Jamiyat | 15:13 / 02.10.2020
24697
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda IIB xodimi kaltaklandi, ikki kishi qidiruvga berildi

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Andijon shahrida “Damas” hamda “Spark” rusumli avtomashinalar ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida IIB xodimi kaltaklanib, tan jarohati yetkazildi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda videolavha tarqaldi.

Bosh prokuratura rasmiy bayonotiga ko‘ra, videolavhada aks etgan holatlar yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan fuqarolar X.B. va X.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 105-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, joriy yilning 24 sentabr kuni Andijon shahar IIO FMB 1-sonli IIB tergov bo‘linmasi tergovchisi S.G‘. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashinaning boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi “Spark” rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan. 

Shundan so‘ng, “Spark” rusumli avtomashina haydovchisi X.B. hamda uning yonida bo‘lgan X.E. S.G‘. bilan janjallashib, unga tan jarohati yetkazishgan.

Mazkur holat yuzasidan voqea ishtirokchilariga yetkazilgan tan-jarohatlari, xususiyatlari va og‘irlik darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha X.B. va X.E. sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e'lon qilingan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Mavzuga oid