Jahon | 20:28 / 18.09.2025
7248
6 daqiqa o‘qiladi

Hamon kredit to‘layotgan Bayden. Sobiq prezident qancha pul topyapti?

AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden prezidentlikdan ketganidan keyin ko‘rinmay qoldi. U hozirgacha bir marta kichik intervyu berdi, bir-ikki marta omma oldida ko‘rindi xolos. 82 yoshli Bayden asosan davolanish bilan band. The Wall Street Journal Jo Bayden prezidentlikdan ketganidan keyin daromadlari kamayib ketgani, hamon uyi uchun kredit to‘lab yurgani haqida maqola e’lon qildi. Xo‘sh, o‘zi sobiq prezidentlar qayerdan pul topadi? Davlat ularning xarajatlarini qoplab bermaydimi? Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamon kredit to‘lamoqda

Surishtiruvda aytilishicha, Jo Bayden va xotini boshqa sobiq prezidentlarga qaraganda ancha kamtarona hayot kechirmoqda. Chunki u Bill Klinton, Jorj Bush va Barak Obama kabi o‘z mashhurligidan foydalanmayapti.

Bayden 2018 yil Delaverdagi Rexebot-Bich shahrida bahosi 2,7 million dollar bo‘lgan uyni ipoteka krediti evaziga sotib oladi. Ma’lum bo‘lishicha, Bayden uyning kreditini hamon yopmagan va oyma-oy qarzini uzishga majbur. Prezident oilasi 2022 yil bu uyni garovga qo‘yib kredit ham olgan.

Shu o‘rinda ba’zilarda savol paydo bo‘lishi mumkin: axir saylov kompaniyasi uchun prezidentlikka nomzodlarga millionlab dollar pul yig‘iladi, nega Bayden o‘sha pullardan uyining kreditini yopib yubormagan? Azizlar, Amerikada bu uchun qamalib ketish hech gap emas, prezidentlik kampaniyasi uchun xayriya qilingan puldan nomzod uy uchun to‘lov qilish u yoqda tursin, makdonalds va qovurilgan kartoshka ham buyurtma qilolmaydi.

Unda AQSh prezidenti bo‘lib turgan paytida Baydenga kredit nimaga kerak bo‘lib qoldi, deyishingiz mumkin. Chunki davlat Amerika prezidenti oilasining shaxsiy xarajatlari, masalan, Baydenning mojaroli o‘g‘li Xanterga advokatga to‘lashi uchun pul bermaydi.

Aytgancha, bu nomaqbul o‘g‘il hamon Baydenlar oilasi budjeti uchun eng katta zararkunanda bo‘lib turibdi. Nuqul sudlashib yuradigan Xanter doim advokatga berish uchun otasidan pul so‘rab yuradi. Yaqinda aynan puli yo‘qligi uchun bir ishdan voz kechishga majbur bo‘ldi. Xanter Baydenning sobiq xotini uning ustidan sudga ariza berib, 3 million dollar aliment puli talab qilgan. O‘g‘li sudda yutqazsa, katta ehtimol bu pulni to‘lash ham bechora Joning gardanida qolib ketsa kerak.

Bundan tashqari, Jo Bayden bir yildan buyon saraton bilan kurashib keladi, yaqinda operatsiya ham qilindi. Tabiiyki davolanish tekin emas, prezidentlik davri tugagan, davlat faqat qo‘riqlash va ba’zi xarajatlar uchun pul to‘laydi xolos.

Mag‘lubiyat tamg‘asi

Jo Bayden hozirda yillik 416 ming dollar miqdorida nafaqa olmoqda. Shundan 250 ming dollari sobiq prezident sifatida, qolgani senatdagi faoliyati uchun. Odatda sobiq prezidentlar xotira memuarlari yozib katta pul ishlashadi. Biroq Baydenning bu borada ham ishlari uncha yaxshi emas. U memuar avansi uchun 10 million dollar olgan. Taqqoslash uchun Barak Obama bundan o‘n yil avval xuddi shunday shartnoma uchun 60 million dollar olgandi.

Sobiq birinchi xonim Jil Bayden o‘qituvchilikdan ketgan. Bu ishda u yiliga 100 ming dollar maosh olgan. Hozir esa Milken institutida ayollar salomatligi bo‘yicha bir lavozimda ishlayapti, bu ishda qancha pul topishi aniq emas.

Sobiq prezidentlar odatda turli mavzularda leksiya o‘qib ham yaxshi pul ishlaydi. Masalan, Barak Obama buni maromiga yetkazgan. Sobiq prezidentlar bitta pulli leksiya uchun 500 ming dollargacha oladi. Biroq Baydenni ko‘p ham ma’ruza o‘qishga chaqirishmaydi. U hozirgacha boshqaruv mavzusida leksiya o‘qib 275 ming dollar pul ishlagani ma’lum.

Bayden prezidentlik markazi qurish ishlari ham sekin ketmoqda. Chunki Amerika liberallari Baydenni demokratlarning saylovdagi mag‘lubiyati uchun asosiy aybdor deb hisoblayapti. Shu sabab demokratik partiya homiylari Bayden uchun pul to‘lamoqchi emas.

Albatta, maqolada 10 million dollar, 275 ming dollar, 416 ming dollar kabi katta summalar tilga olingan, lekin sobiq prezident oilasi degani ikki chol-u kampirning bir kvartirada ovqat pishirib o‘tirishi emas. Bu katta oila va xarajatlari ham katta. Prezidentlik davrida uning oilasiga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Hamma prezidentlar ham Tramp kabi biznes imperiyaga ega milliarder emas. Shu uchun ularga prezidentlikdan keyin hayotini iziga tushirib olish uchun vaqt kerak. Biz prezident Baydenga oilaviy totuvlik va kreditini eson-omon to‘lab olishini tilaymiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov. 

Mavzuga oid