Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ichimlik suvi ta'minoti sohasida investitsiya loyihalarini saralash bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi
Ichimlik suvi va oqava suv tizimi modernizatsiya qilinadi, ushbu sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligi oshiriladi.
Norma’ning yozishicha, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab ichimlik suvi ta'minoti va oqava suv sohasida investitsiya loyihalarini saralash, amalga oshirish hamda ularning natijadorligini monitoring qilish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi:
- loyiha takliflari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda poytaxt Kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning roziligi bilan amalga oshirilishi shart. Har bir loyihaning bajarilishi holati muntazam ravishda deputatlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring qilib boriladi;
- shakllantirilgan loyiha takliflari bo‘yicha loyihaoldi tadqiqotlari «O‘zsuvta'minot» AJ tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, loyiha tashkilotlari hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘tkaziladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari «O‘zsuvta'minot» AJ bilan birgalikda loyihalarning sifatli amalga oshirilishi va hukumat kafolati ostida olingan xorijiy kreditlarning qaytarilishi uchun javobgar hisoblanadi;
- ichimlik suvi ta'minoti loyihalarida loyiha tashabbuskorining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, hisoblagichlarning majburiy ravishda o‘rnatilishi bilan bir qatorda ichimlik suvi uy xo‘jaligigacha o‘tkazilishi ham nazarda tutilgan – mazkur xarajatlar amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
Investitsiya loyihalari doirasida moliyalashtirish mexanizmi belgilandi:

1 oktyabrdan boshlab hududlarda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, suv ta'minoti va oqava suv xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar) ular bo‘yicha dastlab monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solish organlari xulosalari olinib, keyinchalik tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan ma'qullanganidan so‘ng tasdiqlanadi. Tarif iste'molchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar tannarxini to‘liq qoplashi hamda suv ta'minoti va oqava suv tashkilotlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinishi lozim.
2021–2022 yillarda tuman va shaharlarning ichimlik suvi ta'minoti tizimlarini tadbirkorlik sub'yektlariga davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartlari asosida 30 ta loyihani topshirish rejalashtirilgan. Keyingi yilda ushbu loyihalarning konsepsiyalari tasdiqlanadi, tanlovlar (tender) o‘tkaziladi, g‘oliblar bilan bitimlar tuziladi, konsepsiya va bitimlar DXSh loyihalarining reyestriga kiritiladi. Tanlovlarni (tenderni) o‘tkazishda fuqarolar yig‘ini raisi va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.
2021 yil 1 yanvardan:
a) Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik sub'yektlariga nasos va suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni xarid qilish uchun:
- milliy valutada ajratilgan kreditlarning 10 mlrd so‘mdan oshmagan qismi bo‘yicha kredit foizi stavkasining MB asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;
- xorijiy valutadagi kreditlarning 10 mlrd so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizlik punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi 3 yil mobaynida kompensatsiya qilinadi;
b) «O‘zsuvta'minot» AJ tuman (shahar) suv ta'minoti tashkilotlarining moliyaviy mustaqilligini ta'minlash, avariyalarni bartaraf etish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va joriy ta'mirlashni moliyalashtirish uchun ichimlik suvi ta'minoti va oqava suv xizmatlarini ko‘rsatishdan tushgan mablag‘larning kamida 10 foizi ularning maxsus hisobraqamlariga o‘tkaziladi.
1 oktyabrdan boshlab aholi soni jami 15 mingdan kam bo‘lmagan, markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish amaliyoti joriy etiladi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi har yili OAVda, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalarida tanlov e'lon qiladi. Davlat ijtimoiy buyurtmalarining maqsadlari, shartlari va vazifalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat buyurtmalari doirasida 2021 yilda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2022 yildan boshlab esa respublikaning boshqa hududlarida loyihalar amalga oshiriladi. Loyihalarda oqava suv xizmatlar bilan ta'minlash ham nazarda tutiladi. Bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga 2021 yil uchun 14 mlrd so‘m alohida ajratiladi. Keyingi yillarda moliyalashtirish uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar va loyihalar soni oshirib boriladi.
Bundan tashqari, quyidagi yangiliklar bosqichma-bosqich joriy etiladi:

Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, «O‘zsuvta'minot» AJ, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi. Shuningdek ularning tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Hujjat 26.09.2020 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
17:59 / 20.06.2026
O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi kompaniyalar aksiyalarini sotib olishi osonlashadi
21:24 / 17.06.2026
O‘zbekiston investitsiyaviy salohiyatini izchil oshirib bormoqda - Saida Mirziyoyeva
20:58 / 16.06.2026
Saida Mirziyoyeva AQSh kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
18:04 / 16.06.2026