lumot manbayi sifatida ham, ko‘ngilochar dastur sifatida ham. Debatlar hali tanlov qabul qila olmay turgan saylovchilar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tarixdagi ilk teledebatlar 1960 yilda demokrat Jon Kennedi va respublikachi Richard Nikson o‘rtasida o‘tkazilgan.
Kennedining jamoasi u yirik planda ko‘rsatilganida tetik ko‘rinishi uchun juda ko‘p ish qilishgan. Nikson esa bu paytda kasallikdan endigina tuzalgandi, doimiy ravishda peshonasidagi terini artib turgan, unga kostyumi ham yarashmagandi.
Natijada 70 millionlik teletomoshabinlarning aksariyati debatlarda yosh Kennedi g‘olib chiqqan, deb hisoblagan, debatlarni radio orqali tinglaganlar esa, tajribali Nikson g‘alaba qilganiga shubha qilishmagandi. Yakunda esa Kennedining reytingi ko‘tarilib ketgan.
1980 yilda qisqa-qisqa gapirgan Ronald Reygan tomoshabinlarga juda batafsil so‘zlagan Jimmi Karterdan ko‘ra ko‘proq ma'qul kelgan. Reygan raqibi navbatdagi uzun nutqini boshlaganida shunchaki beparvolik bilan luqma tashlab qo‘yardi: «Yana o‘zingizning bilganingizdan qolmaysiz!».
2000 yilda demokrat El Gor katta ehtimol bilan debatlardagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki tufayli prezidentlik poygasini kichik Jorj Bushga boy bergandi. El Gor debatlar vaqtida o‘zini dimog‘dor va beandisha tutgan — amerikaliklar auditoriyasi demokrat nomzodning raqibiga qarashlarini shunday qabul qilgan. Qaysidir pallada Gor o‘rnidan turgan va Bushga yaqinlashgan — xuddi uni turtmoqchi bo‘lgan qiyofada turgan. Respublikachilar nomzodi esa unga bir qarab olgan va gapirishda davom etgan. Natijada ko‘pchilik yaxshi notiq emas deb hisoblagan Bush Gorning agressiv harakatini o‘z foydasiga ishlata olgandi.
Mavzuga oid
21:08 / 14.11.2024
Prezidentlar uchrashuvi: Bayden va Tramp Oq uyda ikki soat gaplashdi
09:40 / 14.11.2024
Bayden Trampga: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash AQSh manfaatlariga javob beradi
21:45 / 13.11.2024
«Siyosat - ayovsiz» - Tramp Oq uyda Bayden bilan uchrashdi
08:19 / 11.11.2024