Trampning prezidentlik debatidagi g‘alabasi haqida uning tarafdorlariga teletranslatsiya boshlanishidan bir necha soat oldin xabarlar yuborilgan.

Debat Vashington vaqti bilan 29 sentabr kuni soat 21:00da boshlandi, ammo soat 18:30dayoq amaldagi prezidentning saylovoldi shtabi elektron pochta orqali Tramp o‘z raqibini tor-mor etgani haqida xabar jo‘nata boshladi.

«Men Jo Bayden bilan debatni tugatdim, amerikaliklarga men hamisha Amerika birinchi bo‘lishi uchun kurashishimni ko‘rsatib qo‘ydim, nima bo‘lmasin hech qachon Amerikani yanada buyuk qilish uchun ishlashdan to‘xtamayman», deyiladi AQSh prezidenti xabarida.

Bu xabar ortidan Trampning tarafdorlari yana bir necha xabar qabul qilishgan, ularda Oq uy rahbari o‘zining saylovoldi kampaniyasi uchun xayriya qilishni so‘ragan.

So‘kinish va haqoratlar
AQShda prezidentlikka nomzodlarning debatlari saylovchilarning fikrini o‘zgartirish uchun so‘nggi imkoniyat deb hisoblashadi.

Hozircha barcha so‘rovnomalar prezidentlik poygasida Bayden raqibini qariyb 10 punktga ortda qoldirayotganini ko‘rsatmoqda.

Debatlarning asosiy mavzulari iqtisodiyot, koronavirus va AQShdagi irqchilikka qarshi namoyishlar bo‘ldi.

  • Koronavirus. Bayden AQSh koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha dunyo reytingini boshqarayotgani uchun barcha aybni Tramp zimmasiga yuklab, prezidentda pandemiya davrida aniq harakatlar rejasiga ega bo‘lmagani haqida gapirdi. Tramp esa bunga javoban agar prezident Bayden bo‘lganida, kasallikdan AQShning ikki yuz ming emas, ikki million aholisi halok bo‘lgan bo‘lishini aytdi va u infeksiyaga qarshi turish uchun o‘z vaqtida chegaralarni yopganini eslatdi. 
  • Iqtisodiyot. Tramp koronavirusga qadar AQSh tarixidagi eng muvaffaqiyatli iqtisodiyotni barpo etgani va bu iqtisodiyot pandemiyadan keyin ham tez sur'atlarda tiklanayotganini aytib maqtandi. O‘z navbatida, Bayden «inqiroz faqat u [Tramp] kabi millionerlar va milliarderlar foydasiga ishlagani», bu vaqtda o‘rta sinf vakillarining ishlari ortga ketgani haqida aytib o‘tdi. 
  • Irqchilik namoyishlari. Bayden Trampni tinch namoyishlarni harbiylar yordamida tarqatishda aybladi, shuningdek, prezident ultrao‘ngchilar va ularning raqiblari haqida gapirganida «ikki tomonda ham yaxshi odamlar borligi» haqida gapirganini eslatdi. Tramp esa Baydenning taklifiga binoan supermatistlarni (oq tanli irqchilar) qoralashdan bosh tortdi va aksiyalar vaqtidagi zo‘ravonliklar uchun javobgarlikni so‘l radikallar zimmasiga yukladi.